Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

🌙🌙🌙 TA’ZIYA🌙🌙🌙 QURONBEKOV AHMADJON

06.08.2021, 18:59 Yangiliklar 2872

 1943-2021

Mash’um o‘lim bugun oramizdan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining darg‘asi, atoqli eronshunos, “Do‘stlik” ordeni sohibi, filologiya fanlari doktori, professor, minglab forsshunoslarning sevimli ustozi Ahmadjon Quronbekovni yulib ketdi.

Ustozning vafoti barcha ma’rifatli ko‘ngillarga iztirob, qayg‘u-alam olib keldi. Domla o‘zbek sharqshunosligining muhim tarmog‘i eronshunoslikni yuksalishiga, uni dunyo darajasidagi ilmiy maktabga aylanishida butun kuch-quvvatlarini sarflab keldilar. U kishining katta sa’y -harakatlari bilan eronshunoslikning Toshkent maktabi dunyo ilm ahliga tanildi. 

Domla serqirra alloma edilar. U kishi bir tomondan zakiy adabiyotshunos, ikkinchi tomondan yirik tilshunos, uchinchi tomondan mohir tarjimon, yana bir tomondan katta uslubiyatchi olim sifatida sharqshunoslik tarixida qoldilar. 

Olim uzoq yillar davomida universitetda “Eron-afg‘on filologiyasi” kafedrasini boshqarganlar. U kishi 10 dan ortiq fan doktorlari va 20 ga yaqin fan nomzodlarining ilmiy ishlariga rahbarlik qilganlar. Ahmadjon domla 30 dan ortiq kitob, darslik, monografiya, tarjima asarlar va 300 ga yaqin ilmiy va ilmiy ommabop maqolalar muallifi hisoblanardilar. 

Domla har bir so‘zni, har bir fikrni salmoqlab, ohstalik bilan yetkazishning hadisini olgan edilar. U kishining har bir ma’ruzasi, har bir ilmiy chiqishi nihoyatda katta bilimlarning qaymog‘i sifatida tinglovchiga yetib borar edi. Sharqshunoslik ana shunday azim chinoridan ayrildi. 

Ustozning vafotlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining jamoasi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Qalblarga taskin beradigani domladan sharqshunoslarning yangi avlodini yetishtirishda xizmat qilguvchi o‘nlab shogirdlar, bebaho ilmiy asarlar qoldi. 

Universitet rahbariyati domlaning oilalari, farzandlari va shogirdlariga hamda barcha sharqshunoslarga ta’ziya izhor etadi. Domlaning ma’rifatga yo‘g‘rilgan ishlaridan hosil bo‘ladigan savoblar ustozning xayrli amallari sifatida qabrlarini munavvar etib tursin‼️