Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

O‘ZBEK KOREYAShUNOSLIGI RIVOJIDAGI YANGI BOSQICh VA USTIVOR VAZIFALAR

21.04.2020, 13:43 Yangiliklar 1825

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan joriy yilning 16 aprel’ kuni “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorning imzolanishi nafaqat mamlakatimizda, balki qator Sharq davlatlari ta’lim sohasi vakillari uchun ham muhim voqea bo‘lib, sharqshunoslik sohasini rivojlantirishga, uni yangi bosqichga olib chiqishga asos soldi.

Sharqshunoslik sohasida xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, ilm-fanni jadal rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar salohiyati, pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni sharqona qadriyatlar asosida tarbiyalashni takomillashtirishga qaratilgan mazkur qarorning maqsadidan kelib chiqqan holda, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Koreyashunoslik fakul’teti ham o‘z oldiga quyidagi ustuvor vazifalarni qo‘ydi:
1. Koreys tili, Koreya tarixi, madaniyati, iqtisodiyoti va siyosati sohalarida zamonaviy bilimlarni mukammal egallagan, mehnat bozori uchun raqobatbardosh bo‘lgan koreyashunos kadrlarni tayyorlash bilan birga, bugungi O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi keng qamrovli o‘zaro hamkorlik aloqalaridan hamda mehnat bozoridagi koreyashunos kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda, koreyashunoslik sohasi bo‘yicha qabul kvotalarini tadrijiy ravishda oshirib borish maqsadga muvofiqdir.
2.Ta’lim sifatini oshirishda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Koreya Ta’lim markazi, KOIKA tashkiloti, Koreya fondi va Koreya Respublikasi nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda koreys tilini bilish darajasini baholovchi metodikalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, koreys tili ta’limi va Koreya mamlakati bo‘yicha axborot beruvchi zamonaviy media mahsulotlari va elektron o‘quv adabiyotlari ishlab chiqish, o‘quv qo‘llanmalari va darsliklarni koreyalik mutaxassislar bilan hammualliflikda nashr etish nazarda tutiladi.
3. Talaba-yoshlarni Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasida Koreya ta’limi tajribasidan foydalanish ijobiy samara beradi. Ma’lumki, Koreyaningta’lim tizimi nafaqat bugungi kundagi muvaffaqiyatibilan, balki mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish va rivojlanish bilan ham jahon hamjamiyatining katta e’tiborini qozondi. Koreya qisqa vaqt ichida “Xangang mo‘jizasi” deb ataladigan iqtisodiy rivojlangan va demokratizmgaerishgan davlatga aylandiva xalqaro jamiyatga ko‘mak beruvchi mamlakat bo‘lib dunyoga tanildi. Bunday havasga arzigulik yuksalish va rivojlanish harakatining asosiy omillari sifatida ota-onalarningfarzand ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan katta e’tibori, ustoz-shogird o‘rtasida qadimdan davom etib kelayotgan an’anaviy munosabatlar, buyuk ustozlarning shogirdlariga bo‘lgan mehri, shogirdlarning esa ustozlariga bo‘lgan cheksiz hurmati,shuningdek, o‘rnatilgan tizim va hukumatning inson omiliga qaratilgan moliyaviy investisiyasi va h.k.larni ko‘rsatish mumkin.
4. Koreyashunoslik fakul’teti professor-o‘qituvchilarining Koreya Respublikasining Xanyang universiteti, Xankuk chet tillari universiteti, Xanshin universiteti, Ixva universiteti, Kyongxi universiteti, Sunchon universiteti, Kyongdong universiteti hamda Sangmyon universitetlarida muntazam ravishda stajirovka o‘tashlari va malaka oshirishlari ko‘zda tutiladi.
5. “Koreya iqtisodiyoti”, “Biznes boshqaruvi”, “Koreya tarixi” va “Koreya madaniyatida” yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish hamda mazkur yo‘nalishlarning o‘quv rejalari va fan dasturlarini koreyalik hamkorlar bilan kelishilgan holda ishlab chiqish, shuningdek, Koreyaning nufuzli universitetlari bilan qo‘shma kafedralar tashkil etish xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali koreyashunos kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
6. Yangi o‘quv yilidan kredit-modul’ tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishda Koreya tajribasidan keng foydalanish va tizim ishini tashkillashtirish uchun Koreyadan ekspertlarni jalb etish ta’lim sifatini ko‘tarishda yaxshi natija beradi.
7. Hozirgi kunda O‘zbekiston hukumati tomonidan talabalarni ishlab chiqarish bilan bog‘lash masalasi muhim vazifa sifatida belgilab berilgan. Ushbu masalaning dolzarbligidan kelib chiqqan holda, Koreya biznesmenlari assosiasiyasibilan hamkorlikda talabalarning O‘zbekistondagi Koreya Respublikasining tashkilotlari, firmalarida malaka amaliyotlari o‘tashlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, O‘zbekistonga Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan rahbarlar, ziyolilar, biznesmenlar, iqtsodchi va siyosatchilar, madaniyat arboblari hamda qo‘shma korxona rahbarlarini fakul’tetga tashrif buyurib, amaliy darslar o‘tishlari, master-klasslar, seminar-treninglar tashkil etishlari ham talabalarning sohaviy bilimlarini oshirishga, kasbiy mahoratga ega bo‘lishlariga xizmat qiladi.

8. Talabalar amaliyotini tashkilotlar, firmalar, maktablar, liseylarda o‘tashlari bilan birga, maktabgacha ta’lim muassalarida ham amaliyot o‘tashlarini tizimli yo‘lga qo‘yish ham ta’lim va tarbiya ishlarida yaxshi ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlaydi. Shuningdek, Koreyashunoslik fakul’teti negizida koreys tiliga ixtisoslashgan maktab va bog‘chalarni tashkil etish nazarda tutiladi. Bu esa ma’lum ma’noda universitetni moddiy jihatdan o‘z-o‘zini ta’minlashiga hissa qo‘shadi.
9. Talabalarning koreys tilini bilish darajasini yuqori saviyaga ko‘tarish maqsadida “Yozgi maktab”ni tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Mazkur maktab nafaqat Toshkent shahridagi, balki respublikamizning turli viloyatlarida koreys tili o‘qitilayotgan oliy ta’lim muassalarining talabalari uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Shu bilan birga, “Yozgi maktab”da xorijiy universitetlar talabalari uchun o‘zbek tili va rus tili intensiv kurslari ham tashkil etiladi. Bu o‘z navbatida, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga investisiyalarni jalb etish salmog‘ini orttiradi.
10. Respublikada koreyashunos mutaxassislarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida “Koreyashunoslik tadqiqotlari markazi” tashkil etiladi. Markaz ishini yuritish uchun Koreya ta’lim vazirligi, Koreya Akademiyasi va Koreya fondiningxalqaro grantlari va donor tashkilotlarning mablag‘lari jalb etiladi. Markazda koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda koreyashunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar, dissertasiyalar amalga oshiriladi va ilmiy monografiyalar chop etiladi. Hamkor universitetlar bilan birgalikda xalqaro anjumanlar, seminarlar va forumlar o‘tkaziladi. Yosh tadqiqotchilar, magistrantlar va iqtidorli talabalarningilmiy, innovasion ishlanmalari, texnologik va startap loyihalarini moliyalashtirishga ko‘maklashiladi. Xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasi (Scopus, Web of Science)da, respublika va xorijiy impakt-faktorli jurnallarda maqolalar chop etgan professor-o‘qituvchilar markaz fondi tomonidan rag‘batlantiriladi.
11. Ta’lim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlashda innovasion usullarni joriy etish maqsadida fakul’tet o‘quv auditoriyalarini zamonaviy o‘quv, axborot vositalari, mul’timedia hamda masofaviy o‘qitish jihozlari bilan ta’minlanadi. Shuningdek, “Sinxron tarjima laboratoriyasi”, “Multimedia markazi”, “Dijital yozuvlaboratoriyasi” va “Xattotlik san’atilaboratoriyasi” tashkil etiladi. Ushbu laboratoriyalarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi bilan birga, innovasion o‘quv materiallari (skrin-kast, video-kast, video kapshion, subtitrli video, audio materiallar, surdotarjima uchun lug‘atlar)ni yaratish ham ko‘zda tutilgan.
12. Fakultet kutubxonasining professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar uchun badiiy, ilmiy va o‘quv adabiyotlari elektron kataloglari hamda jahon resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, kutubxonaga hamkor va donor tashkilotlar vositasida sohaga oid o‘quv va ilmiy adabiyotlar yetkazib berilishini tashkil etish va h.k.
Muxtasar qilib aytganda, Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga universitet maqomining berilishi sharqshunoslarga bildirilgan yuksak ishonch bo‘lish bilan birga, mutaxasislar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Bu o‘rinda butun jamoamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tanu bir jon bo‘lib oldimizga qo‘yilgan dolzarb vazifalarni hamkorlikda hal etishimiz, sharqshunoslik sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishimiz,o‘zbek sharqshunosligini dunyoga tanitishimiz va muhtaram Prezidentimiz tomonidan bizga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash yo‘lida butun kuchimizni sarflashimiz lozim.

Shoira Usmanova,
Koreyashunoslik fakulteti dekani,
filologiya fanlari doktori, professor

Facebook | Telegram | Instagram | YouTube