TDSHU rektori O‘zbekiston–Iordaniya rektorlarining birinchi forumida ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi
2026-yil 17-noyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetida O‘zbekiston va Iordaniya oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston–Iordaniya oliy ta’lim tashkilotlari rektorlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro forumda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor S.A. Nasirova hamda universitet vakillari ishtirok etdi. Forum doirasida xorijiy tillardagi ma’ruzalar tarjimasini TDSHU Arabshunoslik oliy maktabi o‘qituvchisi Otabek Ikrombekov amalga oshirdi.
Anjumanda TDSHU rektori, professor S.A. Nasirova ma’ruza bilan ishtirok etib, zamonaviy mehnat bozori talablari, sun’iy intellektning ta’lim va bandlik sohalariga ta’siri, raqobatbardosh sharqshunos mutaxassislarni tayyorlash hamda ta’lim dasturlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan quyidagi beshta ustuvor yo‘nalishni ilgari surdi:
- Arab tilini o‘qitish va til amaliyotini rivojlantirish;
- Arab, o‘zbek va ingliz tillari bo‘yicha tarjimonlar tayyorlash;
- Sharq tillari bo‘yicha akademik va metodik tajriba almashish;
- Movarounnahr allomalarining arab tilidagi qo‘lyozmalarini tadqiq etish va raqamlashtirish;
- Til ta’limida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish.
Mazkur tashabbuslar ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik mobillikni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish hamda o‘zaro tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
TDSHUning ushbu forumdagi ishtiroki universitetning xalqaro aloqalarini mustahkamlash, Iordaniya oliy ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.















