Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda Hofiz Sheroziy ijodiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi

12.10.2026, 17:56 Yangiliklar 99

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida buyuk fors shoiri va mutafakkiri Hofiz Sheroziy hayoti, ijodi hamda uning jahon adabiyotidagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro adabiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Hofiz Sheroziy ijodining boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uning asarlarida mujassam bo‘lgan insoniy qadriyatlar, ezgulik, sadoqat, muhabbat va hayot falsafasini keng targ‘ib etishga qaratildi. Tadbirda shoir ijodining nafaqat fors adabiyoti, balki jahon mumtoz adabiyoti rivojidagi o‘rni, uning asarlari asrlar davomida turli xalqlar ma’naviy hayotiga ko‘rsatib kelayotgan ta’siri alohida ahamiyat kasb etdi.

Tadbirning kirish va qutlov so‘zlarida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Saodat Nasirova hamda Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariy tomonidan O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish, mumtoz adabiy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi.

Anjuman doirasida Eron Islom Respublikasi Fors tili va adabiyoti akademiyasi prezidenti, Sa’diy fondi raisining videomurojaati namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo “Hofiz Sheroziyning adabiy o‘rni”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoira Farida Afruz “Hofiz Sheroziyning o‘zbek adabiyotiga ta’siri”, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Eronshunoslik va afg‘onshunoslik oliy maktabi katta o‘qituvchisi Mirzajon Qalandarov esa “O‘zbekistonda hofizshunoslik” mavzularida ma’ruzalar qildilar.

Mazkur mavzular doirasida Hofiz Sheroziy ijodining adabiy-estetik xususiyatlari, uning o‘zbek mumtoz adabiyoti bilan mushtarak jihatlari, shoir merosining o‘rganilishi hamda hofizshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlarning ahamiyati yoritildi.

Tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan Hofiz Sheroziy g‘azallaridan namunalar ijro etildi. “Siz Hofizni bilasizmi?” viktorinasi, musiqiy chiqishlar, shuningdek, faol ishtirokchilarni taqdirlash marosimi anjumanga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Ushbu xalqaro anjuman mumtoz adabiyotning umuminsoniy ahamiyatini keng targ‘ib etish, yosh avlodning ma’naviy dunyosini boyitish, sharq adabiyoti va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.