TDSHU va Chungbuk Milliy Universiteti o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-yil 3-iyul kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Janubiy Koreyaning Chungbuk Milliy universiteti vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish, akademik mobillikni kengaytirish hamda magistratura ta’limi yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Chungbuk Milliy Universitetining “Global 3+2 (4+1.5) Bachelor’s-to-Master’s Program” dasturi bo‘ldi. Tomonlar ushbu dastur yuzasidan olib borilgan muzokaralar yakuniy bosqichga yetganini qayd etib, yaqin kunlarda o‘zaro manfaatli va amaliy yechim asosida yakuniy qaror qabul qilinishiga ishonch bildirdilar.
Mazkur dastur amalga oshirilishi natijasida TDSHU talabalari bakalavriat bosqichida akademik almashinuv imkoniyatidan foydalanish, universitetni muvaffaqiyatli tamomlagandan so‘ng esa Chungbuk Milliy Universitetining magistratura dasturlariga hujjat topshirish hamda universitetning stipendiya va grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa TDSHU bitiruvchilari uchun Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan birida xalqaro darajadagi magistratura ta’limini olish yo‘lida muhim imkoniyat yaratadi.

Shuningdek, uchrashuvda talabalar almashinuvi dasturini amaliy jihatdan yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuv mexanizmlarini ishlab chiqish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi hamda kelgusida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro strategik hamkorlikni izchil rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi xalqaro imkoniyatlarni yaratish hamda ikki universitet manfaatlariga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Mazkur uchrashuv TDSHUning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, talabalar uchun xorijiy ta’lim imkoniyatlarini oshirish hamda Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlari bilan uzoq muddatli akademik aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.