Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“Muhokamat-ul-lug‘atayn”ning yangi va mukammal nashri

06.02.2018, 20:59 Yangiliklar 31681

9-fevral – Alisher Navoiy tavalludi kuni

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bundan besh asr oldin tillarning o‘zaro chog‘ishtirma tadqiqiga asoslangan “Muhokamat-ul-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) monografiyasi bilan dunyo tilshunosligida mutlaqo yangi ilmiy yo‘nalish – komprativistikaga asos solgan edi. Alloma ushbu asari orqali chog‘ishtirma tilshunoslikning tadqiq yo‘llari, tahlil usullari, metodologik bazasini ishlab chiqdi. Hozirga qadar ham zamonaviy tilshunoslikda ushbu ilmiy manbaning o‘rni, tahlil va tadqiq usullari katta ahamiyat kasb etadi.

Lingvistika tarixida Alisher Navoiy boshlab bergan yangi ilmiy yo‘nalishga asoslangan komprativistik tadqiqotlar Yevropada XIX asrning birinchi yarmiga kelibgina yaratila boshladi va bu tilshunoslik tarixida qiyosiy-tarixiy tilshunoslik nomi bilan o‘rin egalladi. Hozirgi kunda bu yo‘nalish zamonaviy tilshunoslikning yirik sohalaridan biriga aylangan.

Hazrat Navoiy ilmiy tafakkurining gultojisi hisoblangan ushbu tadqiqot o‘zbek fani tarixida ham tengsiz maqomga ega. Ushbu asar bizgacha yetib kelgan ilmiy ishlar orasida o‘zbek tilida yaratilgan birinchi sof lingvistik ilmiy-tadqiqot hisoblanadi. Kezi kelganda aytish kerakki, Nizomiddin Mir Alisher Navoiyga qadar turkiy tillar tadqiqiga bag‘ishlangan o‘nlab ilmiy asarlar yaratilgan. Biroq ular arab tilida yozilgan va ularning aksariyati o‘quv qo‘llanma xususiyatiga ega bo‘lgan.

Navoiy “Muhokamatu-l-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asari bilan o‘zbek lafzida tilshunoslik bo‘yicha ilmiy ish yaratish uslubini, yozma ilmiy bayon texnikasini yaratib berish bilan birga, uning ilmiy atamashunosligini ham ishlab chiqdi. Shu jihatlari bilan bu asar o‘zbek va jahon fani uchun g‘oyat qadrli fundamental tadqiqotdir.

Yaqinda ana shu asarning yangi nashri turkiy tillar tarixining bilimdonlaridan biri Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida chop etildi (Alisher Navoiy. Muhokamatu-l-lug‘atayn.. – Toshkent: “Akademnashr”, 2017). Mazkur kitobda asarga bag‘ishlangan tadqiqot, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”ning ilmiy transkripsiyasi, hozirgi o‘zbek tiliga soddalashtirilgan o‘girmasi, asarda ishlatilgan ilmiy atamalar so‘zligi berilgan. Ilova sifatida Parij va To‘pqopi nusxalarining faksimili ham keltirilgan.

“Muhokamatu-l-lug‘atayn”ning to‘rtta qo‘lyozmasi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, uning birinchi nusxasi Istanbuldagi To‘pqopi saroyi muzeyi Revan kutubxonasida saqlanayotgan Navoiy kulliyotidan o‘rin olgan. Taxminlarga qaraganda, u mavjud nusxalarning eng eskisidir.

Asarning yana bir nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Fotih bo‘limida saqlanmoqda va u Navoiy kulliyotiga kirgan. 1526-1527 yillarda ko‘chirilgan Parij nusxasi Parijdagi Milliy kutubxonada va asarning to‘rtinchi qo‘lyozmasi Budapeshtda saqlanmoqda.

Alisher Navoiyning “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarining yangi nashri ana shu nusxalarni o‘zaro qiyoslash natijasida yaratildi.

“Muhokamatu-l-lug‘atayn”ning qo‘lyozmalari orasida To‘pqopi va Parij nusxalari matniy jihatdan bir-biriga juda yaqin: To‘pqopida qaysi joylari tushib qolgan bo‘lsa, Parij qo‘lyozmasida ham aytarli shunday holat kuzatiladi.

Asarning Fotih kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmasi boshqa nusxalardan birmuncha farq qiladi. Muhimi shundaki, To‘pqopi va Parij qo‘lyozmalarida uchramaydigan so‘z va jumlalar ushbu nusxada to‘ldirilgan. Tekstologik jihatdan bu nusxaning o‘ziga yarasha afzalligi ham bor.

Navoiy o‘z asarida komprativistikaning tayanch usullarini ixtiro etgan. Chunonchi, u tillarning qanday birliklari va qatlamlari solishtirilsa, asosli ilmiy natijalarga erishish mumkinligini ham ko‘rsatgan. Ana shu maqsadda Navoiy o‘zbek tilining so‘z boyligini ko‘rsatish orqali forsiyda muqobili bo‘lmagan yuzta fe’lni keltiradi. Asarning Toshkent nashrida ushbu fe’llar to‘qson to‘qqizta. To‘pqopi va Parij nusxalarida fe’llarning soni to‘qson to‘qqiz, Fotih va Budapesht nusxalarida yuzta. Ushbu ikki nusxada boshqa qo‘lyozmada tushib qolgan yuzinchi fe’l ham bor. U “chimdilamoq” fe’li bo‘lib, ketma-ketlikda “qichig‘lamaq” so‘zidan keyin keladi. Asar nusxasini ko‘chirayotgan kotib aynan shu so‘zni tasodifan tushirib qoldirgan. Toshkent nashrida ushbu fe’l uchramasligining sababi ham shunda, nashr uchun Parij qo‘lyozmasi asos bo‘lgan, degan xulosaga keladi turkolog Q.Sodiqov.

Nusxalarda nafaqat bunday holatlar, balki ba’zi o‘rinlarda jumlalarning tuzilishida ham farqli jihatlar bor. Masalan, To‘pqopi va Parij qo‘lyozmalaridagi ayrim jumlalar Fotih qo‘lyozmasida tahrir qilingan yoki avvalgi ikki qo‘lyozmada uchramaydigan jumlalar Fotih qo‘lyozmasida to‘ldirilgan. Bir-ikkitasini ko‘chirish chog‘ida tushirib qoldirilgan, deyish mumkindir, lekin orada muhim ma’lumotlar ham kiritilgan bo‘lib, ular til va uslub jihatidan Navoiyning jumlalari, bularni asarga muallifdan boshqa kishi kiritishi imkonsizdir.

Masalan, To‘pqopi qo‘lyozmasida: “Forsiygo‘y turk beglar-u mirzodalar “bo‘xsamaq”ni forsiy til bila tilasalar-ki, ado qilg‘aylar!”, yoki ushbu gap Fotih qo‘lyozmasida: “Forsiygo‘y turk beglar-u mirzodalar “bo‘xsamaq”ni forsiy til bila tilasalar-ki, ado qilg‘aylar, ayo ne nav’ qilg‘aylar”, deb berilgan.

Navoiy asarlari tilida singarmonizm (tovushlar uyg‘unligi) “temir qonun” sifatida amal qilinganini ko‘rishimiz mumkin. Bu narsa tovushlar tizimini anglashga ham imkon beradi. Masalan, muallif keltirgan misollarda “yo‘g‘on” o‘zak-negizli so‘zlarga masdar ko‘rsatkichining -maq varianti qo‘shiladi: “qurug‘samaq”, “aldamaq”, “qistamaq”, “yalinmaq” singari; “ingichka” talaffuzli so‘zlarga esa -mäk varianti qo‘shiladi: “igirmak”, “indamak”, “surkanmak”, “o‘rtanmak” singari. Demak, Navoiy tilida orqa qator, “yo‘g‘on” a bilan old qator, “ingichka” ä ning har ikkovi mustaqil fonemalar sifatida ishlatilgan.

“Muhokamatu-l-lug‘atayn”da jonivorlarning harakatini anglatuvchi fe’llar bilan bog‘liq qiziq bir misol bor. Asarning Anqara nashrida bu misol shunday berilgan: “Uy mungramagiga va ishak ingramag‘ig‘a va it tegishmag‘ig‘a va ulimag‘ig‘a lafz yo‘qtur”. Muhimi shundaki, ushbu jumla asarning To‘pqopi qo‘lyozmasida yo‘q, Fotih qo‘lyozmasida esa bor, nashrga o‘sha qo‘lyozmadan olingan. Yana bunda kelishik qo‘shimchalarining qo‘shilish tartibiga e’tibor qaratilsa, quyidagi holatga duch kelamiz: “tegishmak” so‘zi “ingichka” o‘zakli bo‘lishiga qaramay, unga qo‘shimchaning “yo‘g‘on” varianti qo‘shilmoqda: “tegishmag‘ig‘a”.

E’tiborli jihati, asarning yangi nashrida qo‘lyozmalar orasidagi bunday tekstologik farqlar batafsil tahlil etilgan. Turkolog olimning fikricha, Navoiy hayotlik paytida “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarining ikki varianti bo‘lgan. Ya’ni asarning kotib ko‘chirgan variantini Navoiy tuzatish va to‘ldirishlar bilan qayta tahrirdan o‘tkazadi. Shu tariqa, o‘sha davr ilmu toliblari uchun bu asarning ikki varianti keng yoyilgan edi.

Yangi nashrdagi “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asari turkologiyadagi eng so‘nggi ilmiy qarashlarga tayangan holda chop etildi. Unda so‘zlarning o‘qilishi, talaffuz shakllariga o‘zgarishlar kiritilgan. Kitobning yana bir yutug‘i, asar matni lotin alifbosi asosidagi xalqaro ilmiy transkripsiyada berilganligidir. O‘zbekistonda Navoiy asarlari birinchi bor ana shu transkripsiyada berilayotganini ilmiy jihatdan e’tirof etmoq o‘rinlidir.

Muxtasar aytganda, “Akademnashr” chop etgan “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asari o‘zbek navoiyshunosligida katta hodisa bo‘ldi. Unda ota-bobolarimizdan qolgan yozma yodgorliklarni nashr etish zamonaviy turkshunoslikda ishlab chiqilgan tugal qolipga asoslanilgani bilan ahamiyatli. Asarning ilmiy va mukammal nashri manbashunoslik va matnshunoslik sohasida bundan buyon yaratilajak ishlarda muhim manba bo‘la oladi, degan umiddamiz.

 

Qudratulla Omonov,

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti o‘qituvchisi,

filologiya fanlari doktori.