TDSHU professori Xitoyda sun’iy intellekt va xitoy tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha malaka oshirmoqda
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xitoyshunoslik oliy maktabi professori, filologiya fanlari doktori Jasur Ziyamuxamedov ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Liaoning pedagogika universitetida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etmoqda. Professor mazkur kurslar doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini xitoy tilini o‘qitish metodikasiga tatbiq etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirmoqda.
Malaka oshirish dasturi doirasida professor Jasur Ziyamuxamedov Liaoning pedagogika universiteti huzuridagi muzey faoliyati bilan ham tanishdi.

Shuningdek, professor universitetda “2+2” qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil olayotgan Xitoyshunoslik oliy maktabining 3- va 4-bosqich talabalari bilan uchrashib, ularning yashash va ta’lim olish sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.
Samimiy muloqot davomida talabalar bilan “Ilm olish fazilatlari”, “Vatanparvarlik va yurtga sadoqat” mavzularida suhbat qurildi. Ustoz talabalar bilan o‘z fikr va tajribalarini o‘rtoqlashib, ularning ta’lim olishi, ilmiy izlanishlari va kelgusidagi faoliyatiga oid tegishli maslahat hamda tavsiyalar berdi. Uchrashuv talabalar uchun mazmunli va samimiy muloqotga aylandi.

Hafta davomida professor Jasur Ziyamuxamedov “2+2” qo‘shma ta’lim dasturi doirasida tahsil olayotgan talabalarning mashg‘ulotlarini kuzatib, tanlangan mavzular bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini ham olib bordi. Bu jarayon ta’lim tajribasini almashish, o‘quv jarayonini takomillashtirish va ikki universitet o‘rtasidagi akademik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.



Bundan tashqari, hafta davomida professor Jasur Ziyamuxamedov tomonidan Liaoning pedagogika universitetining xitoylik talabalari va doktorantlari uchun “O‘zbekistonda xitoy adabiyotining o‘rganilishi” mavzusida ma’ruza o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mazkur malaka oshirish kurslari va akademik uchrashuvlar Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro hamkorligini mustahkamlash, ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish hamda xitoy tilini o‘qitish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
