Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

SHARQ MAMLAKATLARI TARIXI VA ANTROPOLOGIYASI KAFEDRASI

Qodirov Zikrilloxon Musoxonovich
Ilmiy darajasi: Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Lavozimi: Kafedra mudiri
Qabul vaqtlari: Chorshanba (14:00-16:00)
Tel.: +998974470190
E-mail: z.m.kodirov@gmail.com

Kafedra tarixi va rivojlanishi

Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi kafedrasi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining ko‘p yillik ilmiy-pedagogik an’analariga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmalaridan biridir. Kafedraning ilmiy ildizlari 1946-yilda tashkil etilgan Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi faoliyatiga borib taqaladi. 1991-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tashkil etilishi bilan Sharq filologiyasi va tarix fakulteti tarkibida «Xorijiy mamlakatlar tarixi» kafedrasi sifatida faoliyat yurita boshladi.

Mustaqillik yillarida kafedraning ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari sezilarli darajada kengaydi. Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari bilan bir qatorda Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Hindiston, Pokiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tarixini kompleks o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayon kafedraning mamlakatimizda tarixchi-sharqshunos mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlashdagi o‘rnini mustahkamladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-apreldagi PQ-4680-son qarori asosida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etilishi bilan bog‘liq islohotlar doirasida kafedra «Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi» deb qayta nomlandi. Bu o‘zgarish kafedraning ilmiy faoliyatida ham yangi yo‘nalishlarni rivojlantirishga imkon berdi. Sharq mamlakatlari tarixi tarixiy jarayonlar bilan bir qatorda ijtimoiy va tarixiy antropologiya, madaniy meros, etnomadaniy munosabatlar, sivilizatsiyalararo aloqalar hamda inson omilining tarixiy taraqqiyotdagi o‘rni nuqtayi nazaridan o‘rganila boshlandi.

Bugungi kunda kafedra an’anaviy sharqshunoslik tajribasi va zamonaviy ilmiy yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda ta’lim, ilmiy tadqiqot va xalqaro hamkorlik faoliyatini olib bormoqda.

Kafedra rahbarlari va ilmiy an’analar

Kafedraning rivojlanishi turli yillarda unga rahbarlik qilgan olimlar va professor-o‘qituvchilarning samarali faoliyati bilan uzviy bog‘liq.

1991–2003-yillarda kafedraga tarix fanlari doktori, professor Temur G‘iyosovich G‘iyosov rahbarlik qildi. Uning faoliyati davrida Hindiston, Xitoy va arab mamlakatlari tarixi bilan bir qatorda Pokiston, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Turkiya tarixiga oid o‘quv kurslari kengaytirildi. Natijada Sharq mamlakatlarini qiyosiy va kompleks o‘rganishga asoslangan ilmiy-ta’lim yo‘nalishlari rivojlandi.

Keyingi yillarda kafedraga dotsent M. Dadajonova, dotsent Y. Ismoilova, professor N. Abdullayev, dotsent U. Abdullayev va dotsent Sh.I.Ikromov rahbarlik qildilar. Ularning faoliyati davomida ta’lim mazmunini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish hamda ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, «Jahon tarixi» va «Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi» ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlash kafedraning ilmiy salohiyatini mustahkamladi.

2026-yil sentyabrdan buyon kafedraga tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Zikrilloxon Musoxonovich Qodirov rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligida ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy malakasini oshirish va ta’lim jarayoniga ilg‘or tajribalarni joriy etishga e’tibor kuchaydi. Kafedrada ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar ulushi 80 foizdan oshgan. Xorijiy universitetlar olimlarini o‘quv va ilmiy jarayonlarga jalb etish, ochiq ma’ruzalar, mahorat darslari va qo‘shma seminarlar tashkil etish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Bitiruvchilarimiz – kafedramiz faxri

Kafedraning muhim yutuqlaridan biri – mamlakatimiz ilm-fani, diplomatiyasi, davlat boshqaruvi va ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislar avlodini tayyorlaganidir.

Kafedra bilan bog‘liq ilmiy an’analar va sharqshunoslik maktabining rivojlanishida akademiklar N. Baratov, B. Ahmedov, A. Muhammadjonov, professorlar T. G‘iyosov, M. Boboxo‘jaev, M. Nishonov, M. Kutina, A. Xo‘jayev, T. Sattarov, A. Hasanov, S. Inog‘omov, Z. Munavvarov, R. Qodirov va R. Qosimov kabi olimlarning ilmiy merosi muhim o‘rin tutadi.

Kafedra bitiruvchilari orasida davlat boshqaruvi va diplomatiya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, savdo va sanoat vaziri Laziz Shavkatovich Qudratov, Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi rahbar va diplomatlar, davlat hokimiyati organlari xodimlari hamda oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan olim va pedagoglar mavjud.

Kafedra bitiruvchilari orasidan tarix fanlari nomzodi va PhD darajasiga ega bo‘lgan 20 ga yaqin, tarix fanlari doktori (DSc) darajasiga ega bo‘lgan 10 ga yaqin olim yetishib chiqqan. Bu natijalar kafedraning yuqori malakali mutaxassislar bilan bir qatorda ilmiy kadrlar tayyorlashdagi salohiyatini ham namoyon etadi.

Ta’lim va o‘quv-uslubiy faoliyat

Kafedrada ta’lim sifatini oshirish, o‘quv-uslubiy ta’minotni takomillashtirish va Sharq mamlakatlari tarixiga oid milliy o‘quv adabiyotlarini yaratish ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, metodik materiallar va ilmiy adabiyotlar tayyorlanib, ta’lim jarayoniga tatbiq etib kelinmoqda.

Professor N.E. Karimovaning Xitoy, Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlari alohida ahamiyatga ega. Uning muallifligi yoki ishtirokida «XXR ichki va tashqi siyosati» (2020), «XXRning hozirgi bosqichdagi tashqi siyosati» (2022), «Mamlakatshunoslik» (2025), «Xitoy tarixi – XX asr (eng yangi davr)» (2025) va «Xitoy Xalq Respublikasining ichki va tashqi siyosati» (2026) kabi o‘quv qo‘llanmalari nashr etilgan.

Professor S.B. Shadmanova tomonidan «Tarixiy tadqiqotlarning metodologiyasi, zamonaviy usullari» (2019), «Ijtimoiy antropologiya asoslari» (2021) va «Sharq mamlakatlarida gender munosabatlari tarixi» (2025) kabi darsliklar tayyorlangan.

Shuningdek, Z. Qodirovning «Arab mamlakatlari tarixi (eng qadimgi davrdan o‘rta asrlargacha)» (2017), dotsent Sh. Yodgorovning «Mamlakatshunoslik (Arab davlatlari)» (2021), A. Xaydarov va Sh. Yodgorov hammuallifligidagi «Sharq mamlakatlari diplomatiyasi tarixi» (2023), dotsent S. Tursunovaning «Sharq va G‘arb: tarkibiy tahlil va o‘zaro hamkorlik yo‘llari» (2021) va «Arab mamlakatlari etnologiyasi va etnografiyasi» (2025) asarlari, N. Nazarqulovaning «Koreya tarixi (eng qadimgi davrdan XIV asrgacha)» o‘quv qo‘llanmasi kafedraning o‘quv-uslubiy fondini boyitgan.

2025-yildan boshlab universitetda amalga oshirilayotgan transformatsiya va xalqarolashtirish jarayonlari doirasida o‘quv dasturlari ham takomillashtirildi. Stanford University, Leiden University, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti hamda Istanbul University kabi oliy ta’lim muassasalarining tajribasi o‘rganildi. Natijada kafedra o‘quv rejalariga yangi yondashuvlar kiritilib, o‘ndan ortiq yangi tanlov fani ishlab chiqildi. Bu yangilanishlar talabalarning tahliliy fikrlashini rivojlantirish va raqobatbardosh tarixchi-sharqshunos mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Ilmiy-tadqiqot faoliyati

Kafedra Sharq mamlakatlari tarixi, xalqaro munosabatlar, diplomatiya tarixi, manbashunoslik, tarixshunoslik, ijtimoiy va tarixiy antropologiya yo‘nalishlarida fundamental hamda amaliy tadqiqotlar olib boradi. Ilmiy izlanishlar natijalari monografiyalar, risolalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va ilmiy jurnallardagi maqolalarda o‘z aksini topmoqda.

Kafedrada «Jahon tarixi», «Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi» hamda «Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari» ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy izlanishlar amalga oshiriladi. So‘nggi yillarda kafedra faoliyati doirasida 4 nafar tarix fanlari doktori (DSc) va 20 ga yaqin tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) tayyorlangan.

2015-yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan «Sharq mamlakatlari tarixiy jarayonlari va ularni o‘rganishning dolzarb masalalari» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tarixchi-sharqshunos olimlar va yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kafedraning ilmiy loyihalari orasida 2025-yilda amalga oshirilgan «Sharq mamlakatlarida gender munosabatlari (Sharqning eng mashhur 100 ayoli)» innovatsion loyihasi alohida o‘rin tutadi. Loyiha doirasida maxsus elektron platforma yaratilgani tarixiy va gender tadqiqotlari natijalarini raqamli muhitda taqdim etish imkoniyatlarini kengaytirdi.

Uzoq Sharq mamlakatlari tarixi bo‘yicha ilmiy yo‘nalishning rivojlanishida professor N.E. Karimovaning tadqiqotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Uning ilmiy ishlari Xitoy, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Markaziy Osiyo tarixi hamda tarixiy aloqalarini qamrab oladi. «O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari tarixidan» (2022), «Xitoy yozma manbalarining Markaziy Osiyo davlatlari va Min Xitoyi o‘rtasidagi munosabatlar tarixiga oid ma’lumotlari (XIV–XVII asrlar)» (2023), «Sharq manbalarida Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning tarixiy geografiyasi (XVII – XX asr boshlari)» (2023) va «Janubiy Koreyaning siyosiy madaniyati: tarix va hozirgi davr» (2023) kabi asarlar mazkur yo‘nalishning ilmiy natijalaridandir.

Tarixiy antropologiya va gender tadqiqotlari yo‘nalishida professor S.B. Shadmanovaning ishlari muhim o‘rin tutadi. «Turkiston tarixi – matbuot ko‘zgusida (1870–1917-yillar)» (2025) monografiyasi, R. Izzatova bilan hammualliflikdagi «Turkiya tarixidagi mashhur xotin-qizlar» (2025) hamda M.B. Samiyeva bilan hammualliflikdagi «Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ayollar yetakchiligi va ijtimoiy-siyosiy faolligi (Malayziya, Indoneziya, Singapur misolida)» (2025) risolalari shu yo‘nalishdagi tadqiqotlar sirasiga kiradi.

Diplomatiya tarixi va zamonaviy Sharq mamlakatlari siyosiy taraqqiyotiga oid tadqiqotlar ham kafedra ilmiy faoliyatining muhim qismidir. Dotsent U. Abdullayevning «Amir Temur diplomatiyasi va xalqaro munosabatlari shakllanishi hamda rivojlanish dinamikasi» (2025) monografiyasi va dotsent D. Xodjimuratovaning «Islom inqilobidan keyin Eron siyosiy tizimi evolyutsiyasi va transformatsiyasi» (2025) monografiyasi ushbu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar natijalaridandir.

Kafedra professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlash va ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda faol ishtirok etadilar.

Ilmiy ixtisoslik yo‘nalishlari (PhD va DSc):

  • 00.03 – Jahon tarixi;
  • 00.05 – Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi (tarix fanlari doirasida);
  • 00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari.

Xalqaro hamkorlik

Xalqaro hamkorlik kafedra faoliyatining muhim strategik yo‘nalishlaridan biridir. Kafedra xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan ta’lim, ilmiy tadqiqot va akademik almashinuv sohalarida hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda.

Hamkorlik aloqalari Hindistonning Javoharlal Neru universiteti, Malayziya universiteti, Koreya Respublikasining Keymyong universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti, Istanbul universiteti, Varshava universiteti, Sian xalqaro tadqiqotlar universiteti, Tyanszin normal universiteti va boshqa oliy ta’lim hamda ilmiy muassasalarni qamrab oladi.

Hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilarning xorijiy universitetlarda stajirovka o‘tashi va malaka oshirishi, xalqaro konferensiyalar va ilmiy forumlarda ishtirok etishi, xorijiy olimlar bilan uchrashuvlar, ochiq ma’ruzalar, mahorat darslari va qo‘shma ilmiy seminarlar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu aloqalar tajriba almashish, yangi tadqiqot usullarini o‘zlashtirish va kafedraning xalqaro ilmiy maydondagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Talabalar yutuqlari va yosh tadqiqotchilar

Kafedrada talabalarning ilmiy izlanishlarga jalb etilishi, xorijiy tillarni puxta egallashi va xalqaro akademik dasturlarda qatnashishi uchun imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Azamat Fayzulloyev 2023-yilda Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi, 2024-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, Behruz G‘aniyev (2025) va Ra’no Obidova (2026) Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Davlat stipendiyasiga munosib deb topilgan. Azamat Fayzulloyev «Yosh kitobxon» respublika tanlovining respublika bosqichida III o‘rinni egallagan.

Talabalarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishda ko‘p yillik an’anaga ega «Yosh tarixchi-sharqshunoslar» ilmiy to‘garagi, bugungi kunda «Tarixchi ustaxonasi» nomi bilan faoliyat yuritayotgan ilmiy maydon muhim ahamiyat kasb etadi. To‘garak doirasida talabalar tarixiy manbalar bilan ishlash, ilmiy maqolalar tayyorlash, konferensiyalarda qatnashish va ilmiy munozaralarda ishtirok etish ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.

Kafedra talabalari Qatar, Xitoy, Hindiston va Vengriya kabi mamlakatlarda talaba almashinuv dasturlari asosida tahsil olib, xalqaro akademik tajriba orttirganlar. Bitiruvchilarning bir qismi esa Xitoy, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Germaniya va Rossiya universitetlarida magistratura hamda ilmiy tadqiqot dasturlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy faoliyat va ustozlar merosi

Kafedra professor-o‘qituvchilari tarixiy bilimlarni ommalashtirish, jamiyatning tarixiy tafakkuri va siyosiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ham faol ishtirok etadilar. Professorlar S.B. Shadmanova va N.E. Karimova, dotsent Sh.I. Ikromov ommaviy axborot vositalari, telekanallar, radioeshittirishlar va internet nashrlarida ishtirok etib, Sharq mamlakatlari tarixi, O‘zbekistonning tarixiy merosi, xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlarga oid ilmiy sharhlar berib kelmoqdalar.

Kafedrada ustozlarning ilmiy merosini o‘rganish va xotirasini e’zozlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. 2026-yilda professor Temur G‘iyosov xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Professor Temur G‘iyosov auditoriyasi» tashkil etildi. Shuningdek, o‘zbek arabshunosligi rivojiga katta hissa qo‘shgan professor T. Sattorov xotirasiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Bu tashabbuslar ilmiy an’analar davomiyligini ta’minlash, ustozlar merosini yosh avlodga yetkazish va kafedrada avlodlar vorisligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Kelajak sari

Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi kafedrasi o‘zining boy tarixiy tajribasi, shakllangan ilmiy maktablari, salohiyatli professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari bilan milliy sharqshunoslik ta’limi hamda ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Kafedraning kelgusidagi ustuvor vazifalari ta’lim sifatini yanada oshirish, zamonaviy ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tarixiy manbalarni chuqur o‘rganish va raqamli tadqiqot usullarini tatbiq etishdan iborat. Shu bilan birga, Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasini zamonaviy metodologik yondashuvlar asosida o‘rganadigan, mustaqil ilmiy tahlil olib borishga qodir hamda xalqaro akademik muhitda faol ishtirok etadigan mutaxassislarni tayyorlash kafedraning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qoladi.

 

Kafedra professor-o‘qituvchilari tarkibi

  1. Qodirov Zikrilloxon Musoxonovich – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), kafedra mudiri.
  2. Shadmanova Sanobar Bazarbayevna – tarix fanlari doktori (DSc), professor.
  3. Karimova Natalya Ermanovna – tarix fanlari doktori (DSc), professor.
  4. Abdullayev Nodir Abdualhaevich – siyosiy fanlar doktori, professor.
  5. Xodjimuratova Dilshoda Sunnatillayevna – tarix fanlari doktori (DSc), professor v.b.
  6. Abdullayev Ulug‘bek Artikbayevich – tarix fanlari doktori (DSc), dotsent.
  7. To‘ychiyeva Ra’no Almamatovna – tarix fanlari doktori (DSc)
  8. Xudoyberdiyev Aziz Xelyamovich – tarix fanlari nomzodi, dotsent.
  9. Azimov Kamil Sarvarovich – tarix fanlari nomzodi, dotsent.
  10. Tursunova Suriya Minavvarovna – tarix fanlari nomzodi, dotsent v.b.
  11. Ikromov Shavkat Iskandarovich – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
  12. Beyhan Shan – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
  13. Xubbaliyeva Mahpurat Hamzayevna – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b.
  14. Mamatqulov Sirojiddin Husan o‘g‘li – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b.
  15. Yodgorov Sherbek Meylijonovich – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b.
  16. Fayzullayev Aziz Husan o‘g‘li – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b.
  17. Xayrullayeva Iroda Faxriddinovna – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta o‘qituvchi.
  18. Alimova Laziza Alisher qizi – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta o‘qituvchi.
  19. Egamberdiyev Abduvahob Abdurasul o‘g‘li – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta o‘qituvchi.
  20. Qalandarov Ulmas Faxriddin o‘g‘li – tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta o‘qituvchi.
  21. Imomnazarov Qahramon O‘tkurovich – katta o‘qituvchi.
  22. Petrosova Olga Nikolayevna – katta o‘qituvchi.
  23. Narimanov Diyorbek Maqsudovich – katta o‘qituvchi.
  24. Vohidov Alisher Avaz o‘g‘li – katta o‘qituvchi.
  25. Fayzullayev Adham Husan o‘g‘li – stajyor-o‘qituvchi.
  26. Xudoyberdiyev Akbarjon Alisher o‘g‘li – stajyor-o‘qituvchi.
  27. Qobilova Guljaxon Nozimjon qizi – stajyor-o‘qituvchi.

 

Kafedraning hamkor tashkilotlari

  • O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti;
  • O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti;
  • O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi;
  • O‘zbekiston Milliy universiteti.

Фотоснимки деятельности кафедры

photo_2022-09-16_18-38-46

Студенты-историки Восточного факультета САГУ, 1953 год.

photo_2022-09-16_18-38-50

03.11.2026, 09:15 12429