Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Malayziya universiteti bilan xalqaro hamkorlik

2022-yil 2-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Malayziyaning Sulton Idris Pedagogika universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumini onlayn imzolash marosimi o‘tkazildi.

Xalqaro hujjatni imzolash tadbiri Malayziya an’analariga ko‘ra har bir xayrli ishni boshlashdan avval qilinadigan urf-odatlarni amalga oshirish bilan boshlandi. Ushbu marosimda Malayziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hendi Assan ham ishtirok etdi.

O‘zaro anglashuv memorandumi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva va Sulton Idris Pedagogika universiteti rektori Dato Amin bin Mad Taf tomonidan imzolandi.

TDSHU rektori G.Rixsiyeva marosim ishtirokchilarini olqishlar ekan bugungi kun O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etib, ushbu hujjatning imzolanishi orqali Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Sulton Idris Pedagogika universiteti o‘rtasida hamkorlikning o‘rnatilishi Malayziya ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish hamda respublikamizda malayshunoslik sohasining rivojlanishida muhim ahamiyatga molikligini ta’kidladi. Shu bilan birga davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari nafaqat ta’lim sohasida, balki ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarning turli jabhalarida ham keng miqyosda yo‘lga qo‘yilganligini alohida zikr etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yanada rivojlanishi bundan keyin ham xalqlarimiz manfaati yo‘lida xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘z navbatida, Sulton Idris Pedagogika universiteti rektori Dato Amin bin Mad Taf universitet jamoasi nomidan o‘zining chuqur minnatdorchiligini bildirib, anglashuv memorandumi ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan almashish, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda doktorantura ixtisosliklari asosida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish va birgalikda ilmiy konferensiyalar, ilmiy-nazariy seminarlar o‘tkazishda hamkorlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga olishidan mamnun ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, TDSHU rektori rahbarligidagi delegatsiyani 2022-yil noyabr oyida Sulton Idris Pedagogika universiteti tashkil etilganliginining 100 yilligini nishonlash uchun Kuala-Lumpur shahrida o‘tkaziladigan yubiley tadbirlarida ishtirok etishga taklif qildi.

Imzolash marosimi yakunida Malayziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hendi Assan so‘zga chiqib, 2017-yilda boshlangan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga malay tili o‘qituvchilarini jalb etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ushbu anglashuv memorandum istiqbolda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Malayziya fan-ta’lim markazini” hamda Sulton Idris Pedagogika universitetida “O‘zbek tili va madaniyati markazi” ochish uchun qulay imkoniyat yaratishini alohida qayd etdi.

photo_2023-08-17_11-00-31

17.08.2023, 11:01 892