Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU rektorining yosh sharqshunos bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigi!

14.07.2026, 08:39 E'lonlar 38

Qadrli yoshlar, Aziz sharqshunoslar!

Avvalo, Sizlarni hayotingizdagi eng unutilmas va mas’uliyatli kunlardan biri – Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bitiruv kuni – bu nafaqat yillar davomida orttirilgan bilim va tajribaning e’tirofi, balki yangi marralar, ulkan maqsadlar va mas’uliyatli hayot yo‘lining boshlanishidir. Bugun Siz aziz bitiruvchilar o‘z mehnatingiz, intilishlaringiz va izlanishlaringiz samarasi sifatida sharafli «Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchisi» degan yuksak nomga sazovor bo‘ldingiz.

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz boshchiligida yosh avlodning yuksak bilim olishi, o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi, ilm-fan, innovatsiyalar, tadbirkorlik, madaniyat va sport sohalarida yuksak natijalarga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim ustuniga aylandi.

Bugungi yoshlar – mamlakatimizning eng katta boyligi va ertangi taraqqiyotining tayanchidir. Ayniqsa, sharqshunos yoshlar nafaqat xorijiy tillarni mukammal egallashi, balki turli xalqlarning tarixi, madaniyati, iqtisodiyoti va diplomatik munosabatlarini chuqur o‘rganishi bilan xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib vakillari sifatida shakllanmoqda.

Bugun universitetimiz bitiruvchilari ilm-fan, ta’lim, xalqaro munosabatlar, tarjimonlik, iqtisodiyot, turizm, madaniyat, diplomatiya, davlat boshqaruvi hamda sport sohalarida yuqori natijalarga erishib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishmoqda. Yosh sharqshunoslarimiz fan olimpiadalari, nufuzli grant dasturlari, ilmiy konferensiyalar va sport musobaqalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari yosh sharqshunoslarimizning bilim salohiyatlari yuksalayotganidan dalolat beradi.

Aziz bitiruvchilar!

Sizlar bugun zamonaviy bilim, xorijiy tillar, kasbiy ko‘nikmalar va milliy qadriyatlarga sodiqlikni o‘zida mujassam etgan yangi avlod vakillarisiz. Sizlardan nafaqat o‘z sohangizning yetuk mutaxassisi, balki Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiladigan, yuksak ma’naviyatli, tashabbuskor va raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishingizni kutamiz.

Shuni unutmangki, haqiqiy ta’lim diplom bilan yakunlanmaydi. Bilim olish, izlanish, o‘z ustingizda ishlash va yangi marralarni zabt etish butun umr davom etadigan ezgu jarayondir. Sizlarning bugungi muvaffaqiyatingiz ertangi yutuqlaringiz uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Ishonchim komilki, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida olgan puxta bilim va ko‘nikmalaringiz, ustozlaringiz bergan saboq hamda universitetimizda shakllangan ilmiy va ma’naviy muhit Sizlarni hayotning har qanday sinovlarida muvaffaqiyat sari yetaklaydi. Qayerda faoliyat yuritmang, universitetimiz sha’ni va O‘zbekiston nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishingizga ishonaman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-u saodat, oilaviy xotirjamlik, kasbiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, ilmiy va ijodiy izlanishlaringizda yangi zafarlar tilayman. Ezgu orzu-intilishlaringiz ro‘yobga chiqsin, har bir qadamingiz Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga xizmat qilsin.

Yo‘lingiz doimo yorug‘, kelajagingiz porloq bo‘lsin!

Yana bir bor barchangizni bitiruv kuni bilan samimiy muborakbod etaman!