Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

«Rektor va yoshlar» uchrashuvi, talabalar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashning yangicha tamoyili

22.10.2026, 16:53 Yangiliklar 64

2026-yil 22-oktabr kuni Universitet talaba-yoshlarning muammolarini oʻrganish, ularning taklif va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida «Rektor va yoshlar» uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbirda universitet rahbariyati, olimlar hamda faol talabalar ishtirok etdilar.

Uchrashuvni universitet rektori, professor Saodatxon Nasirova ochib berdi. Rektor oʻz nutqida «Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030 strategiyasi»da belgilangan ustuvor vazifalar hamda bugungi kunda davlatimiz tomonidan talaba-yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Professor S.A.Nasirova yoshlar hayotidagi eng muhim masalalar sifatida quyidagilarni taʼkidladi:
– Mutolaa madaniyati: Talabalar orasida kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish.

– Yoshlar bandligi: Talabalarning darsdan boʻsh vaqtlarida daromad topishlari va amaliyot oʻtashlari uchun imkoniyatlarni oshirish.
– Huquqbuzarlikning oldini olish: Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik holatlarini qat’iy nazorat qilish, qonunga hurmat ruhini shakllantirish.
– Til bilish darajasi: Zamon talabi sifatida kamida bitta xorijiy tilni B2 darajasida oʻzlashtirish va xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritish.

Shundan soʻng, tadbirda mehmon boʻlgan taniqli ziyolilar soʻzga chiqdilar. Professor Hayrulla Hamidov kitobxonlikning inson kamolotidagi oʻrni hamda oʻzbek adabiyotining durdona asarlarini sharq va gʻarb tillariga tarjima qilish, milliy merosimizni dunyoga tanitishning ahamiyati haqida yoshlarga murojaat qildi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Farogʻat Xudoqulova esa, ona tilimizning sofligini saqlash, uning qadri va nufuzini oshirish, talabalarni milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga chorladi.

Uchrashuvning ikkinchi qismi ochiq va samimiy savol-javob tarzida davom etdi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar, taʼlim jarayoni va ijtimoiy masalalardagi muammolar hamda yangi loyihalari bilan rektorga yuzlandilar. Barcha murojaatlar tinglanib, ularning yechimi boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi. Bugungi yoshlar kuni tadbiri erkin muloqot tarzida o’tib, taassurotlarga boy o’tdi.