Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Koreya Respublikasi elchisi bilan yangi loyihalar muhokama qilindi

03.03.2021, 21:13 Yangiliklar 2354

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Elyor Mahmudov 3 –mart kuni Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv elchixona tashabbusi bilan tashkil etilib, unda TDSHU Koreya Respublikasi elchixonasi va oliy ta’lim muassalari bilan olib borayotgan hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Kan Chje Kvon TDSHUda 2018-yildan faoliyat olib borayotgan koreyashunoslik fakultetida amalga oshirilayotgan ta’lim, ilmiy va madaniy tadbirlarga yuqori baho berib, ushbu fakultet mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishida o‘z hissasini qo‘shayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, elchixona bundan keyin ham koreyashunoslikni rivojlantirishda o‘z ko‘magini berishga tayyor ekanini bildirdi.
2020-yil oktabrdan TDSHU tashabbusi bilan Koreya elchixonasi tomonidan “Team Korea” loyihasi amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda elchixona diplomatlari, Koreyaning tashkilot va kompaniyalari vakillarining 27 ta ma’ruzasidan iborat mazkur loyiha koreyashunos talabalar uchun foydali va qiziqarli o‘tayotgani qayd etildi.
Muloqotda TDSHUda hamkorlikda koreyashunoslik xalqaro haftaligini o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Haftalik doirasida koreyashunos olimlar hamda o‘zbek-koreys talabalarining ilmiy forumlari, Koreya Respublikasining hamkor universitetlaridan professor-o‘qituvchilarning koreyashunoslik sohasi bo‘yicha turkum onlayn ma’ruzalari, koreys tili bo‘yicha notiqlik san’ati, “Koreyani bilasizmi” viktorinasi, koreys tili kalligrafiyasi, badiiy chiqishlar kabi tadbirlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar Koreya Respublikasidan TDSHUga iqtisodchi professorni offlayn tarzda o‘quv jarayoniga jalb etish, iqtidorli va kam ta’minlangan koreyashunos talabalarga maxsus stipendiya ajratish kabi masalalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.