Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHUda “Barqaror taraqqiyotda ayollar: ilm-fan va sifatli ta’lim” mavzuidagi Xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi

11.02.2023, 19:18 Yangiliklar 1098

BMT Bosh Assambleyasining 2015- yil 22- dekabr sanasidagi Rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili 11-fevral kunini “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni” sifatida nishonlanishi qabul qilingan. YUNESKO tashkiloti tomonidan keng targ‘ib qilinuvchi “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni”ni har yili 11- fevralda nishonlash – ayollar va qizlarni ilm-fan sohasida rag‘batlantirishga qaratilgan. Ushbu sana ayollar va qizlarning ilm-fanga to’liq va teng kirishi hamda ishtirokini rag’batlantirish uchun yana bir imkoniyatdir.  Ilm-fan va gender tengligi barqaror rivojlanishga erishish uchun juda muhimdir. Biroq, ayollar va qizlar hali ham fanda ishtirok etishda nisbatan chetda qolmoqdalar: butun dunyo bo’ylab ayollarning ulushi ilm-fan sohasida 30% dan kamini tashkil qiladi.

IMG_9320

Barqaror rivojlanish yo‘lidagi eng katta muammolarini hal qilish – salomatlikni yaxshilashdan tortib iqlim o’zgarishiga qarshi kurashishgacha – ilm-fan sohasidagi etuk iste’dodlarga  tayanadi. Shu sababli, ayollarni ilm-fan sohalariga yanada ko‘proq jalb etish alohida ahamiyatga ega. Tadqiqotlarning xilma-xilligi iqtidorli tadqiqotchilar safini kengaytiradi, yangi istiqbollar, iste’dod va ijodkorlikni keltirib chiqaradi. Har yili 11- fevralda nishonlanadigan mazkur sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan ayollar va qizlarning ilm-fandan toʻliq va teng foydalanishini taʼminlash maqsadida qabul qilingan. Ushbu sana ayollar va qizlar fan-ta’lim jabhalarida muhim rol o’ynashini va ularning ishtirokini kuchaytirish kerakligini eslatadi.

IMG_9407

Mazkur sana munosabati bilan, 2023- yil 11- fevral sanasida TDSHUda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi, OʻzR Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi, Abdulla Qodiriy nomidagi Prezident ijod maktabi, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent davlat sharqshunoslik universtiteti hamkorligida “Barqaror taraqqiyotda ayollar: ilm-fan va sifatli taʼlim”  III xalqaro konferensiya tashkil etildi.

IMG_9439

Tadbirni universitet rektori G.Rixsiyeva Kirish so‘zi bilan ochib, tabrik uchun so‘zni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Xotin-qizlar va gender tengligi” qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonovaga berdi. Malika Qodirxonova ishtirokchilarni qutlab, mazkur anjumanning bugungi barqaror taraqqiyot jarayonidagi dolzarbligini ta’kidlab o‘tdi hamda konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

IMG_9446

Shuningdek, anjumanning ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” instituti direktori o‘rinbosari, Respublika “Oqila ayollar” harakati yetakchisi Oynisa Musurmonovalar so‘zga chiqib, konferensiya ishtirokchilarini qutladilar. Ochilish marosimi Yalpi majlisga ulanib, tushdan anjuman o‘z ishini sho‘balarda davom ettirdi.

Konferensiyaga 300ga yaqin maqolalar kelib tushgan bo‘lib, anjuman materiallari to‘plam sifatida nashr ettirildi. Har bir maqolaga DOI raqam berilib, maqolalar Google Scholar, Cyberleninka, archive.org kabi bazalarda indekslandi.

Anjumanda, shuningdek, Yaponiya, Koreya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Eron, Misr, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya kabi TDSHUning xorijiy hamkor OTM va ilmiy tadqiqot instiutlari vakillari ham o‘z ma’ruzalara bilan ishtirok etdilar.

IMG_9560

IMG_9565

IMG_9639