Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 82 39 / +998 95 515 15 05

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Pandemiya davrida biz yangicha imkoniyatlardan foydalanishni o’rgandik

09.07.2020, 20:01 Yangiliklar 375

Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida yana bir o‘quv yili yakuniga yetdi. Ortga nazar tashlasak, beixtiyor, bu yilgi mavsum juda murakkab, o‘ziga xos kechganiga guvoh bo‘lamiz. Yurtimizdagi barcha oliy o‘quv dargohlari kabi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti uchun ham 2019-2020 o‘quv yili esda qolarli voqealarga boy keldi. Mazkur ta’lim muassasasida ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirildi, qiziqarli g‘oyalar hayotga tadbiq etildi. Faoliyatimizda biz mudom yangilik, innovatsiya singari tushunchalarga, eng ilg‘or va zamonaviy uslublarga tayandik.

O‘tgan davr mobaynida o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirish borasida universitet jamoasi erishgan yutuqlar to‘g‘risida ko‘p gapirishimiz mumkin. Binobarin, hozir masalaning boshqa jihatiga e’tibor qaratmoqchimiz.

Ma’lumki, o‘tgan yilning dekabrida Xitoyda paydo bo‘lgan koronavirus 2020 yil yanvar oyi oxirlariga kelib boshqa davlatlarni ham tashvishga sola boshladi. O‘sha payt universitetimizning 24 (bu raqam respublikamiz oliy o‘quv yurtlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich) talabasi grant asosida Chin diyorida tahsil olayotgan edi. Biz ular bilan doimiy aloqada bo‘lib turdik. Bir necha marta muloqot olib borganimizdan so‘ng talabalarimiz universitet ma’muriyati tomonidan qabul qilingan Xitoyda o‘qiyotgan yoshlarimizni Vatanga qaytarish haqidagi qarorimizni qo‘llab-quvvatlashdi.

Fevral oyi boshlarida O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan maxsus charter reyslar bilan talabalarimiz Toshkentga qaytishdi. Ikki haftalik karantindan so‘ng ular o‘qishni o‘zlari uchun qadrdon bo‘lgan dargohda davom ettirishdi.

Shundan so‘ng koronavirus infeksiyasi yer yuzi bo‘ylab juda tez tarqala boshladi. 2020 yil mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab bizning universitetda ham o‘quv jarayoni to‘liq onlayn, ya’ni masofaviy rejimga o‘tkazildi. Rahbariyat nisbatan qisqa muddatda zoom, moodle, telegram singari platformalarga asoslangan ta’lim tizimini yo‘lga qo‘ydi. Quvonarlisi, jamoamiz a’zolarining jipsligi, birdamligi, yangicha va shu bilan birga anchayin murakkab sharoitlarda munosib ish yuritishga intilishi qiyin vaziyatda asqotdi. To‘g‘risi, ayni holatda rahbariyatning qat’iy topshirig‘i emas, balki professor-o‘qituvchilar tarkibi, shu jumladan xorijlik o‘qituvchilarning jonkuyarligi, professional mahorati va mas’uliyati hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Onlayn ma’ruzalar, masofaviy ta’limni rivojlantirish, video ma’ruzalar zahirasini shakllantirish – bularning bari haqida oxirgi o‘n yillikda juda ko‘p gapirildi. Afsuski, ayni soha uzoq vaqtdan beri yetarli darajada rivojlanmagani ham haqiqat. Albatta, buning asosli sabablari bor: kuchsiz internet, ko‘pchilik pedagoglarda yangicha muhitda ishlash ko‘nikmasi yo‘qligi va hokazo. Vaholanki, so‘nggi bir necha oyda o‘qituvchilar ham talabalar ham ana shunday sharoitlarga moslashishning uddasidan chiqishdi. Hozirgi ish jarayonini kuzata turib, kishida shunday taassurot paydo bo‘ladiki, go‘yo avvallari ham xuddi shunday tartibda ishlab kelganmiz.

Bugungi kunga kelib universitet video ma’ruzalari zahirasi minglab yozuvlardan iborat. Yangi o‘quv yiligacha har bir o‘qituvchi o‘z oldiga o‘zi dars o‘tadigan fan bo‘yicha to‘liq elektron kontent tayyorlashni maqsad qilib qo‘ydi. Mavjud kafedralar xodimlari xorijlik hamkasblari bilan mutaxassislikning dolzarb masalalari bo‘yicha vebinarlar o‘tkazishda keskin faollashgani kuzatilyapti. Bunday tadbirlarda talabalar ham ishtirok etmoqda.

Mamlakatimizda karantin tartibi joriy qilingandan keyin ham biz chet ellik o‘qituvchilar, talabalar va malaka oshiruvchilarimiz bilan doimiy mustahkam aloqani ushlab turdik. To‘g‘ri, xorijiy davlatlar elchixonalari tomonidan o‘z fuqarolarini yurtga olib ketish uchun charter reyslar tashkil etildi, biroq xorijiy mutaxassislarimizning aksariyati universitetda qolishni afzal ko‘rdi. Zero, ular aynan O‘zbekiston hozirgi murakkab sharoitda eng xavfsiz joy, deb hisoblashdi. Albatta bu hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, qolaversa, pandemiya davrida respublikamizda yo‘lga qo‘yilgan qat’iy intizom mevasi edi. Ayni haqiqat chet el OAV sahifalarida ham ta’kidlanib, bir necha bor yoritildi.

Yangi muhitda ishlash ko‘nikmalarini egallash universitet jamoasiga xalqaro hamkorlikni to‘xtatib qo‘ymaslik imkonini berdi. Xalqaro miqyosda bir qator video anjumanlar o‘tkazildi. Vaholanki, avvallari onlayn-tadbirlar tashkil qilinishini tasavvur qilib bo‘lmas edi.

Masalan, may oyida xorijiy oliy o‘quv yurtlarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida turkum-vebinarlar o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvlar chog‘ida universitetda kredit-modul tizimini joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. AQSh, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa ko‘plab yetakchi oliy o‘quv yurtlari tajribasi ko‘rib chiqildi. Ilk bor MDH mamlakatlari oliy o‘quv yurtlari ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro videokonferensiyada 9 ta Hamdo‘stlikka a’zo davlatdan 10 ta yirik oliy ta’lim muassasasi ishtirok etdi. Ushbu tadbir pandemiyaning mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’siri mavzusiga bag‘ishlandi. Xuddi shunday videokonferensiya AQSh ekspertlari ishtirokida ham tashkil etildi. Ushbu tadbirlar haqidagi axborotlar g‘arb davlatlarining nufuzli OAV sahifalaridan o‘rin oldi.

O‘quv yili odatda bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bilan yakunlanadi. Bu yil ham universitet shonli an’anadan chekinmagan holda, ushbu marosimni onlayn tartibda o‘tkazishga qaror qildi. Eng muhimi, bu tashabbusni yoshlarimiz ham qo‘llab-quvvatladi. Axir, 2020 yilgi bitiruvchilar dastlabki “onlayn bitiruvchilar” bo‘lishdi-da! Ushbu muhim tadbirda O‘zbekistondagi diplomatik missiyalar rahbarlari – Yaponiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkiya, Hindiston, Indoneziya, Misr, Eron davlatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari ham ishtirok etib, bitiruvchilarga o‘z tabriklarini yo‘lladilar.

Bir so‘z bilan aytganda, koronavirus pandemiyasi insoniyatga mislsiz kulfat, tashvish keltirish barobarida, juda ko‘p sohalarda, jumladan ta’lim tizimida ham yangi imkoniyatlarni ochdi. Ishonchim komilki, qiyin kunlar, albatta, ortda qoladi. Barchamiz jipslashib, bu davrdan avvalgidan ko‘ra yanada kuchli, mustahkam bo‘lib chiqamiz va universitetimiz tarixida yangi sahifa ochishga erishamiz.

Elyor Mahmudov,

TDSHUning xalqaro hamkorlik bo‘yicha

prorektori

http://uza.uz/oz/society/pandemiya-davrida-biz-yangicha-imkoniyatlardan-foydalanishni-09-07-2020

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: