Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Adiblar xiyoboni

ADIBLAR XIYOBONI: OGAHIY HAYOTI VA IJODI – YOSHLAR TARBIYASI UCHUN NAMUNA

2020 yilning 20 may kuni yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboni majmuasiga tashrifi chog‘ida millat adabiyoti tarixida munosib o‘rin tutgan adiblar asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish, bugunning raqamli texnologiyalar bilan qurollangan yoshlarining ongiga singdirish vazifasini oliy o‘quv yurtlariga topshirish g‘oyasini ilgari surdilar.

Bizning Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasiga mumtoz adabiyotimizning eng ko‘lamdor va sermahsul ijodkori, shoir, tarixchi, tarjimon, davlat arbobi, arab, fors, turkiy tillar bilimdoni Ogahiy hazratlarini hayot va ijod yo‘llarini o‘rganish, u zotning qo‘lyozma asarlarini tadqiq etish hamda  o‘lmas g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish vazifasi qo‘yildi.

Bu borada universitetimizdagi mumtoz adabiyot bilimdonlari va mutaxassislar bilan hazrat Ogahiy faoliyati va ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha “Ogahiyshunoslik markazi”ni ochish va uning ishlarni to‘rt asosiy yo‘nalishda tashkil etish harakat rejasi ishlab chiqildi.

Birinchi yo‘nalish hazrat Ogahiyning hayot yo‘li, yozma merosini ilmiy tadqiq etish jarayoni bilan bog‘liq ishlar.

Bu yo‘nalishda dastlabki qadamni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan Ogahiy asarlari qo‘lyozmalarining kengaytirilgan tavsifiy katalogini tayyorlash va chop etish ishidan boshlashni lozim deb topdik.

Keyinchalik Ogahiy qo‘lyozmalari bilan bog‘liq ishlarni davom ettirib dunyo fondlarida saqlanayotgan Ogahiy asarlarining eng nodir qo‘lyozmalarini o‘rganish va nusxalarini olish hamda chop etish bilan bog‘liq ilmiy loyiha ishini ham amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Shuningdek, Ogahiy asarlari qo‘lyozmalarining tahlili va tabdili bo‘yicha yangi ilmiy mavzularni bazasini shakllantirish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari, bitiruv malakaviy ishlari bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borish, hazart Ogahiy ijodi bo‘yicha yaratilgan ilmiy tadqiqot ishlarining elektron bazasini yaratishni ham belgilab oldik.

Keyingi katta yo‘nalishda Ogahiy ijodi va yozma merosini o‘quv jarayoniga tatbiqi bilan bog‘liq ishlarga e’tibor qaratamiz.

Bunda universitetning “Mumtoz filologiya” hamda “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik” yo‘nalishida saboq olayotgan talabalar uchun “O‘zbek adabiyoti tarixi” fani doirasida Ogahiy ijodini chuqur o‘rgatish, maxsus kurslar tashkil etish, Ogahiy asarlarining til xususiyatlarini tahlil etish, Ogahiy asarlari va she’riyat namunalarini turli sharq tillariga tarjimalarini yaratish va chop etish, Xorazmdagi Ogahiy nomidagi ijod maktabi bilan o‘quv va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, katta avlod ogahiyshunoslarning ilmiy merosi bo‘yicha ilmi toliblarimizga mustaqil uy o‘qishlarini tashkil etish, bilimdon talabalarimiz uchun Ogahiy nomidagi stipendiyani joriy etish vazifalarini aniqlab oldik.

Uchinchi muhim yo‘nalish hazrat Ogahiy ma’rifati va ma’naviyati bilan bog‘liq targ‘ibot ishlaridir.

Ushbu yo‘nalishda universitetda ochilishi rejalashtirilayotgan “Ogahiyshunoslik” markazi tashkilotchiligida adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy seminarlar, ma’rifiy kechalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar uyushtirish, Ogahiy ijodi bilan shug‘ullangan olimlar va tadqiqotchilar bilan universitet rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlarda video muloqotlar, suhbatlar  o‘tkazish, Ogahiy ijodi bo‘yicha talabalar o‘rtasida turli ijodiy ishlar – insholar, eng yaxshi tarjima, tadqiqot, taqdimot, risola  tanlovlarini o‘tkazish va g‘oliblarni rag‘batlantirish, Adiblar xiyobonida talabalarning tashriflarini uyushtirish va ma’rifiy tadbirlarni shoir haykali poyida o‘tkazish, universitetimizda Ogahiy nomidagi muzeyni tashkil etishni ham kelishib oldik. Bundan tashqari adib tug‘ilgan kun munosabati bilan har yili 17 dekabrda “Ogahiy hayoti va ijodi – yoshlar tarbiyasi uchun namuna” mavzuidagi an’anaviy Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etiladi.

Hazrat Ogahiy bo‘yicha e’tibor qaratiladigan to‘rtinchi katta yo‘nalish OAV, TV hamda elektron platformalarda amalga oshiriladigan ishlardir.

Universitetnmizing “Nur Sharqdan” kitobxonlikka bag‘ishlangan telegram kanalida Ogahiy merosi va ijodiga oid alohida rukn ochish va muntazam materiallar berib borish, OAVda Ogahiy hayoti, faoliyati va merosiga bag‘ishlangan ommabop maqolalar chop ettirish hamda TVda turkum ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar tayyorlash, Ogahiy asarlarida ilgari surilgan insonsevarlik, ilmga targ‘ib etish g‘oyalari aks etgan hikmatlarini ijtimoiy tarmoqlarda demotivatorlar ko‘rinishida berib borish singari vazifalar qo‘yilgan. Qayd etganimiz to‘rtinchi yo‘nalishdagi ishlar Prezidentimizning xiyobon ziyorati davomida ilgari surgan  “Adiblar xiyoboni” deb nomlangan internet portali tashkil etish taklifiga universitetimiz jamoasining amaliy javobi o‘laroq davom ettiriladi.

19.01.2023, 04:26 8265