“O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishda buddaviylik obidalarining o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya
2022-yil 11-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishda buddaviylik obidalarining o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur konferensiya “Respublikamiz hududlaridagi buddizm obidalari turmarshrutlarining 3D modellarini yaratish” innovasion loyihasi doirasida o‘tkazildi. Ushbu konferensiyada O‘zbekistonda turizmning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishning ilmiy-nazariy jihatlari, Buddizm tarixi va bu yo‘nalishdagi yangi tadqiqotlar, buddizm yodgorliklarining ziyorat turizmini tashkil etishda jahon tajribasi va undan O‘zbekistonda foydalanish kabi mavzular konferentsiyaning muhokama markazida bo‘ldi.
Xalqaro konferensiyada Xitoy, Yaponiya, Tailand kabi dunyoning yetakchi davlatlaridan professor-olimlar ma’ruza qildilar va ilmiy munozara va muhokamada ishtirok etdilar. Konferensiya davomida qilingan ilmiy ma’ruza va maqolalar ilmiy to‘plam tarzida nashr etildi.
Innovatsion loyiha orqali amalga oshirilayotgan ishlar, tayyorlanayotgan sayyohlik mahsulotlari mamlakatimizning turistik jozibadorligini oshirib, nafaqat mahalliy balki, xorijlik sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishga xizmat qiladi.