Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU olimlari Temuriylar davri ilm-fani va madaniy merosiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdilar

15.10.2026, 15:49 Yangiliklar 38

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi hamda muzey tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ilmiy anjumanda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Durbek Sayfullaev kirish so‘zi bilan ishtirok etib, Temuriylar davri ilm-fani va madaniyatini chuqur o‘rganish, boy tarixiy merosimizni asrab-avaylash hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, universitet olimlari o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashib, Temuriylar davri tarixi va madaniy merosini o‘rganish, tarixiy manbalarni ilmiy tahlil qilish hamda ushbu davrning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini yoritish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Konferensiya davomida Temuriylar davri tarixi va yozma manbalari, ilm-fan, madaniyat va san’at taraqqiyoti, davlat boshqaruvi, xalqaro siyosat hamda madaniy merosni asrash, raqamlashtirish va keng ommalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan tarixiy merosni zamonaviy tadqiqot usullari asosida o‘rganish, ilmiy izlanishlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish va yosh avlodda milliy tarixga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashning dolzarb jihatlari ta’kidlandi.

Ushbu ilmiy-amaliy konferensiya Temuriylar davrining boy ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish hamda tarixiy qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim ilmiy muloqot maydoni bo‘ldi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti olimlarining mazkur anjumandagi ishtiroki universitetda tarixiy manbashunoslik, sharqshunoslik va madaniy merosni o‘rganish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.