MEHNAT BOZORINING MUAMMOLARI: MUTAXASSISLAR TAYYORLASHNING USTUVOR VAZIFALARI
MEHNAT BOZORINING MUAMMOLARI: MUTAXASSISLAR TAYYORLASHNING USTUVOR VAZIFALARI
Toshkent davlat sharqshunoslik univeristeti rektori, professor S.A. Nasirova
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan ta’limni isloh qilish bo‘yicha ilgari surilgan strategik maqsad va vazifalar oliy ta’limni rivojlantirishning, jumladan, universitetlarni tubdan transformatsiya qilish orqali butunlay yangi ufqlarini ochib bermoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti shonli tarixga ega bo‘lgan noyob ta’lim muassasasidir. Uning o‘ziga xosligi shundaki, iqtisodiyot va ilmiy-texnik taraqqiyot rivojlanishining har bir bosqichida universitet o‘z ta’lim va boshqaruv tizimini davr talablariga qat’iy mos ravishda isloh qilib bordi. Bunday strategiya natijasida universitet butun bir yorqin kadrlar avlodini yetishtirib chiqaradigan maskanga aylandi. Ular qatorida 12 nafar akademik, 500 dan ortiq fan doktorlari va nomzodlari, respublika vazirlik va idoralari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik hamda savdo-iqtisodiy vakolatxonalarining 70 dan ortiq rahbarlari bor. Universitetning 80 dan ziyod professor-o‘qituvchilari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Hozirgi vaqtda TDShUda 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 8000 dan ortiq yoshlar tahsil olmoqda. Oxirgi 10 yil ichida 5800 nafar talaba bakalavriatni va 2300 nafar talaba 38 mutaxassislik bo‘yicha magistraturani tamomladi.
Shu o‘rinda qonuniy savol tug‘iladi: Bitiruvchilarning qancha qismi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topdi? Muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun olingan oliy ta’lim yetarli bo‘ldimi? Universitetga har yili 900 nafargacha talaba qabul qilinishini hisobga olsak, bitiruvchining tez o‘zgarib borayotgan mehnat bozorida ish topish bo‘yicha real imkoniyatlarini baholash zarur. Ma’lumki, talablarning bir qismi oliy ta’limni davlat byudjeti (grant) hisobidan olishga intiladi. Ularda o‘qishni tamomlagandan so‘ng mehnat bozorida ularga ehtiyoj (talab) bo‘ladimi yoki, yo‘qmi — bu borada hali aniq tushuncha shakllanmagan.
Shu bilan birga, iqtisodiyot, biznes, ta’lim va fanga SI (sun’iy intellekt), ma’lumotlar markazlari (data-sentrlar) va bulutli texnologiyalar tobora kuchliroq ta’sir o‘tkazmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt jahon mehnat bozoriga «sekin yaqinlashib kelayotgan sunami» kabi yopirilmoqda va oliy ta’lim muassasalarining yosh bitiruvchilari uning birinchi qurbonlariga aylanishi mumkin.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining hisoblashicha, rivojlangan iqtisodiyotlarda sun’iy intellekt ta’siriga uchraydigan ish o‘rinlari ulushi taxminan 60%ni tashkil etadi. Daromadi past mamlakatlarda esa, bu ko‘rsatkich 23% ga teng. Yaqin kelajakda dunyodagi ish o‘rinlarining qariyb 40 foizi sun’iy intellekt yordamida modernizatsiya qilinishi mumkin.
McKinsey & Company baholashiga ko‘ra, yaqin istiqbolda sun’iy intellekt joriy etilishi sababli qariyb 400 million kishi ish o‘rinlarini to‘liq yoki, qisman yo‘qotishi mumkin. Ayrim mamlakatlarda oliy ma’lumot diplomi endi ish bilan ta’minlanishning kafolati hisoblanmay qoldi.
IBM baholashiga ko‘ra esa, ish o‘rinlari tobora ko‘proq SI bilan ishlashni biladigan shaxslarga tegishli bo‘ladi. Albatta, ilmiy-texnik taraqqiyotning to‘rtta bosqichidan istalgan birida aholi bandligining kamayishi bo‘yicha savollar tug‘ilgan. Sanoat inqiloblari, jumladan, qo‘l mehnatidan mashina mehnatiga o‘tish, elektr energiyasining joriy etilishi, EHM va yadro energetikasining rivojlanishi hamda nihoyat, yoppasiga raqamlashtirish, biotexnologiyalar va SIning rivojlanishi eng ko‘p mehnat talab qiladigan sohalarda bandlikni qisqartirdi. Biroq, bu jarayonlar bir vaqtning o‘zida butunlay yangi kasblarni ham vujudga keltirdi.
Sun’iy intellekt oliy ta’lim konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Dunyoning yetakchi universitetlari ushbu chaqiriqlarga ta’lim va boshqaruv tizimini tubdan transformatsiya qilish orqali javob bermoqdalar.
- Oksford sun’iy intellektni tyutorlik tizimiga integratsiya qilmoqda, talabalar, o‘qituvchilar va xodimlarga ChatGPT Edu tizimidan foydalanish imkoniyatini taqdim etmoqda. Yetakchi platformalarda (Law Trove, Business, Politics, Science Trove) AI Study Assistant tizimi ishga tushirildi. Ushbu vositalar talabalarga darsliklarni tahlil qilish va materialni chuqurroq o‘zlashtirishga yordam beradi.
- Garvard adaptiv (moslashuvchan) ta’limdan faol foydalanmoqda va ChatGPTning o‘z versiyasiga ega. Ishtirokchilarga AI Sandbox, shuningdek, Claude Code, OpenAI Codex platformalaridan foydalanish imkoniyati berilmoqda. Bir qator kurslarda til o‘rgatish uchun, masalan, mahalliy aholi vakillari (nositellar) bilan muloqotni imitatsiya qiluvchi interaktiv avatarlar yoki, tunu kun ishlovchi sun’iy intellekt tyutorlar joriy etilgan. Garvardning CS50 kursi talabalarning SIdan foydalanish andozalarini yaxshiroq tushunish va sun’iy intellekt vositalarini o‘quv hamda auditoriya faoliyatiga integratsiya qilish uchun qo‘llanilmoqda.
- MIT (Massachusets texnologiya instituti) muammolarni guruh bo‘lib hal qilish ulushini oshirmoqda. Esse va yozma testlar o‘rniga og‘zaki imtihonlar, loyihalar namoyishi, semestr davomida to‘plangan portfolio himoyasi joriy etilmoqda.
- Vashington, Kaliforniya va Michigan universitetlari maxfiylikni himoya qilish va iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydigan, to‘liq integratsiyalashgan vositalarni yaratish uchun Microsoft Azure platformasidan foydalanmoqdalar.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida sun’iy intellekt va yangi texnologiyalarga o‘tish jarayonlari bir tekis kechmayapti, deb aytmay iloj yo‘q. Professor-o‘qituvchilar tarkibi va talabalarning bir qismi o‘tmish bilan yashamoqda. Shu munosabat bilan jamoa oldida ta’lim sifatini oshirish va raqamli ko‘nikmalarning yuqori darajasini shakllantirishga qaratilgan universitet transformatsiyasi vazifalari turibdi. Shu maqsadda quyidagilar rejalashtirilmoqda:
Birinchidan, oliy ta’limni sun’iy intellekt texnologiyalariga moslashtirishni amalga oshirish. Ikkinchidan, mutaxassisligidan qat’i nazar, kurslar integratsiyasini va SIning qo‘llanilishini ta’minlash. Ularni talabalar va o‘qituvchilar uchun asosiy (bazaviy) talabga aylantirish. Uchinchidan, SI bilan bog‘liq vazifalarni hal etish uchun fanlararo ta’limga o‘tish. To‘rtinchidan, talabalar, magistrlar va doktorantlarning esse, kurs ishlari va diplom loyihalariga, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy ishlariga taqriz va fikr-mulohazalar berishda sun’iy intellektni joriy etish. Beshinchidan, “ko‘nikmaga asoslangan ta’lim va tadqiqotga yo‘naltirilgan ta’lim” (skill-based learning and research-based education) tizimini rivojlantirish. Oltinchidan, talabalarga ish beruvchilarning real keyslarini taqdim etish. Dual ta’limni rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan, talab yuqori bo‘lgan xodimlarga nisbatan ish beruvchilarning sifat standartlari raqamli bazasini shakllantirish. Yettinchidan, sun’iy intellektni o‘rganish va uni joriy etish algoritmlari bo‘yicha laboratoriyalar tashkil etish.
Universitet davlat va ish beruvchilar oldida ta’lim sifati uchun javobgardir. Ta’lim sifati tushunchasi mutaxassislik bo‘yicha bilim berishdan tashqari, fikrlashning kreativligi, moslashuvchanlik va moslashuvchanlikka o‘rganish ko‘nikmalari hamda nizolarsiz (konfliktlarsiz) ishlash qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Shu munosabat bilan, har bir fakultet va kafedra rahbarining professor-o‘qituvchilar tarkibining saviyasi, o‘quv jarayonining sifati va qat’iy ijro intizomi uchun shaxsiy javobgarligi hamda ularga bo‘lgan talab kuchaytiriladi. Ta’lim dasturlari mehnat bozorining real ehtiyojlari va iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishining istiqbollarini hisobga olgan holda shakllantiriladi. Bunda asosiy urg‘u bitiruvchilarimizning zamonaviy texnologiyalarni mukammal egallashiga, kamida 2 ta xorijiy tilni va tegishli kasbiy ko‘nikmalarni bilishga qaratiladi.
Rektorat dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikdagi qo‘shma (qo‘sh diplom) dasturlarini rivojlantiradi, talabalar almashinuvini kengaytiradi, universitetda faoliyat yuritish uchun taniqli xorijiy olimlar va mutaxassislarni yanada ko‘proq taklif etadi. Sifatli transformatsiyasiz biz nafaqat vaqtni, balki eng asosiysi — bitiruvchilarimizning kelajagi uchun muhim bo‘lgan imkoniyatni boy berib qo‘yish xavfi ostida qolamiz.
