Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda Hoshim Arslonov xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

24.09.2026, 16:37 Yangiliklar 37

24-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, o‘zbek teatr va kino san’atining yorqin namoyandasi Hoshim Arslonov xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda taniqli san’atkorning hamkasblari, do‘stlari, yaqinlari hamda universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Ijodiy uchrashuv davomida Hoshim Arslonovning o‘zbek teatr va kino san’atidagi sermahsul ijodiy faoliyati, san’at rivojiga qo‘shgan hissasi, betakror obrazlari va insoniy fazilatlari haqida so‘z yuritildi. Tadbir ishtirokchilari aktyor bilan bog‘liq xotiralarini yodga olib, uning ijodiy merosi va san’atkor sifatidagi o‘ziga xos mahorati haqida fikr almashdilar.

Uchrashuvning maxsus mehmonlari sifatida:

  • O‘zbekiston xalq artisti — Matyoqub Matchonov;
  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist — Mahmud Ismoilov;
  • “Do‘stlik” ordeni sohibasi — Venera Safyanova;
  • rejissyor va aktyor — Mirto‘lab Mirkamolov

ishtirok etib, Hoshim Arslonov bilan bog‘liq xotiralari va ijodiy faoliyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida san’atkorning hayoti va ijodiga oid xotiralar, qiziqarli voqealar hamda uning hamkasblari va yaqinlari tomonidan aytilgan samimiy fikrlar tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.