Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHIda “O’zbekiston va Afg’oniston o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatilganligining 26 yilligi” mavzusidagi tadbir o’tkazildi

25.12.2018, 11:08 Yangiliklar 3219

2018-yilning 24-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida “O’zbekiston – Afg’oniston” do’stlik jamiyati bilan hamkorlikda “O’zbekiston va Afg’oniston o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatilganligining 26 yilligi” mavzusidagi tadbir o’tkazildi. Mazkur tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining rektori, “O’zbekiston – Afg’oniston” do’stlik jamiyati raisi, f.f.d., professor A.Mannonov, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili I.Irgashev, Afg’oniston Islom Respublikasining O’zbekiston Respublikasidagi Favqulotda va Muxtor elchisi Sayed Shahobuddin Temuriy, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari Qo’mitasi raisi o’rinbosari K.Ishanxodjayev, s.f.d., professor S.Jo’rayev hamda institutning professor-o’qituvchilari, talabalari ishtirok etishdi.

O’zbekiston va Afg’oniston xalqlarini azal-azaldan o‘zaro o‘xshash tillar, umumiy muqaddas din va mushtarak ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadi,  ikki mamlakat o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning ildizlari qadim o’tmishga borib taqaladi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida yaqin siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo’lib, Afg‘onistonda millionlab o‘zbeklar yashaydi va Afg‘oniston Konstitutsiyasiga muvofiq o‘zbek tili mamlakatning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi. Hozirda Termiz shahrida maxsus tashkil etilgan Afg‘on fuqarolariga ta’lim berish markazida yuzdan ortiq afg’on talabalar tahsil olayotgan bo’lsa, ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan bir necha yirik iqtisodiy loyihalar ham amalga oshirilmoqda.

Ikki mamlakat o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatilganligining 26 yilligig bag’ishlab  o’tkazilgan mazkur tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti, siyosiy fanlar bo’yicha  falsafa doktori R.Rashidovning  “O’zbekiston va Afg’oniston o’rtasidagi munosabatlarning bugungi kuni va istiqbollari” mavzusidagi hamda institutning “Jahon siyosati va xalqaro munosabatlar” kafedrasi o’qituvchisi,  yosh tadqiqotchi S.Bo’ronovning “O’zbekistonda bugungi kunda afg’onshunoslik yo’nalishida olib borilayotgan ishlar, muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, O’zbekiston va Afg’onistonning o’zaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalari yuzasidan I.Irgashev, Sayed Shohobuddin Temuriy, A.Mannonov va  K.Ishanxodjaevlar ham  so’zga chiqib, ikki mamlakat o’rtasidagi tinchlikparvarlik tamoyillari hamda o’zaro qo’shnichilik va do’stlik munosabatlari asosida qurilgan o’zaro hamkorligining tarixiy ildizlari, hozirgi holati va istiqbollari haqida so’z yuritdilar.

Tadbir davomida so’zga chiqqanlar tomonidan afg’on muammosini hal etish, mintaqada va qo’shni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarning o’rni muhim ekanligini ta’kidlandi. Xususan, davlatimiz rahbarining  BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini bayon qilgani va bu borada aniq takliflar bergani, 2017-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida BMT shafeligida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishi yo‘lidagi tashabbuslarni ilgari surgani ta’kidlandi. Shu bilan bir qatorda, 2018-yilning 26-27 mart kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasining o’kazilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanganli qayd etildi.

Tadbirning rasmiy qismidan so’ng, tadbir ishtirokchilari Toshkent davlat sharqshunoslik institutining afg’onshunoslik yo’nalishi talabalari tomonidan tayyorlangan chiqishlar hamda dariy, pushtu, o’zbek tillarida aytilgan she’rlardan bahramand bo’lishdi. Shuningdek, tadbir davomida “Siz Afg’onistonni bilasizmi?” viktorinasi o’tkazilib, g’oliblar esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

IMG_2584 IMG_2744

IMG_2788IMG_2705

IMG_2763 IMG_2860