O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi hamda TDSHUNING Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi hamkorligida tadbir tashkil qilindi
8-fevralda O‘zbekistonning turistik jozibadorligini targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi hamkorligida tadbir tashkil qilindi. Unda Eron Islom Respublikasi tomonidan ASEMAN aviakompaniyasi va PERSIAN GULF TURISM HOLDING turistik kompaniyalari, O‘zbekistondagi nomdor 6 ta turistik firmalaridan vakillar ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda TDSHU Xalqaro hamkorlik aloqalari prorektori E. Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “Buyuk ipak yo‘li” tarmog‘i rahbari Temur Mirzayev, “Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi” ustozlari va TDSHU talabalari ishtirok etishdi. Ushbu tadbirda prorektor E. Mahmudov so‘zga chiqib, oxirgi vaqtlarda Eron bilan hamkorlik aloqalari rivojlanib qolganligini, bugungi tadbir talabalarimiz va universitetimiz hayotida yana bir burilish yasashiga umid bildirdi.
T. Mirzayev boy tajribasidan kelib-chiqib talabalarga o‘zining qimmatli maslahatlarini berdi. Eronning maxsus firmalari vakillari ham so‘zga chiqib, boy madaniy merosni o‘rganish turistik salohiyatini rivojlantirish hamda sayyohlarni jalb qilishga sabab bo‘lishi haqida ta’kidladilar.
Tadbir yakunida talabalarining malakaviy amaliyotlarini tashkil qilishda ushbu turistik firmalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha fikr almashildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat Qo‘mitasi “Buyuk ipak yo‘li” tarmog‘i rahbari T. Mirzayev TDSHU bitiruvchisi hisoblanib, ayni damda Qo‘mita va universitetimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Universitet matbuot xizmati