Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

ADABIYOT – XALQNING YURAGI, XALQNING MA’NAVIYATI

23.05.2020, 13:17 Yangiliklar 3701

(Yurtboshimizning Adiblar xiyoboniga tashrifidan keyingi o‘ylar)

“Adabiyot xalqning yuragi desak, xalqning ma’naviyati desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, bu so‘zlar kuni kecha yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboni majmuasiga tashrifi chog‘ida yangrab o‘tdi. Prezidentimizning xiyobon ziyorati chog‘ida qator oliy ta’lim muassasalari rektorlari qatorida mening ham qatnashganim ko‘nglimda katta g‘urur, faxr, his-hayajon onlarini kechirishimga turtki bo‘ldi.
Yurtboshimizning Adiblar xiyobonidagi ziyorati davomida adabiyot bilan bog‘liq yuqoridagi chaqirig‘i yangi O‘zbekistonning bosh ma’rifiy platformasi o‘laroq ko‘zga yaqqol tashlanib turdi. Ayni postgloballashuv jarayonlari shitob bilan kechayotgan hozirgi damlarda yoshlarni ozod ruhli, erkin fikrli, adolatli, xolis, dunyoqarashi keng, bilimli qilib kamolga yetkazish masalasida mamlakat rahbari ma’rifiy va ma’naviy yuksalishning yangi bosqichdagi ustuvor yo‘lni belgilab berildi.
Bu ustuvor va yangi yo‘l adabiyot bilan bog‘liq. Xiyobon ochilishi jarayonida bugunning yoshlarini qaerda qaysi sohada o‘qishidan qat’i nazar yuragiga adabiyotni kiritish, badiiy adabiyotga mehr uyg‘otish uchun nima ish qilishimiz kerak? degan savol qat’iy etib qo‘yildi. Javob ham chuqur o‘ylangan: “Agar u ma’naviyatli bo‘lsa, hamma cho‘qqilarga yetadi. Kosmonavt ham bo‘ladi, injener ham bo‘ladi, yozuvchi ham bo‘ladi. Yuragiga adabiyot kiritishimiz kerak! Adabiyot kiritish bilan yuragiga ma’naviyat kiritamiz, ma’rifat kiritamiz, madaniyat kiritamiz”. Bu mamlakatning bosh mafkurachisi sifatida yurtboshi ilgari surgan g‘oyalar bo‘ldi.
Adiblar xiyoboni bo‘ylab Prezident ziyorati va bildirilgan fikrlar yurt ziyolilariga mulohaza uchun ko‘p ozuqa berdi. Ulardan faqat bittasiga to‘xtalib o‘tsam:
Yurtboshimiz millat adabiyoti tarixida munosib o‘rin tutgan adiblar asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish, bugunning raqamli texnologiyalar bilan qurollangan yoshlarining ongiga singdirish vazifasini oliy o‘quv yurtlariga topshirish g‘oyasini ilgari surdilar.
Bizning Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasiga mumtoz adabiyotimizning eng ko‘lamdor va sermahsul ijodkori, shoir, tarixchi, tarjimon, davlat arbobi, arab, fors, turkiy tillar bilimdoni Ogahiyning hayot va ijod yo‘llarini o‘rganish, u zotning qo‘lyozma asarlarini tadqiq etish hamda o‘lmas g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish vazifasi qo‘yildi.
Buginning o‘zida universitetimizdagi mumtoz adabiyoti bilimdonlari va mutaxassislar bilan oliy o‘quv yurtimizda hazrat Ogahiy faoliyati va ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha “Ogahiyshunoslik markazi”ni ochish va uning ishlarini to‘rt asosiy yo‘nalishda tashkil etish harakat rejasini ishlab chiqdik.
Birinchi yo‘nalish hazrat Ogahiyning hayot yo‘li, yozma merosini ilmiy tadqiq etish jarayoni bilan bog‘liq ishlar.
Bu yo‘nalishda dastlabki qadamni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan Ogahiy asarlari qo‘lyozmalarining kengaytirilgan tavsifiy katalogini tayyorlash va chop etish ishidan boshlashni lozim deb topdik.
Keyinchalik Ogahiy qo‘lyozmalari bilan bog‘liq ishlarni davom ettirib Rossiya Federatsiyasi Sankt Peterburg shahridagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanayotgan Ogahiy asarlarining eng nodir qo‘lyozmalarini o‘rganish va nusxalarini olish hamda chop etish bilan bog‘liq ilmiy loyiha ishini ham amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Shuningdek, Ogahiy asarlari qo‘lyozmalarining tahlili va tabdili bo‘yicha yangi ilmiy mavzular bazasini shakllantirish, magistrlik va doktorlik dissertasiyalari, bitiruv malakaviy ishlari bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borish, Ogahiy ijodi bo‘yicha yaratilgan ilmiy tadqiqot ishlarining elektron bazasini yaratishni ham belgilab oldik. Bu esa yoshlarning kelajakda mana shu bazalardan foydalangan holda ilmiy izlanishlarni olib borishlari uchun qulay imkoniyatni yaratadi.
Keyingi katta yo‘nalishda Ogahiy ijodi va yozma merosini o‘quv jarayoniga tatbiqi bilan bog‘liq ishlarga e’tibor qaratamiz.
Bunda universitetning Mumtoz filologiya yo‘nalishida saboq olayotgan talabalar uchun “O‘zbek adabiyoti tarixi” fani doirasida Ogahiy ijodini chuqur o‘rgatish, maxsus kurslar tashkil etish, Ogahiy asarlarining til xususiyatlarini tahlil etish, Ogahiy asarlari va she’riyat namunalarini turli sharq tillariga tarjimalarini yaratish va chop etish, Xorazmdagi Ogahiy nomidagi ijod maktabi bilan o‘quv va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, katta avlod ogahiyshunoslarning ilmiy merosi bo‘yicha ilmi toliblarimizga mustaqil o‘qishlarini tashkil etish, bilimdon talabalarimiz uchun Ogahiy nomidagi stipendiyani joriy etish vazifalarini aniqlab oldik.
Uchinchi muhim yo‘nalish hazrat Ogahiy ma’rifati va ma’naviyati bilan bog‘liq targ‘ibot ishlaridir.

Ushbu yo‘nalishda universitetda ochilishi rejalashtirilayotgan “Ogahiyshunoslik” markazi tashkilotchiligida adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy seminarlar, ma’rifiy kechalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar uyushtirish, Ogahiy ijodi bilan shug‘ullangan olimlar va tadqiqotchilar bilan universitet rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlarda video muloqotlar, suhbatlar o‘tkazish, Ogahiy ijodi bo‘yicha talabalar o‘rtasida turli ijodiy ishlar – insholar, eng yaxshi tarjima, tadqiqot, taqdimot, risola tanlovlarini o‘tkazish va g‘oliblarni rag‘batlantirish, Adiblar xiyobonida talabalarning tashriflarini uyushtirish va ma’rifiy tadbirlarni shoir haykali poyida o‘tkazish, universitetimizda Ogahiy nomidagi muzeyni tashkil etishni ham kelishib oldik.
Hazrat Ogahiy bo‘yicha e’tibor qaratiladigan to‘rtinchi katta yo‘nalish OAV, TV hamda elektron platformalarda amalga oshiriladigan ishlardir.
Bunda universitetnmizing “Nur Sharqdan” kitobxonlikka bag‘ishlangan kanalida Ogahiy merosi va ijodiga oid alohida rukn ochish va muntazam materiallar berib borish, OAVda Ogahiy hayoti, faoliyati va merosiga bag‘ishlangan ommabop maqolalar chop ettirish hamda TVda turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash, Ogahiy asarlarida ilgari surilgan insonsevarlik, ilmga targ‘ib etish g‘oyalari aks etgan hikmatlarini ijtimoiy tarmoqlarda motivatorlar ko‘rinishida berib borish singari vazifalar qo‘yilgan. Qayd etganimiz to‘rtinchi yo‘nalishdagi ishlar Prezidentimizning xiyobon ziyorati davomida ilgari surgan “Adiblar xiyoboni” deb nomlangan internet portali tashkil etish taklifiga universitetimiz jamoasining amaliy javobi o‘laroq davom ettiriladi. Ogahiy ijodidan namunalarni yodlash, turli sahna ko‘rinishlarini yaratish, she’riyatini sharq tillariga tarjima qilish vazifalariga ham talaba yoshlarning jalb etilishi asosiy vazifalarda etib belgilandi. Shuningdek, shoir hayoti va merosiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop fil’m yaratish ham oldimizga qo‘yilgan maqsad yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman, yangi O‘zbekistonda kechayotgan tub o‘zgarishlar, milliy, ma’rifiy, ma’naviy tiklanishlar davrida millatning vijdonlari sanalmish adiblar ijodiga, bobolarimizning merosiga yangicha ilmiy qarashlar, yondashuvlar asosida tahlil va targ‘ib etish va bugunning yoshlari ongiga singdirish yangi qiyofada ko‘rinayotgan mafkuramizning bosh maqsadidir. Buning uchun yurtimiz ziyolilari, soha vakillari, millatdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy bermasdan millat birdamligini namoyon etuvchi adabiyotimiz tegrasida birlashmog‘imiz kerak.

Gulchehra RIXSIEVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori