TDSHU delegatsiyasi Xitoyning Janubiy-Sharqiy universitetiga tashrif buyurdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Durbek Sayfullayev hamda “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi dotsenti Qahramon Haqberdiyev Xitoyning Janubiy-Sharqiy universitetiga tashrif buyurib, universitet prorektori Syu Xaybo bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni birgalikda rivojlantirish, shuningdek, hamkorlikda innovatsion markazlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Janubiy-Sharqiy universiteti joriy yilgi QS World University Rankings reytingida o‘z o‘rnini yaxshilab, 392-o‘rindan 365-o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu hamkorlik TDSHUning xalqaro reytinglardagi oʻrnini oshirish va ilm-fan salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

