Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHU da qizlar uchun maxsus stipendiya

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-mayda qabul qilingan “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida” qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus stipendiyalar joriy etish ko‘zda tutilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida mazkur qaror ijrosiga binoan 2022-yil dekabrda ushbu oliygohda iqtidorli talaba-qizlar uchun O‘zbekiston Qahramoni Suyima G‘aniyeva nomidagi maxsus stipendiya joriy qilingan.

Suyima G‘aniyeva nomidagi maxsus stipendiya navoiyshunoslik va sharqshunoslik yo‘nalishlarida salmoqli ilmiy izlanishlar olib borgan, shuningdek, Suyima G‘aniyeva ijodi bilan bog‘liq tadqiqotlar yaratgan iqtidorli sharqshunos qizlarga 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab berila boshlandi. O‘z harakati bilan tengdoshlaridan ajralib turgan, o‘zlashtirishi yuqori, navoiyshunoslik va sharqshunoslik sohasiga oid ilmiy maqolalar hamda risolalar chop ettirgan, anjumanlarda ma’ruza qilgan to‘rt nafar talaba qizlarga nasib etdi. Xususan, Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti 2-bosqich magistranti Shozoda Fatxullayeva, Xitoyshunoslik fakulteti 4-bosqich talabasi Ruxshona Hamidova, Yaponshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Mushtariy Rustamova va Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti 2-bosqich talabasi Yoqutoy Jo‘raqulova maxsus stipendiyaning bu yilgi sovrindorlaridir. Shuni quvonch bilan aytish kerakki, el tanigan navoiyshunos olima nomidagi stipendiyaning joriy qilinishi universitet xotin-qizlari uchun katta rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

photo_2023-12-29_11-35-10

29.12.2023, 12:15 651