Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Qarorgohi Moskva shahrida joylashgan Belgiyaning O’zbekistondagi elchisi Rejibo Jan-Artur bilan uchrashuv

28.11.2018, 18:17 Yangiliklar 2347

2018-yilning 28-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Qarorgohi Moskva shahrida joylashgan Belgiyaning O’zbekistondagi elchisi Rejibo Jan-Artur boshchiligdagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolarini institut rektori, professor A.Mannonov kutib oldi.

Uchrashuvda Belgiyaning O’zbekistondagi elchisi Rejibo Jan-Artur “Yevropa integratsiyasi nima? Belgiyadan nazar” mavzusida ma’ruza o’qidi. Tadbirda institut rahbariyati, professor-o’qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

O’z ma’ruzasi davomida Rejibo Jan-Artur Yevropa Ittifoqini yuzaga kelishining tarixiy asoslari va omillari, Yevropa qit’asidagi integratsiya jarayonlarining o’ziga xos xususiyatlari, Yevropa Ittifoqining integratsion birlashma sifatida jahon hamjamiyatidagi o’rni hamda Yevropa Ittifoqi doirasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruza qildi. Xususan “Belgiya ham Yevropa Ittifoqiga asos solgan mamlakatlardan biri bo’lib, Yevropa Ittifoqini tashkil etishdan ko’zlangan bosh maqsadimiz mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdan iborat edi. Biz bunga erishdik va bu bizning katta yutug’imizdir. Yevropa Ittifoqi doirasida 4 ta erkinlik – tovarlar, xizmatlar, kapital va insonlarning erkin harakatini ta’minlash bizning integratsiyamizning bosh mazmunini tashkil etadi” deb ta’kidladi.

Shu bilan birga elchi janoblari o’z nutqida Yevropa Ittifoqi oldida turgan bir nechta muhim masalalar haqida to’xtalib, migratsiya siyosati va tashqi migratsiya masalalari, yevroskiptizm, ittifoq doirasida aholi daromadlari o’rtasidagi tafovutning saqlanib qolayotgani, Gretsiyadagi iqtisodiy muammolar, birlashmaning kelajakdagi qiyofasi xususidagi turli xil qarashlar mavjudligi haqida ham gapirib o’tdi. Bugungi kunda dunyo hamjamiyati e’tiborida bo’lib turgan Brexit masalasiga ham to’xtalib, “Biz Buyuk Britaniya fuqarolarining tanlovini hurmat qilamiz. Brexitning vujudga kelishi Ittifoq doirasida ba’zi muammolarning mavjudligidan darak beradi va biz bu muammolarni albatta ko’rib chiqamiz. Hozirda esa Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishining o’tish davriga mo’ljallangan dasturi ishlab chiqilgan bo’lib, Brexit jarayoni oson kechmasligini aytib o’tishim mumkin” deb fikr bildirdi.

Ma’ruza yakunlangach TDSHI talabalari elchi janoblariga o’zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo’ldilar. Uchrashuv TDSHI talabalarida katta qiziqish uyg’otib, Yevropa Ittifoqidagi integratsiya jarayonlari haqida yana ko’proq ma’lumotlar olish uchun imkoniyat yaratdi.

IMG_5355   IMG_5348  IMG_5401