Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU vakillari Koreya Respublikasidagi “Global Capstone Design” xalqaro dasturida ishtirok etayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi

31.10.2026, 12:26 Yangiliklar 37

2026-yil 26-oktabrdan 1-noyabrga qadar Koreya Respublikasining Andong shahridagi Gyongkuk Milliy universitetida “Global Capstone Design” xalqaro dasturida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining talabalari bilan bir qatorda Indoneziya,Vyetnam va Koreya Respublikasining qator oliy ta’lim muassasalari talabalari ham ishtirok etmoqda.

Dastur doirasida tashkil etilgan yakuniy bosqichda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakillari ishtirok etib, talabalar tomonidan tayyorlangan loyihalar taqdimoti va erishilgan natijalar sarhisobi bilan tanishdilar. Taqdimotlar davomida xalqaro jamoalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ishlab chiqilgan loyihalar, xususan ularning sun’iy intellekt asosida koreys tili ko‘nikmalarini baholash va oshirish hamda ularning amaliy natijalari namoyish etildi.

Dastur muvaffaqiyatli yakunlanishi munosabati bilan ishtirokchi talabalarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ushbu sertifikatlar yoshlarning xalqaro akademik dasturdagi ishtiroki, o‘zaro hamkorlikda olib borgan faoliyati hamda egallagan bilim va ko‘nikmalarining e’tirofi bo‘ldi.

Shuningdek, dastur yakuniy tadbirlari doirasida TDSHU vakillari va xalqaro dasturda ishtirok etayotgan universitet talabalari o‘rtasida alohida uchrashuv tashkil etildi.

Unda TDSHU rektori maslahatchisi Asilbek Shukurov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Durbek Sayfullayev, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Shoxrux Salimov hamda Koreyashunoslik oliy maktabi boshlig‘i Yeon Sangheum ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida talabalar Koreya Respublikasida orttirgan taassurotlari, xalqaro akademik muhitdagi tajribalari, xorijiy tengdoshlari bilan hamkorlikda ishlash jarayoni va dastur davomida egallagan yangi bilim hamda ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, Indoneziya, Vyetnam va Koreya Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan o‘rnatilgan muloqot, jamoaviy loyihalar ustida ishlash va turli mamlakatlar vakillari bilan tajriba almashish ular uchun muhim tajriba bo‘lgani ta’kidlandi.

Shuningdek, dastur nafaqat akademik bilim va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, ishtirokchi mamlakatlar yoshlari o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, milliy qadriyatlar va urf-odatlar bilan o‘zaro tanishish hamda xalqaro do‘stlik aloqalarini shakllantirishga ham xizmat qilgani qayd etildi.

Uchrashuvda TDSHU vakillari tomonidan mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, xorijiy tajriba orttirishi, zamonaviy bilim va kasbiy kompetensiyalarni egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Xususan, rektor maslahatchisi Asilbek Shukurov va ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Durbek Sayfullayev bunday xalqaro dasturlarda talabalarning ishtiroki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼlim tizimiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, taʼlim sifatini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, oliy taʼlim muassasalarining xalqaro hamkorligini rivojlantirish hamda yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini yuksaltirish borasidagi tashabbuslar mamlakatimiz taraqqiyotining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdilar.

Shu bilan birga, davlat tomonidan yoshlarga taqdim etilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, xorijda orttirilgan bilim va tajribalarni kelgusidagi ta’lim hamda kasbiy faoliyatda qo‘llash, doimiy ravishda o‘z ustida ishlash va xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib yetishish zarurligi ta’kidlandi.

TDSHU vakillari talabalarning xalqaro dasturdagi faolligi, tashabbuskorligi va erishgan natijalarini yuqori baholab, universitet jamoasi ular bilan faxrlanishini alohida bildirdilar. Talabalar dasturni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabriklanib, kelgusidagi o‘qish, ilmiy izlanish va kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.