Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU prorektorining Erasmus+ ICM dasturidagi ishtiroki

31.10.2026, 12:18 Yangiliklar 26

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori DSc. Nodir Karimov Italiyaning Piza universitetida Erasmus+ dasturining Xalqaro kredit mobilligi (ICM) loyihasi doirasida talabalarga ma’ruzalar o‘qishni boshladi.

2026-yil 26–29-oktabr kunlariga rejalashtirilgan akademik mobillikning asosiy maqsadi hamkor universitetlar o‘rtasida akademik tajriba almashinuvini rivojlantirish, ilmiy va ta’limiy hamkorlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoning tarixi, madaniy merosi va ijtimoiy hayotiga oid bilimlarni xalqaro akademik muhitda keng targ‘ib etishdan iborat.

Ma’ruzalar dasturi Markaziy Osiyoning tarixiy taraqqiyoti, mintaqa xalqlarining o‘ziga xosligi, tarixiy xotira va madaniy an’analariga bag‘ishlangan quyidagi mavzularni qamrab oladi:

  • “Sivilizatsiyalar chorrahasi sifatida Markaziy Osiyo: Buyuk Ipak yo‘li tarixi (shu jumladan, Temuriylar davri)” — mintaqaning turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi tarixiy aloqalardagi o‘rni, Buyuk Ipak yo‘lining savdo va madaniy almashinuvdagi ahamiyati hamda Temuriylar davrining ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi yoritiladi.
  • “Markaziy Osiyoda o‘zlikni anglash, tarixiy xotira va o‘tmish siyosati” — tarixiy qarashlar, jamoaviy xotira va o‘tmish haqidagi tasavvurlarning milliy va mintaqaviy o‘zlikni shakllantirishdagi o‘rni, shuningdek, ularning zamonaviy siyosiy va ijtimoiy jarayonlarga ta’siri tahlil qilinadi.
  • “Markaziy Osiyo jamiyatlarida marosimlar, ramzlar va ijtimoiy ma’nolar” — mintaqa xalqlarining madaniy amaliyotlari, ramziy an’analari va ijtimoiy qadriyatlari, ularning kundalik hayot hamda jamiyatlar madaniy xilma-xilligini aks ettirishdagi ahamiyati ko‘rib chiqiladi.

Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berilib, mavzu yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Faol ishtirok etib, mazmunli savollar bilan murojaat qilgan qatnashchilarga milliy esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur ma’ruzalar Piza universiteti talabalariga Markaziy Osiyoning tarixiy taraqqiyoti, boy madaniy merosi va zamonaviy ijtimoiy jarayonlari haqida chuqurroq bilim olish, shuningdek, mintaqaga oid masalalarni xalqaro akademik nuqtayi nazardan o‘rganish imkonini beradi.