Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Xitoy Xalq Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida 1-yillik stajirovka o‘tash uchun tanlov e’lon qilinmoqda!

17.03.2021, 19:09 E'lonlar 3524

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 12-martdagi 87-01-217-sonli xatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bakalavr yo‘nalishining 2-3-bosqich hamda magistratura mutaxassisligining 1-bosqich talabalari va TDSHU akademik litseyi yosh xitoy tili o‘qituvchilari orasidan 2021-2022-o‘quv yilida Xitoy Xalq Respublikasining oliy ta’lim muassasalarida bir yillik stajirovka o‘tashga tavsiya etiladigan o‘qishi yaxshi va a’lo ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, yuksak ma’naviyatli, ilmiy va ijodiy yo‘nalishlarda muayyan yutuqlarga erishgan, universitet va litsey hayotida faol ishtirok etadigan nomzodlarni aniqlash maqsadida 2021-yil 23-mart kuni asosiy binoda tanlov tashkil etiladi.

Grant sovrindorlari zarur bo‘lgan holda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 3 yil ishlab berishi inobatga olinib, stajirovkadan oldin grant sovrindorlari va TDSHU o‘rtasida shartnoma imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va talabalar sonidan kelib chiqib,
20 ta grant o‘rinlari bo‘yicha ajratilgan kvotalar quyidagicha taqsimlangan:
“Filologiya va tillarni o‘qitish (xitoy tili)” yo‘nalishi uchun 8 ta;
“Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik (Xitoy Xalq Respublikasi)”, “Tarix (Xitoy Xalq Respublikasi)” va “Jahon siyosati (Xitoy Xalq Respublikasi)” yo‘nalishlari uchun 5 ta;
“Tarjima nazariyasi va amaliyoti (xitoy tili)” yo‘nalishi uchun 2ta;
“Sharq falsafasi va madaniyati” va “Tarix (Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha)” yo‘nalishlari uchun 2 ta;
Magistratura xitoyshunoslik mutaxassisliklari uchun 2 ta;
TDSHU akademik litseyi xitoy tili o‘qituvchilari uchun 1 ta. TDSHU akademik litseyidan nomzod tavsiya etilmagan holda mazkur o‘rin tanlovda yuqori ball to‘plagan nomzodga berilishi inobatga olinadi.
Tanlov ishtirokchilari yaqin 2 yil davomida Xitoy Xalq Respublikasi yoki boshqa xorijiy davlatlarning grant yoki stipendiyalariga sazovor bo‘lmagan hamda darslarga qatnashish davomati past, o‘quv yilida hayfsan olgan, universitet  ichki tartib-qoidalarini buzganligi qayd etilgan, 2020-2021-o‘quv yili davomida xitoy tili fanidan a’lo va yaxshi baholarga o‘zlashtirmagan talabalar tavsiya etilmaydi.
Tanlab olingan nomzodlarning tegishli hujjatlari 2021- yilning
25-martiga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Xalqaro hamkorlik boshqarmasiga topshiriladi.

Tanlov bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot 2021-yilning 19-mart kuni soat 14:00 da TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘limida (asosiy bino, 302- xona) beriladi.

03329A92-C1A3-4605-A87B-A70BF5AE2698