ToshDSHI delegatsiyasi Hindistonda
Joriy yilning 25-noyabr kuni ToshDSHI delegatsiyasi rektor, senator G.Rixsiyeva boshchiligida Hindistonga tashrif buyurdi. Hindistonning bir necha yetakchi va nufuzli universitetlari bilan uchrashuvlar uyushtirildi, o’zaro hamkorlik aloqalari yangilandi, hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Mazkur tashrif doirasida delegatsiya vakillari Hindistonning Gujarat shtatidagi nufuzli Gujarat universitetiga ham tashrif uyushtirishdi. Uchrashuv davomida hamkorlik to’g’risida memorandum imzolandi va unga ko’ra, o’zaro o’qituvchi va talabalar almashinuvi, qo’shma o’quv va ilmiy tadbirlar o’tkazilishi, 2020-2021 o’quv yilidan boshlab filologiya ixtisosligi bo’yicha o’qiyotgan ToshDSHI hindshunos magistrantlari uchun ikki tomonlama diplomlar dasturini (1+1) ochish, 2020 yilda ToshDSHIda Gujarat universiteti Smart sinfini tashkil etish ishlari amalga oshirilishi ko’zda tutilgan.
Hindistonga tashrif davomida ToshDSHI delegatsiyasining Hindiston Ta’lim vazirligi huzuridagi urdu tilini targ’ib qilish bo’yicha Milliy Kengash rahbariyati bilan ham uchrashuvi bo’lib o’tdi. Milliy Kengash direktori doktor Shayx Oqil Ahmad ToshDSHIda urdu va hindiy tillari rivoji uchun qilinayotgan ishlarni yuqori baholab, Milliy kengash bilan hamkorlik qilish taklifini berdi. ToshDSHIda urdu tili sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni qo’llab-quvvatlash, urdu tilidagi o’quv va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash bo’yicha o’zaro kelishib olindi.
Hindistonda 15 yildan buyon o’zbek tili o’qitiladigan Jamiyya Milliyya Islamiyya universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi va hamkorlikning asosiy yo’nalishlari belgilab olindi.