Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Odob-ahloq qoidalari

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining

ODOB-AXLOQ KODEKSI

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 1-modda. Ushbu kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar

Ushbu Kodeks O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, boshqa qonun va qonunosti hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, universitet pedagog va boshqa xodimlari, talabalari, doktorantlari (keyingi o‘rinlarda – xodim, talaba va doktorant) kasbiy odob-axloqining tamoyillari, normalari, ta’lim jarayoni va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.

 

2-modda. Odob-axloq kodeksining maqsad va vazifalari

Odob-axloq kodeksining maqsadlari:

xodim, talaba va doktorantlarda umumiy madaniyatni rivojlantirish;

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlarining zamonaviy imijini shakllantirish; xodim, talaba va doktorantlarni universitet va uning qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalash;

ta’lim muassasasi odob-axloqi tushunchasini takomillashtirish va universitetda tashqi ko‘rinish va xulq-atvorga bo‘lgan talablarga oid yagona yondashuvni ishlab chiqishdan iboratdir.

Odob-axloq kodeksining vazifalari quyidagilardan iborat:

huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, xodim talaba va doktorantlar orasida odob-axloq qoidalarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan nomaqbul hatti-harakat, jumladan, zo‘ravonlik, shafqatsizlik va hayosizlikni targ‘ib va tashviq qilish, shuningdek, turli salbiy illatlar va milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan g‘oya va qarashlar, ekstremizm, separatizm, fundamentalizm va “ommaviy madaniyat”ning ta’sir hamda xurujlaridan himoya qilish;

mazkur nomaqbul xatti-harakatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va ularni bartaraf etish;

xodim, talaba va doktorantlarni yuksak huquqiy ong, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga qat’iy rioya qilish ruhida tarbiyalash;

xodim, talaba va doktorantlarda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini doimo hurmat qilish va himoya qilish ko‘nikmasini shakllantirish va yuksaltirish;

xodim, talaba va doktorantlarda vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat qilish, xotin-qizlar sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ularga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik ruhida tarbiyalash;

universitetda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish va rivojlantirish;

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlarida tashqi ko‘rinishga oid madaniyatni shakllantirish uchun sharoitlar yaratish;

universitetning davlat va jamiyat hayotidagi hamda ta’lim tizimidagi nufuzi, obro‘-e’tiborini asrab-avaylash va yanada oshirish.

3-modda. Kodeksning amal qilish doirasi

Ushbu Kodeks universitetning barcha xodim, talaba va doktorantlariga nisbatan tatbiq etiladi.

2-bob. Kodeksning prinsiplari

 

4-modda. Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari xulq-atvorining asosiy prinsiplari

Mazkur Kodeks qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik, adolat, halollik va xolislik, samaradorlik va tejamkorlik prinsiplariga asoslanadi.

5-modda. Qonuniylik prinsipi

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya qiladilar hamda o‘z xizmat va o‘qish majburiyatlarini lavozim yo‘riqnomalari, mehnat shartnomalari, ushbu Kodeks qoidalari, universitet Ichki tartib qoidalari hamda ta’limga oid boshqa me’yoriy hujjatlarga muvofiq bajaradilar.

6-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy

manfaatlarining ustuvorligi prinsipi

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari universitetning oliy qadriyati bo‘lib hisoblanadi. Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaydilar va bunday buzilishlar ro‘y bergan hollarda ularni tiklashga ko‘maklashadilar.

 

7-modda. Vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik prinsipi

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari o‘z o‘qish va xizmat faoliyatlarini ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik asosida jamiyatning universitetga bo‘lgan talabi va ishonchini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Xodim, talaba va doktorantlar o‘z o‘qish va xizmat burchlarini o‘zaro xayrixohlik, o‘z manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qat’iy nazar lozim darajada bajaradilar.

 

8-modda. Adolat, halollik va xolislik prinsipi

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari o‘z xizmat va o‘qish faoliyatlarini amalga oshirishda adolatli, halol va xolis bo‘lishlari hamda universitetga, unga tegishli bo‘lgan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu prinsip talablari asosida munosabatda bo‘lishlari shart.

 

9-modda. Samaradorlik va tejamkorlik prinsipi

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari o‘z faoliyati samaradorligini innovasion texnologiyalarni tatbiq etish va boshqa yo‘llar bilan doimiy ravishda oshirib boradilar.

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari, o‘z navbatida universitetning mulkiga, o‘zining va boshqa shaxslarning vaqtiga mas’uliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.

3-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashish

 

10-modda. Korrupsiyaning har qanday shakl va ko‘rinishini qabul qilmaslik

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari korrupsiyaning har qanday shakli va ko‘rinishini qabul qilmaydilar va uning biror-bir tarzda namoyon bo‘lishiga qarshi hamjihatlikda qonuniy choralarni ko‘radilar.

Xodim, talaba va doktorantlar korrupsiyaga qarshi kurashishlari va uning profilaktikasiga faol ko‘maklashishlari, shuningdek, universitet korrupsiyaga qarshi kurashish Dasturi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xodim, talaba va doktorantlari tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish maqsadida murojaat qilish holatlari haqida xabardor qilish to‘g‘risida Nizom talablarini so‘zsiz bajarishlari, o‘z faoliyatlarini oshkora va adolatli amalga oshirishlari, yuqori axloqiy qadriyatlar va prinsiplarga sodiq qolgan holda qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etishlari shart.

4-bob. Xodim,talaba va doktorantlar yurish-turish va rasmiy muloqotiga oid talablar

 

11-modda. Universitetda kiyinish va tashqi ko‘rinishga oid qoidalar

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari o‘z o‘qish va kasbiga mos bo‘lgan zamonaviy kiyimda bo‘lishlari lozim.

Universitet xodimi, talabasi va doktoranti bo‘lgan xotin-qizlari diqqatni tortadigan, xususan, tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, yelka, ko‘krak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda, shuningdek, quloqchinlar, quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga turli zirak yoki metall buyumlar bilan, tanasining ko‘rinib turadigan qismida pirsing yoki tatuirovkada universitetga kelishlari mumkin emas. Shuningdek, professor-o‘qituvchi, xodim, talaba va doktorantlar universitetga kelishi ruxsat etilgan kiyimda keladi, turli din va konfessiyalar hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi kiyimlar (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) bilan universitet hududiga kelmaydi.

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodim, talaba va doktorantlarini belgilangan qoidalarga zid ravishda soch-soqoli o‘sgan, to‘zg‘igan va kiyinish talablariga rioya qilmagan holda kelishga yo‘l qo‘yilmaydi

Talaba-qizlar universitetga och rangli va yorqin rangda bo‘lmagan bluzkalarda, tizzani yopib turadigan yubka yoki odmi kostyum va to‘q rangdagi poyabzalda kelishlari lozim, shuningdek, o‘zlari bilan zaruriy o‘quv vositalarini olib kelishlari shart.

Universitet xodimi, talabasi va doktoranti bo‘lgan erkaklar oq, havorang, och jigar rang yoki och kulrang ko‘ylakda, klassik uslubdagi shim yoki odmi kostyum, galstukda va to‘q rangdagi poyabzalda kelishlari lozim. Bunda, talabalar o‘zlari bilan zaruriy o‘quv vositalarini olib kelishlari shart.

Xodim, talaba va doktorantlarning auditoriya va xizmat xonalarida ustki kiyim (plash, palto, kurtka kabilar)da yurishlari taqiqlanadi.

Xodimlar, talabalar va doktorantlarning tashqi qiyofasi va kiyimlari ozoda, pokiza bo‘lishi lozim.

 

12-modda. Majlis va yig‘inlarda ishtirok etish

Universitet xodim talaba va doktorantlari turli tadbirlar (majlislar, tantanali yig‘ilishlar, uchrashuvlar, bayramlar)dagi ishtiroki jarayonida so‘zga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari, tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikni saqlashlari shart bo‘lib, raislik qiluvchi va moderatorning ruxsatisiz luqma tashlash va so‘zga chiqish mumkin emas. Zarurat tug‘ilganda nutqlar o‘rtasida majlislar zalidan chiqib-kirish mumkin.

13-modda. Binolarda yurish-turish qoidalariga amal qilish

Binolarga kirish va chiqish joylarida, shuningdek, yo‘laklarda talabalar xodimlarni, erkaklar ayollarni, yoshlar esa kattalarni o‘zlaridan oldin o‘tkazib yuborishlari lozim.

Binoga kirayotgan har bir shaxs binolarga kirib-chiqishni nazorat qilish uchun tayinlangan mas’ul shaxs yoki navbatchiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (xizmat yoki talabalik guvohnomasi, pasport va h.k.) ochiq holda ko‘rsatishlari yoki maxsus berilgan ID-karta orqali turniketlardan o‘tishlari shart.

Xodim, talaba va doktorantlar universitet hududida yo‘lning o‘ng tomonidan yurishlari, shuningdek, yo‘lak va xollarda mobil aloqa vositalari orqali baland ovozda gaplashmasliklari kerak. Bir-birlariga duch kelganda salomlashishlari, bunda: talabalar xodimlarga, yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishlari tavsiya etiladi.

14-modda. Xodim,talaba va doktorantlarning rasmiy muloqot me’yorlari

Universitet professor-o‘qituvchisi, xodimi, talaba va doktorantlari tashkilot va muassasalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolar bilan o‘zaro munosabatga kirishganda quyidagi rasmiy muloqot me’yor va qoidalariga amal qilishlari kerak:

o‘z harakatlarini universitet manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirish, uning imijini saqlash va oshirish, universitet, uning xodimlari, talabalari va doktorantlari nomi va manfaatlariga ziyon yetkazadigan harakatlarni amalga oshirmaslik, shuningdek, ular bilan muloqot qilganda hamda ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarida o‘zlarining namunali xulq-atvori bilan universitet haqida yuksak ijobiy taassurot uyg‘otish;

xotin-qizlar bilan munosabatlar amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari, milliy an’analar va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslanishi shart;

Universitet, uning xodim, talaba va doktorantlari haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yoki noto‘g‘ri talqin qilingan, noto‘g‘ri talqin qilish uchun imkon beradigan ma’lumotlarni tarqatmaslik, bunday ma’lumotlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, jamoat oldida va ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda chiqishlar qilmaslik;

xodim, talaba va doktorantlarning roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni oshkor qilmaslik;

xodim, talaba va doktorantlar haqida ularning kasbiy va o‘quv faoliyatiga oid bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashtirmaslik;

xizmat axborotlarini taqdim etish qoidalariga amal qilish;

so‘ralgan axborotni yetarlilik (haddan tashqari qisqa shu bilan birga o‘ta keragidan ortiq) va ishonchlilik (qayta tekshirishni talab qilmaydigan) talablariga muvofiq holda taqdim etish;

o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida olingan ma’lumotlardan maqsadga muvofiq bo‘lmagan tarzda foydalanmaslik, shuningdek, ularni Universitet rahbariyati ruxsatisiz tarqatmaslik;

xodim, talaba va doktorantlarning ta’lim jarayonidagi faoliyati va kasbiy harakatlarini asossiz tanqid qilmaslik, jamoat oldida chiqishlar, shunindek, ommaviy axborot vositalari va turli xil ijtimoiy tarmoqlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va universitet faoliyati, uning xodimlari harakatlarini haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, asossiz va aniq dalillarga asoslanmagan holda muhokama qilmaslik va ular haqida baho berib, fikr-mulohazalar bildirmaslik.

15-modda. Ish va o‘qish vaqtiga rioya qilish

Xodim, talaba va doktorantlar dars mashg‘ulotlari va ishga o‘z vaqtida kelishlari, mehnat hamda o‘qish intizomiga rioya qilishlari shart.

 

16-modda. Universitetda g‘ayriaxloqiy va nojo‘ya xatti- harakatlarni sodir etishga yo‘l qo‘yilmasligi

Talaba va doktorantning o‘qishiga, xodimning esa universitetda mehnat faoliyatini yuritishiga to‘sqinlik qiladigan quyidagi g‘ayriaxloqiy va nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishi qat’iyan taqiqlanadi:

har qanday huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etish, jumladan, tuhmat qilish, haqoratlash;

giyohvand moddalar, psixotrop vositalar va ularning analoglari, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish va tarqatish;

tinchlik yoki osoyishtalikka qarshi tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar o‘ynash;

universitetga moddiy va uning ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir etuvchi ma’naviy zarar yetkazish;

xodim, talaba va doktorantlarga jismoniy, ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazish;

universitet atrof-muhitini har qanday ko‘rinishda ifloslantirish;

universitet binolari va hovlisida, shuningdek, universitet binolariga tutashgan hududda spirtli ichimliklar ichish va tamaki yoxud boshqa turdagi mahsulotlarni chekish hamda mast holda bo‘lish, tashqi ko‘rinishga va ushbu Kodeksda belgilangan qoidalarga zid ravishda
soch-soqoli o‘sgan, to‘zg‘igan va kiyinish talablariga rioya qilmagan holda kelish;

universitetga tegishli kompyuterlarda universitetga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy ma’lumotlar, behayo surat va filmlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, ekstremistik, separatistik va fundamentalistik kayfiyatdagi har qanday materiallarni tayyorlash, ko‘rish, saqlash, tarqatish va ularga da’vat etish;

o‘quv mashg‘ulotlari va ishga hamda xodim va talabalarning osoyishtaligiga xalaqit beradigan xatti-harakatlar sodir etish (radiouzatgich, televizor, multimedia va ovoz chiqaruvchi moslamalardan maqsadsiz foydalanish);

umumbashariy va milliy qadriyatlarga xos bo‘lmagan yoki universitet, uning xodimlari nufuziga putur yetkazadigan materiallarni Internet tarmog‘i va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yoki ulardan turli nomuvofiq maqsadlarda foydalanish.

Xodimlar, talabalar va doktorantlar tomonidan universitetning ishchanlik obro‘si, qadr-qimmati va nufuzini tushiradigan, ta’lim jarayonining ma’naviy buzilishiga olib keladigan agressiya, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, zo‘rlash va vahshiylik, vandalizm, millatlararo nizo qo‘zg‘atadigan, diniy yo‘nalishdagi, terrorizm, ekstremizm, va fundamentalizm, shuningdek, behayo va ishqiy sahnalarni namoyon qiladigan fotosuratlar, video va audioyozuvlardan foydalanish va ularning tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va Universitet faoliyati, uning xodimlari hamda talabalari sha’ni va qadr qimmati hamda ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir qiluvchi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, asossiz va tekshirilgan dalillarga asoslanmagan turli xil ko‘rinishdagi ma’lumot, fikr, mulohaza va munosabatlarni Internet, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa ommaviy axborot manbalarida, tarqatuvchilarda, tashuvchilarda paydo bo‘lishi (oshkor etilishi) hamda shunday ma’lumotlarga ijobiy munosabat bildirish (“layk” bosish, repost qilish) mazkur talaba va doktorantning o‘qishiga, xodimning esa universitetda mehnat faoliyatini yuritishiga to‘sqinlik qiladigan g‘ayriaxloqiy va nojo‘ya xatti-harakat hisoblanadi.

5-bob. Universitet rahbariyatining odob-axloqqa oid majburiyatlari va kasbiy faoliyatda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslikka oid tartiblar

 

17-modda. Rahbarning majburiyatlari

Rahbariyat hamda tarkibiy bo‘linma rahbarlari (keyingi o‘rinlarda – rahbar) o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionallik, xolislik, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, universitet yoxud uning tarkibiy bo‘linmasida ijobiy, ma’naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko‘maklashishi lozim. Rahbar bo‘ysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek, qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.

Rahbar o‘z faoliyatida:

kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish va mehnat munosabatlarida kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi;

guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizmga, shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi;

qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatmasligi;

manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi;

korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi;

xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuterlar, internet tarmog‘i, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanishlari, hordiq chiqarishlari, dam olishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoitlarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib yaratib berishi;

xodimlar faoliyatini samarali tashkil etib, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi shart.

Rahbar qo‘l ostidagi xodimlarning mehnat intizomiga rioya qilishlarini talab qilishi va uni ta’minlashga mas’uldir.

6-bob. Professor – o‘qituvchi xodim,talaba va doktorantlarning o‘zaro

munosabatlariga oid talablar

 

18-modda. Xodim,talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlari

Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlari milliy qadriyat va an’analar, yagona jamoaviy muhit, o‘zaro hurmat va e’tibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga asoslanishi lozim.

Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik, shaxsiyatni kamsitish, o‘zganing intellektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish qat’iyan man etiladi.

Pedagog xodimlar tomonidan talabalarga nisbatan o‘quv va tarbiya jarayonidagi yuqori talabchanlik ularning shaxsini hurmat qilish bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak.

19-modda. Pedagog xodim va talabalarning auditoriyadagi va undan tashqaridagi o‘zaro munosabatlari

Pedagog xodim auditoriyaga kirganida, barcha talabalar o‘rinlaridan turib hurmatlarini bildirgan holda kutib olishlari, so‘ngra pedagog xodim salomlashib, o‘tirishga ruxsat bergach, o‘z joylarini egallashlari kerak. Pedagog xodim darsini tugatib, auditoriyadan chiqib ketayotganda ham talabalar o‘rinlaridan turib, kuzatib qo‘yishlari lozim.

Pedagog xodimlar o‘quv jarayoni va boshqa holatlarda ham talabalarning shaxsini hurmat qilishi, ular bilan munosabatda ochiqlik va  xayrixohlik tamoyillariga amal qilish, talabalarga ta’lim berish jarayonida o‘z vazifalarini beg‘araz amalga oshirishi, talabaga munosabatda ularni kamsitish, qo‘pol so‘z ishlatish, o‘zini yuqori tutish va tanish-bilishchilik kabi yondashuv shakllarini mutlaqo qo‘llamaslik, ularga nisbatan doimo haqqoniy munosabatda va xolis bo‘lishlari shart.

Pedagog xodimlar talabalarga ularni qiziqtirgan fan yoki o‘quv kursiga oid masalalar yuzasidan dars jarayonidan tashqari vaqtlarda bergan savollariga ham axloq me’yorlariga amal qilgan holda javob qaytarishlari va ularni fanga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqlarini oshirish choralarini ko‘rishlari zarur.

20-modda. Akademik ta’qib va tazyiqqa yo‘l qo‘yilmasligi

Universitet hayotida rahbariyat yoki pedagog xodim tomonidan talabalarni ularning roziligisiz muayyan ishlarga jalb etganlik, haq to‘lamasdan ularning mehnat kuchidan foydalanish (universitet va unga biriktirilgan boshqa hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilingan holda ixtiyoriy shanbalik va boshqa turdagi tadbirlar tashkil etilgan hollar bundan mustasno) maqsadida ularga murojaat etilganida, talabalar tomonidan bunday so‘rovga rad javobining berilishi pedagog xodim tomonidan kelgusida ularga dars mashg‘ulotida past baho qo‘yish yoki boshqa turdagi tazyiq va ta’qib (academic harassment) qilish bilan bog‘liq munosabat ko‘rsatilishiga imkon bermaydi va bunday ta’qib qattiq qoralanadi.

21-modda. Uyali aloqa vositalaridan foydalanish

Dars mashg‘ulotlari vaqtida uyali aloqa vositalaridan foydalanish barcha uchun qat’iyan taqiqlanadi. Uyali aloqa vositalaridan foydalanishga zarur va uzrli holatlarda pedagog xodimning ruxsati bilangina ruxsat etilishi mumkin.

22-modda. Dars mashg‘ulotida ishtirok etish

Talabalarning darsga kech qolib kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Lekin uzrli sababga ko‘ra darsga kech qolgan talaba uzr so‘rab, pedagog xodimning ijozati bilan auditoriyaga kirib o‘z joyini egallashi mumkin.

Pedagog xodim dars mashg‘ulotlariga o‘zining nojo‘ya harakatlari bilan xalaqit berayotgan talabani yuzaga kelgan vaziyat haqida fakultet dekanini
(u o‘z o‘rnida bo‘lmaganda dekan o‘rinbosari yoki tyutor-guruh murabbiysini) xabardor qilgan holda darsdan chetlatishi mumkin.

23-modda. Dars mashg‘ulotidan tashqari vaqtda muloqot qilish

Talaba uchun pedagog xodim bilan dars mashg‘ulotlaridan tashqari vaqtda muloqot qilish zarurati bo‘lsa, u holda muloqot:

maslahat soatlari, mustaqil ish yoki o‘zaro kelishuv bo‘yicha belgilangan vaqtda amalga oshirilishi mumkin;

talaba o‘zi muloqot qilmoqchi bo‘lgan pedagog xodimning lavozimi, ismi, otasining ismi va familiyasini bilishi maqsadga muvofiq.

Asoslangan jiddiy sabablar (qo‘pollik, tamagirlik, dars sifatining pastligi, pedagog xodimning aybi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilishidagi muntazam uzilish hollarini isbotlovchi dalillar va b.) hamda guruh (kurs)ning yakdil fikri mavjud bo‘lgan holatlarda talabalar pedagog xodimni almashtirish haqida iltimos bilan fakultet dekaniga murojaat qilishlari mumkin.

24-modda. Subordinatsiya

Rahbar xodimlarga xodim, talaba va doktorantlar tomonidan biron-bir masala yuzasidan vujudga kelgan holatlar bo‘yicha murojaat qilinishi muayyan tartib (subordinatsiya tamoyili), ya’ni munosabat bildirishdagi rahbariyat bo‘g‘inlariga bosqichma-bosqich chiqish asosida tashkil etiladi. Universitet rektoriga talabalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish holatlari bundan mustasno.

25-modda. Tashabbus va faollik

Xodim, talaba va doktorantlarning universitetda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish, innovasion g‘oyalardan samarali foydalanish, turli xil manfaatli tadbirlar uyushtirish bo‘yicha tashabbus va g‘oyalari rag‘batlantiriladi.

 

7-bob. Xodim, talaba va doktorantlarning odob-axloqqa oid majburiyatlari

 

26-modda. Odob-axloqqa oid majburiyatlar

Universitetga o‘qishga, ishga kirayotgan shaxslar mazkur Kodeks bilan yozma ravishda (imzo chektirib) tanishtiriladilar.

Xodim, talaba va doktorantlar:

qonun hujjatlari va mazkur Kodeks talablariga rioya etishga;

doimo yuksaklikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglashga;

odob-axloqqa oid milliy an’analarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni hurmat qilishga;

o‘z ustilarida doimiy ravishda ishlash va qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini muntazam ravishda o‘rganib borishga;

o‘z vazifalarini vijdonan, professional darajada amalga oshirishga;

universitet obro‘-e’tibori va nufuziga dog‘ tushiradigan har qanday harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyishga;

universitet to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari va ishchanlik obro‘siga ziyon yetkazish maqsadida foydalanmaslikka;

universitet mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish (ko‘char va ko‘chmas mulk, o‘simlik va hayvonot dunyosiga va b.), shu jumladan, xizmat vazifasini bajarish uchun berilgan moddiy texnika vositalaridan to‘g‘ri va tejamkorona foydalanishga;

elektr energiyasi va suvni tejamkorona ishlatishga;

biron-bir noxush voqea yoki hodisa ro‘y bersa, u haqda zudlik bilan Universitet rahbariyatiga xabar berishga;

belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya qilish, o‘z vazifalarini og‘ishmay bajarishga, xodim, talaba va doktorantlarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilmaslikka, hech bir shaxs haqida jinsi, irqi, millati, tili, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va lavozimi haqida hamda boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar noto‘g‘ri fikr yuritmaslikka va uni kamsitmaslikka;

xodim, talaba va doktorantlar, shuningdek, boshqa shaxslar haqida turli ig‘vo, fitna, g‘iybat va bo‘htonlar uyushtirmaslikka va tarqatmaslikka;

universitet ishchanlik obro‘si yoki nufuziga putur yetkazadigan nizoli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikka;

xodim, talaba va doktorantning mehnat va o‘quv jarayonidagi sa’y-harakatlariga qasddan ziyon yetkazmaslikka;

xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar sodir etmaslikka, shilqimlik qilmaslikka, o‘zaro munosabatlarda umume’tirof etilgan axloq qoidalarini mensimaslikda ifodalanuvchi behayo so‘zlardan foydalanmaslikka;

davlat organlari va mansabdor shaxslarning, shuningdek, Universitet rahbariyatining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) o‘z vaqtida va sifatli bajarishga;

shaxsiy foydasi hamda o‘zgalar manfaatini ko‘zlab o‘z mavqeini suiiste’mol qilmaslikka;

haqiqatni gapirishga, rahbarlar va boshqa xodimlarni chalg‘itmaslikka;

mutasaddi xodimlarning ruxsatisiz turli reklama vositalarini o‘rnatmaslikka;

kasbiy faoliyati davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan, ularning oshkor etilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beriladigan axborotning saqlanishi va maxfiyligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishga;

sog‘lom turmush tarzini yuritish va atrofdagilarning sog‘lig‘ini saqlashga g‘amxo‘rlik qilish, estetik va ekologik madaniyatning oshishiga ko‘maklashishga;

tanqidiy mulohazalarni bildirishga va ob’ektiv qaror qabul qilishga, o‘z xato va kamchiliklarini anglash va bartaraf etishga;

moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligini turli yo‘llar bilan ataylab ko‘z-ko‘z qilmaslikka;

Axborot-resurs markazi xodimlari bilan xushmuomala bo‘lishga, kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, u yerda uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yish yoki ovozsiz rejimga qo‘yishga, baland ovozda so‘zlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslikka, oziq-ovqat iste’mol qilmaslik, qog‘oz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslikka, kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilishga;

sport majmuasiga sport kiyimi va poyabzalida kirishga;

sport inventarlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga;

mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirishga;

sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilishga;

universitet auditoriyalari, binolari va binolarga tutashgan hududda tozalikni saqlashga;

hududni ifloslantirmaslik, chiqindilarni joylarda qo‘yilgan maxsus qutilarga tashlashga;

shaxsiy avtomobilni taqiqlangan joyda qoldirmaslik, yo‘l harakati qoidalarini buzmaslik  va mensimaslikka (beparvo bo‘lish), shuningdek, transport vositalaridan foydalanishda xavf-xatar yaratmaslikka;

ish (o‘qish)dan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka majbur.

27-modda. Odob-axloqqa oid qo‘shimcha talablar

  1. a) talabalar:

nutq madaniyatini doimiy takomillashtirib borishga;

talabalarning o‘z-o‘zini boshqarish tizimini faol qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, ijodiy faoliyatni rivojlantirish va jamoaviy madaniyatni o‘stirishga;

pedagog xodim bilan boshqa talabalarning bahosini muhokama qilmaslikka;

yozma ishlarni himoya qilish va reyting nazoratiga doir tartib-qoidani bajarish vaqtida chetdan yordam olmaslik, o‘zgalarga yordam ko‘rsatmaslikka;

boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni o‘z nomidan topshirmaslikka;

mashg‘ulotlarni sababsiz o‘tkazib yubormaslikka va darslarga sababsiz kechikib kelmaslikka;

o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida universitet hududida behuda yurmaslikka;

dars mashg‘ulotlari o‘tilayotgan vaqtda fakultet dekanlari, magistratura bo‘limi boshlig‘ining ruxsatisiz Universitet hududidan ketib qolmaslikka;

xodim, talaba yoki doktorant bilan nizoli vaziyat yuzaga kelganda o‘z hissiyotlarini jilovlashga va mazkur vaziyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli bo‘linma va xodimlarga (murabbiy (tyutor), dekan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, Ma’naviyat va ma’rifat markazi) murojaat qilishga;

o‘quv jarayonida faol, e’tiborli bo‘lishga va pedagog xodimning ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishga;

dars vaqtida gaplashmaslik hamda dars mashg‘ulotiga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanmaslikka;

jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, stol va stullarga yozmaslikka;

qog‘oz, saqich va boshqa keraksiz narsalarni auditoriyada qoldirib ketmaslikka;

mashg‘ulotlar davomida ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslikka, shuningdek, shaxsiy kompyuter  va boshqa kommunikatsiya vositalaridan faqat pedagog xodim ruxsati bilan foydalanishga;

pedagog xodimga mashg‘ulotlar vaqtida savol yoki iltimos bilan qo‘l ko‘targan holda va ruxsat berilganidan so‘ng murojaat qilishga;

umumiy ovqatlanish joylarida taomlarga buyurtma berish va olishda navbat tartibiga hamda belgilangan qoidalarga rioya qilishga;

Talabalar turar joyi Ichki tartib qoidasiga qat’iy rioya qilishga;

jamoat xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib, imkon darajasida universitetga jamoat transportida kelishga;

  1. b) xodimlar:

o‘z xizmat joyidagi tartib-intizomga va Universitet ichki tartib qoidalariga rioya qilishga;

ta’tildan oldin yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganda o‘z xizmat joyini talabga javob beradigan holatda qoldirishga, o‘z zimmasidagi orgtexnika vositalari va boshqa materiallarni, o‘ziga topshirilgan, lekin hali yakunlanmagan vazifalarni boshqa shaxsga topshirmaslikka;

telefon orqali muloqot qilishda muomala madaniyati va axborot taqdim etish qoidasiga rioya qilishga (jumladan, suhbatni eng avval rasmiy tarzda salomlashishdan boshlab, so‘ng o‘z xizmat muassasasi, lavozimi hamda familiyasi, ismi, sharifini aytib, maqsadga o‘tish lozim, taqdim etilayotgan axborot maksimal qisqa, lo‘nda va aniq bo‘lishi kerak, so‘ralayotgan ma’lumot suhbat jarayonida izlanishi tufayli telefon tarmog‘ini band qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, zarurat bo‘lsa, qayta qo‘ng‘iroqni amalga oshirish mumkin);

yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga;

yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan ekstremistik ta’sirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borishga;

ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda va ma’rifiy ishlarning samarali shakl hamda uslublarini ishlab chiqishga ko‘maklashishga;

o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tug‘diradigan xatti-harakatlarni qilmaslikka, talabalar bilan o‘z hamkasblarini kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilmaslikka;

talabalarni asossiz o‘quv mashg‘ulotlaridan chiqarib yubormaslikka, shuningdek, talabaga universitet talabalar safidan chetlashtirish (kursdan kursga qoldirish) yoki talabaning majburan o‘qishdan voz kechishiga undash bilan qo‘rqitmaslikka, uning asossiz talabalar safidan chetlashtirilishiga (kursdan-kursga qoldirilishiga) olib kelmaslikka;

akademik guruhda (kursda) talabalar xulqining umumiy madaniy holati haqida fakultet dekanlariga kerak bo‘lgan hollarda ta’sir choralari ko‘rish lozimligi yuzasidan yozma ma’lumot taqdim etish kabi talablarni bajaradilar.

8-bob. Rag‘batlantirish va chora ko‘rish tartibi

 

28-modda. Xodim va talabalarni rag‘batlantirish

O‘quv yili davomida mazkur Kodeksga to‘la rioya qilgan, Universitetda yuksak ma’naviy-axloqiy muhitning yanada qaror topishi va mustahkamlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan xodim va talabalar rahbariyat, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va boshqa tarkibiy bo‘linma rahbarlari tavsiyasiga binoan belgilangan tartibda moddiy yoki ma’naviy rag‘batlantirilishlari mumkin.

 

29-modda. Kodeksga rioya qilishning attestatsiya va boshqa jarayonlar uchun ahamiyati

Xodimlar tomonidan mazkur kodeksga rioya etilishi attestatsiyalar o‘tkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash (kareraviy o‘sish) uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.

 

30-modda. Kodeks qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik

Universitet xodim, talaba va doktoranti tomonidan mazkur Kodeks qoidalarining buzilishi uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

31-modda. Kodeks va ichki tartib-qoidalarning o‘zaro munosabati

Xodim, talaba va doktorantlar mazkur Kodeks qoidalarini buzganida, ularga nisbatan universitet Ichki tartib qoidalarining VII bobida (Mehnat va o‘qish intizomini buzganlik uchun javobgarlik) qayd etilgan choralar qo‘llaniladi.

 

9-bob. Odob-axloq komissiyasi faoliyatini tashkil etish

 

32-modda. Odob-axloq komissiyasi

Mazkur Kodeks normalarining xodim, talaba va doktorantlar tomonidan buzilishiga oid masalalar, qoida tariqasida, Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.

Shuningdek, Odob-axloq komissiyasi, qoida tariqasida, universitet rektorining ko‘rsatmasi bo‘yicha;

xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra;

o‘z tashabbusi bilan;

universitet xodim, talaba va doktorantlaridan, shuningdek, universitetga aloqa kanallari orqali kelib tushgan axborot asosida ham ushbu turdagi masalalarni ko‘rib chiqishi mumkin.

Odob-axloq komissiyasi kamida 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Odob-axloq komissiyasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va uning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalar universitet rektori tomonidan tasdiqlangan Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi nizomda belgilanadi.

 

33-modda. Odob-axloq komissiyasi xulosasi

Odob-axloq kodeksining buzilishi holatlarini Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqa tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda universitet rektoriga ko‘rib chiqishi uchun qoidabuzar xodim, talaba va doktorantni javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xususiyatini hisobga olgan holda Odob-axloq komissiyasi xodim, talaba va doktorantga nisbatan Odob-axloq kodeksining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.

Odob-axloq kodeksiga rioya etmagan xodim, talaba va doktorantni intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha buyruq loyihasi fakultet dekanlari va magistratura bo‘limi (talabalarga nisbatan), kadrlar bo‘limi (xodimlar va doktorantlarga nisbatan) tomonidan tayyorlanadi.

Xodim, talaba va doktorantlar o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek, universitet qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadirlar.

 

34-modda. Jamoatchilik nazorati

Xodim, talaba yoki doktorantning xulq-atvori ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida, mazkur Kodeksga rioya etmaganlik holatlari Kasaba uyushmasi qo‘mitasi, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotida ham muhokama qilinishi amaliyoti joriy etilishi mumkin.

 

10-bob. Yakuniy qoida

 

35-modda. Kodeksning kuchga kirishi hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish

Mazkur kodeks universitet Kengashi tomonidan tasdiqlanganidan co‘ng kuchga kiradi va unga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish universitet Kengashi qaroriga binoan amalga oshiriladi.

 

28.06.2024, 16:04 9846