Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU vakillari Toshkent xalqaro turizm forumi 2026 doirasidagi xalqaro ta’lim forumida ishtirok etdilar

26.11.2026, 10:25 Yangiliklar 101

Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm” shiori ostida o‘tkazilayotgan 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TITF 2026) doirasida “Sun’iy intellekt va turizm: innovatsiyalar, ta’lim va barqaror rivojlanish” mavzusida xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro forumda jahon turizm industriyasi vakillari, xalqaro tashkilotlar, ta’lim muassasalari, soha mutaxassislari, ekspertlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etib, turizm sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ta’lim jarayonini innovatsion yondashuvlar asosida takomillashtirish va barqaror turizmni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Ushbu nufuzli xalqaro tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor S. A. Nasirova, Turizm kafedrasi mudiri Ch. K. Xusanov, kafedra professor-o‘qituvchilari, talabalar va magistrantlar faol ishtirok etdilar.

Forum va yarmarka doirasida universitet vakillari xalqaro ko‘rgazma maydonlari bilan yaqindan tanishib, aviakompaniyalar, turoperatorlar, mehmonxona biznesi hamda turizm texnologiyalari sohasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Muloqotlar davomida turizm ta’limi va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, talabalar uchun amaliyot va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Forumning muhim voqealaridan biri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar instituti “Turizm va mehmondo‘stlik” ta’lim yo‘nalishining 3-bosqich talabalari Sitorabonu Bayitova va Xusan Shoakromovning ishtiroki bo‘ldi. Yosh izlanuvchilar forumda o‘zlarining startap loyihalarini taqdim etib, turizm sohasida innovatsion yechimlar va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga qaratilgan g‘oyalarini namoyish etdilar. Shuningdek, ularning ilmiy maqolalari forum tashkilotchilari tomonidan e’tirof etilib, talabalar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Talabalarimizning xalqaro miqyosdagi ilmiy-ta’limiy maydonda o‘z loyihalari bilan ishtirok etishi va munosib e’tirofga sazovor bo‘lishi universitetda yoshlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, innovatsion fikrlashini shakllantirish hamda nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish borasida olib borilayotgan ishlarning amaliy natijasidir.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi talabalarning ushbu yutug‘idan mamnun bo‘lib, ularga kelgusidagi ilmiy izlanishlari, innovatsion loyihalari va kasbiy faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.

Ta’kidlash joizki, TITF 2026 kabi xalqaro maydonlar oliy ta’lim muassasalari, turizm industriyasi vakillari va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda turizmning innovatsion kelajagini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.