Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TALABALARGA TAVSIYA VA MASLAHATLAR

Suhbatdan o‘tish bo‘yicha foydali maslahatlar

Ilk taassurot

Suhbat davomida siz qoldiradigan ilk taassurot suhbatdan va baholash jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tishingizga zamin hozirlaydi. Quyidagi maslahatlar sizga suhbat vaqtida o‘zingizni xotirjam his qilishingiz va o‘z kuchingizni a’lo darajada ko‘rsata olishingizga yordam beradi:

  • Suhbatga vaqtida keling, yo‘lda transport kutish va adashib qolish xavfi bo‘lsa barvaqt yo‘lga chiqing.
  • Uyali telefoningizni o‘chirib qo‘ying.
  • Hammaga, shu jumladan suhbat jarayoniga daxli bo‘lmaganlarga ham muloyim bo‘ling; esdan chiqarmang: suhbat joyiga yetib kelishingiz bilan siz diqqat markazidasiz.
  • Suhbat davomida o‘zingizga bo‘gan ishonchingizni va ishga bo‘lgan ishtiyoqingizni ko‘rsatish uchun suhbat o‘tkazuvchining ko‘ziga qarab suhbatlashing (ammo tikilib qarashdan saqlaning) va tabassum qilishdan tortinmang.
  • Agar hay’at tomonidan suhbat o‘tkazilayotgan va ba’zi hay’at a’zolari savol berishmayotgan bo‘lsa ham har bir hay’at a’zosiga nazar tashlang va murojaat qiling. Suhbatda har bir hay’at a’zosining o‘z o‘rni bor: hay’at a’zolaridan biri sizning bo‘lg‘usi menejeringiz bo‘lishi mumkin.
  • Qo‘l berib ko‘rishish suhbat o‘tkazuvchi bilan ko‘rishishning eng maqbul yo‘li hisoblanadi. Qat’iyat bilan qo‘l siqib ko‘rishing.
  • Shaxdam qadam tashlab ishonch bilan yuring va behosdan birovning joyiga o‘tirib qo‘ymaslik uchun o‘tirish uchun joy taklif qilinishini kuting. Oldinga biroz engashib to‘g‘ri o‘tiring. Suhbatdan o‘tkazuvchilar qanday o‘tirganiga diqqat qiling va ularning o‘tirish tarziga taqlid qiling. Bukchayib o‘tirish manmanlik deb qabul qilinishi mumkin.
  • Juda tez gapirmaslikka harakat qiling (asabiylashganda bo‘lishi mumkin) va so‘zlash ohangini o‘rtacha tuting. Chuqur-chuqur nafas olish bunga yordam beradi. Jargon so‘zlarni ishlatishdan va ko‘p to‘xtalishdan saqlaning.

Suhbat savollari

Ish beruvchilar tomonidan beriladigan odatiy savollar quyidagilardan iborat:

Ma’lumotingiz:

  • Qayerda va qanday sohada ta’lim olgansiz? Shu borada gapirib bering. Nima uchun bu sohani tanlagansiz? ….. haqida nimalarni bilasiz? • Bilimingizni qay yo‘sinda orttitib borasiz?
  • Ta’lim olishni davom ettirish niyatingiz bormi? Qayerda? Qaysi yo‘nalish bo‘yicha? Qachon? Nima uchun?

Kasb bo‘yicha tajribangiz:

  • Avvalgi ishingiz haqida gapirib bering. Qanday lavozimda ishlagansiz?
  • Qanday vazifalar bajargansiz? Qanday mas’uliyatga ega edingiz?
  • Odatiy ish kuningizni tasvirlab bering.
  • Ish joyingizda erishgan yutuqlaringiz haqida gapirib bering.
  • Bu ishga avvalgi ishingizda orttirgan qaysi tajribani qo‘llash mumkin?

Ishni o‘zgartirish sabablari:

  • Nima uchun oldingi ishingizdan ketdingiz?
  • Oldingi ishingizda sizga qaysi jihatlar yoqardi va qaysilar yoqmasdi?

Ba’zan shaxsiy yoki kelajakdagi rejalaringiz to‘g‘risida ham so‘ralishi mumkin.

  • Qaysi turdagi ishga qiziqasiz?
  • Sizga bundan boshqa ishlar taklif qilinganmi?
  • Qancha oylik-maoshi olishni ko‘zlamoqdasiz?
  • Yangi ishni qanday mezonlar asosida tanlaysiz?

Ish beruvchilar orasida nomzodlarni suhbatdan o‘tkazganda hatti-harakatni tahlil qiladigan savollar berish strategiyasi ommalashmoqda. Bunday savollar qisqa hayotiy holatlarni tasvirlash, faraziy javoblardan qochish, suhbat davomida suhbatdan o‘tuvchining fikrini boshqarishdan saqlanish va nomzodlarning oldindan belgilangan ishga qabul qilish mezonlariga mosligini aniqlashga qaratilgan. Ish beruvchilar bunday savollardan suhbatdan o‘tuvchining ma’lum bir ishning tanlov talablariga javob berishi yoki bermasligini aniqlash uchun hamda uning o‘tmishdagi hatti-harakatlarini tahlil qilish uchun foydalanadilar. Ko‘pchilik ish beruvchilar hatti-harakatni tahlil qilish imkonini berivchi hamda an’anaviy savollardan aralash foydalanadilar.

Tashkilotchilik mahorati

  • Rejalashtirish qobiliyati. Siz qachondir biror tadbirni rejalashtirishingizga to‘g‘ri kelganmi? Qanday choralarni ko‘rgansiz? Natijalar qanday bo‘lgan?
  • Birinchi navbatda qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni to‘g‘ri belgilay olish qobiliyati Siz o‘qish, ish yoki boshqa majburiyatlar bilan juda ham band bo‘lgan vaqt haqida so‘zlab bering? Siz bularni qanday uddaladingiz? Nima ishlarni qildingiz?
  • Ishni taqsimlab berish qobiliyati. Siz hech biror ishni boshqarayotgan yoki tashkillashtirayotgan va boshqalar sizga yordam berayotgan vaziyatda bo‘lganmisiz? Ishlarni qanday taqsimlagansiz? Qanday natijalarga erishgansiz?

Muomala qilish mahorati

  • Mijozlar bilan aloqalar. Odamlar bilan bevosita ishlash yoki xaridorlarga xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullangan bo‘lsangiz, ular haqida gapirib bering. Siz bu faoliyatingizda o‘zingizni qanday his qilgangiz? Ular qanday javob qaytarishgan?
  • Jamoa a’zosi bo‘lish. Boshqa kishilar bilan guruh bo‘lib ishlaganmisiz va qandaydir muammo kelib chiqqanmi? Muammo chiqishiga nima sabab bo‘lgan? Bu muammoga qanday yondashgansiz? Muammo qanday hal qilingan?
  • Turli mansab pog‘onasidagilar bilan munosabatga kirisha olish qobiliyati
  • Sizdan yuqoriroq yoki quyiroq mansabdagilar bilan yaqin hamkorlikda ishlagan paytingiz haqida gapirib bering. Vaziyatni tasvirlab bering? Natija qanday bo‘lgan edi?

Texnik mahorat

  • Muammolarni hal qilish. Siz duch kelgan eng mushkul ish yoki maktabdagi muammo nima bo‘lgan? Uni tasvirlab bering. Muammoga qanday yondashdingiz? Natijalar qanday bo‘lgan?
  • Bilimni tatbiq qilish qobiliyati. Siz yangi egallagan bilim yoki ko‘nikimalaringizni amaliyotga tatbiq qilishga to‘g‘ri kelgan payt haqida gapirib bering. Bu qanday bilim yoki ko‘nikma edi? Natijasi qanday bo‘lgan?

Ishlash mobaynida o‘sish

  • Tashabbusni qo‘lga olish/Yetakchilik qobiliyati. Siz ommadan ajralib chiqib ulardan farqli ish qilishda tashabbusni qo‘lga olishga to‘g‘ri kelgan vaziyat haqida gapirib bering. Nima ish qilgandingiz? Natijasi qanday bo‘lgan edi?

Muloqot qilish mahorati

  • Muloqot qila olish qobiliyati. Sizning gaplaringizni noto‘g‘ri tushunishgan holatlat bo‘lganmi? Ular haqida gapirib bering. Qanday qilib gaplaringizga oydinlik kiritkansiz? Natijasi qanday bo‘lgan?
  • O‘zgalarni tinglay olish qobiliyati. Do‘stingiz sizga o‘z sirini ishonib aytganmi? Bu holatda qanday mahoratlarni ishga solgansiz? Ish joyida bu mahoratlarni qanday tatbiq qilgan bo‘lardingiz?

Fidoyilik

  • Ishga mas’uliyat. Siz biror vazifani boshqalar undan bosh tortganda ham qatiyatlik bilan davom ettirgan vaziyat haqida gapirib bering. Nima uchun vazifani davom ettirdingiz? Natijasi qanday bo‘ldi?
  • Xizmat mas’uliyati. Xaridorlarga yoki jamiyatga xizmat ko‘rsatish tashkilotlarida ishlaganmisiz? Nima ish qilgansiz? Natijalar qanday bo‘lgan?

 

Suhbatdan o‘tuvchiga maslahatlar

Suhbatdan oldin

Suhbat kunini belgilab olganingizdan keyin suhbatga tayyorgarlik ko‘ring!

Birinchi navbatda o‘z kasbingizdan nimalarni kutayotganingiz haqida chuqur mulohaza qiling: bu ish nima sababdan sizga mos yoki mos emasligini aniq-ravshan belgilab oling. Hammasidan ham sizning ishtiyoqingiz (yoki ikkilanishingiz) yaqqol ko‘rinib turadi.

O‘zingizga yarashadigan eng yahshi kostumingizni tozaligiga ishonch hosil qiling va tuflingizni yaxshilab yaltirating! Sizga rasmiyatchilik talab etilmaydigan ish taklif qilishsa ham, suhbatga kostyum va galstuksiz kelmang; ayollar rasmiy ish kiyimlarida kelgani ma’qul.

Internet saytlarida ishga kirish uchun bo‘ladigan suhbatdan oldin, suhbat jarayonida va undan so‘ngra qilinadigan ishlar haqida juda ko‘p ma’lumot bor. Siz o‘zingizga ma’qul bo‘lgan qidiruv saytlari orqali bunday ma’lumotlarni topishingiz mumkin.

Ishga kirmoqchi bo‘lgan tashkilot internetdagi veb saytiga kiring. Siz kompyuter bilan bog‘liq sohalarda ishlaysiz, shunday emasmi? Suhbat o‘tkazuvchilardan so‘rash kerak bo‘lgan ma’lumotlarni yoki savollarni yozib oling.

Tavsiyanomalar, ma’lumotingiz va olgan oylik maoshlaringiz haqida ma’lumotlarning nusxasini olib qo‘ying. Ishga kirish to‘g‘risida mehnat shartnomasini, keraklu hujjatlarni to‘ldirishga to‘g’ri kelishi mumkin.

Eng so‘nggi rezyumengizning kamida beshta nusxasini o‘zingiz bilan olib keling.

Quyidagilarga o‘xshash odatiy savollarga tayyor bo‘ling:

  1. Ijobiy va salbiy hislatlaringiz nima deb o‘ylaysiz?
  2. Qobiliyatlaringiz, ijobiy va salbiy hislatlaringizni aniq tushuntirib bering. O‘zingizni biling.
  3. Nimalarni yoqtirasiz va nimalarni yoqtirmaysiz?
  4. Qaerda o‘qiganligingiz va ishlaganligingiz haqida 5 daqiqa ichida gapirib bering.

 

Quyidagilarga o‘xshash kutilmagan va murakkab savollarga tayyor turing:

 

  1. O‘zingiz qila oladigan ma’lum bir ishni menga ham o‘rgata olasizmi?
  2. Texnik muammolarni hal qilishda qanday yo‘l tutasiz?
  3. Ichki va tashqi xaridorlar bilan muomala qilish og‘ir bo‘lgan vaziyatlarni qanday eplagansiz? Ikkita misol keltiring. Qanday natijalarga erishgansiz?

Suhbat paytida

  • Boshqalarga taqlid qilishga urinmang. O‘zingizni tabiiy tuting. Har bir esga tushgan narsani aytaverishdan yoki javoblarni yodlab olishdan mano yo‘q.
  • Suhbatdan oqilona foydalaning! Suhbat ish beruvchiga siz haqingizda haqqoniy taasurot hosil qilish uchun mo‘ljallangan. Bunda ish beruvchi tashkilot faoliyatini rivojlantirishga qanday hissa qo‘sha olishingizni, kerakli qobiliyat va ishga bo‘lgan ishtiyoqingiz balandligiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘ladilar. Shu bilan birga, suhbat sizga ishga oluvchi tashkilot faoliyati bilan tanishish imkonini beradi.
  • Suhbat ikki tomon qatnashadigan jarayondir, shuning uchun o‘zingizni qiziqtirgan barcha savollarni tortinmay so‘rang.
  • Suhbat damodida ishtiyoqingizni ko‘rsating va o‘zingizga suhbat oluvchilar diqqat-e’tiborni torta oling.
  • Savollarga javob berishga shoshilmang. Qisqa lekin yaxshi o‘ylab berilgan javob shoshma-shosharlik bilan berilgan mantiqsiz javobdan yaxshiroqdir.
  • Savollarga beriladigan javoblar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb ajratilmaydi. Javobingiz haqqoniy va hayotiy bo‘lishi lozim. Siz dunyoqarashingiz va hayot tajribangizni namoyon etadigan javoblarni bering.
  • Suhbat savollari asosan hayot tajribangizga asoslangan vaziyatlar haqida bo‘ladi, shuning uchun haqqoniy, real hayyotdan olingan misollar berishga harakat qiling. Hozirgacha bajargan vazifalaringiz, majburiyatlaringiz va ijtimoiy sohada, ta’lim olishda, ishda yoki jamiyatda erishgan yutiqlaringiz haqida keng fikr yuriting.
  • Tashkilot shug’ullanadigan soha va sizni qiziqtirgan sohani yaxshiroq tushunishga harakat qiling.
  • Suhbat ishga olishning muhim tanlov jarayoni bo‘lishiga qaramasdan, qattiq asabiylashmaslikka harakat qiling va tabassum qilishni unutmang!

Suhbat oluvchilarga savollar

“Bizga beradigan savollaringiz bormi?”

Bu savolga javob – “Yo‘q” bo‘lishi aniq. Ammo sizni qiziqtrigan savollarga javob olmagan bo‘lsangiz, buni muloyimlik bilan ayting. Suhbatda befarq o‘tirmang.

Savollar haqida fikr yuritayotganda, quyidagilarni hisobga oling:

  • Tashkilot haqida qo‘shimcha ma’lumotlar bilan qiziqing, masalan, ish joyi madaniyati, ijtimoiy faoliyatlar, hayriya va jamoa ishlari, ish va turmush muvozanati, tayyor mahsulotlar, soha yo‘nalishlari, kelgusi strategiyalar va hokazo.
  • Malakangizni oshirish imkoniyatlari bilan qiziqing, masalan sizning faoliyatingizni baholash jarayoni, ishda ustoz-shogird dasturi, tashkilotda boshqa lavozimga, bo‘limga o‘tish imkoniyati haqida so‘rang.
  • Keyingi bosqichda nima bo‘lishidan bexabar bo‘lsangiz, u haqda so‘rang: Sizdan qachon xabar olsam bo‘ladi? Endi nima bo‘ladi?
  • Tashkilot sizni avtomobil bilan ta’minlashi yoki mukofotlar haqida so‘ramang. Bu bosqichda bular haqida so‘rash to‘g‘ri emas. • Oylik maosh haqida kelishuv odatda ish taklif qilinganidan keyin bo‘lib o‘tadi yoki suhbat davomida ham oylik maosh haqida bilib olish mumkin. Ma’qbul vaqtni kuting.

Xullas, xotirjam bo‘ling! Siz bilan uchrashishga qiziqqanlari uchun siz suhbatga chaqirilgansiz. Omad yor bo‘lsin!

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.

28.02.2022, 16:54 1046

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: