Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TA’ZIYA

31.07.2021, 13:05 Yangiliklar 2171

RAHMONXO‘JA INOMXO‘JAYEV.

1945-2021
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, dovruqli sharqshunos, zamonaviy o‘zbek afg‘onshunosligining asoschilaridan biri, filologiya fanlari doktori RAHMONXO‘JA INOMXO‘JAYeV 76 yoshlarida bu yorug‘ olamni tark etdilar.

Domla Rahmonxo‘ja Inomxo‘jayevdan katta ilmiy va o‘quv meros  – o‘nlab kitoblar, yuzdan ortiq ilmiy maqolalar qoldi. U kishi Afg‘oniston xalqlari adabiyoti va tili bo‘yicha dunyo sharqshunosligida tan olingan olimlardan biri edi. Ayniqsa, domlaning pashtu tili bo‘yicha AQSHda chop etilgan “PASHTO” nomli o‘quv adabiyoti hozirga qadar dunyo sharqshunosligida  ushbu yo‘nalishda yaratilgan qiyosi yo‘q adabiyot sanaladi. 

Ustoz odamiylik va olimlik siyrati hamda suratini o‘zlarida singdirgan tom ma’nodagi katta alloma edilar. Umr bo‘yi halollikni o‘zlariga mayoq deb bilgan benazir inson sifatida sharqshunoslar uchun o‘rnak namunasi bo‘lib qoladilar.  

U kishi tiriklikning qariyib ellik yillik davrini Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti eron-afg‘on filologiyasi yo‘nalishida talabalarga saboq berib, yuzlab shogirdlarni yetishtirdilar.  Hattoki, hayotlarining so‘nggi damlariga qadar betob bo‘lishlariga qaramasdan ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, shogirdlarga o‘z maslahatlarini ayamadilar. Ustoz ortidan yuzlab shogirdlar, u kishini jondan yaxshi ko‘ruvchi oilalari, farzandi arjumandlari,  duoda yod etguvchi minglab sharqshunoslar qolmoqda! 

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining jamoasi va rahbariyati nomidan u kishining ahli ayollari, farzandlari, shogirdlari va barcha sharqshunoslarga sabri jamil tilab qolamiz. Ustozning qabrlarida jannat nasimlari esib turishini, qoldirgan sadaqai joriyalarini savobi doimo u kishiga yetib borishini Yaratgandan so‘raymiz.