Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHUda Koreya fondi ijrochi vitse-prezidenti Rhee Jong Kook bilan uchrashuv o‘tkazildi

03.06.2022, 23:12 Yangiliklar 1425

2022- yil 3- iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Koreya fondi ijrochi vitse-prezidenti  Rhee Jong Kook boshchiligida Koreya fondining direktor o‘rinbosari  Lim Cheol Woo, Koreya fondining Koreyashunoslik bo‘limi direktori  Yoon Chang-shik va Koreya fondining dasturlar bilan ishlash bo‘yicha masʼul xodimi Ha Bomyi lar tashrif buyurdi.
Tashrif davomida TDSHU rektori G.Rixsiyeva mehmonlarni universitet faoliyati bilan tanishtirib, unda koreyashunoslik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, Koreya fondi tomonidan universitetning yosh koreyashunos tadqiqotchilarning ilmiy ishlarini amalga oshirishlarida ko‘rsatib kelayotgan moliyaviy ko‘magi, shuningdek, koreyashunos mutaxassislarni tayyorlashda Koreya fondi tomonidan TDSHU o‘quv jarayoniga malakali mutaxassis jalb etilganligiga alohida to‘xtalib, o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

IMG_7297

Uchrashuvda TDSHU rektori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning o‘tgan yilning 16-18 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi O‘zbekiston-Koreya munosabatlarining rivojida yangi sahifa ochganligi, uning natijalari mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilayotganligi taʼkidlab o‘tildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishida Koreya fondining ham hissasi sezilarli darajada ortib borayotganligi qayd etildi.

IMG_7306

Bugungi kunda koreyashunoslik sohasini rivojlantirish maqsadida turli yo‘nalishlar, xususan tarix, iqtisodiyot, siyosat, turizm va boshqa sohalarda yetuk mutaxassis kadrlarni yetishtirish uchun Koreya fondi tomonidan universitetga jalb etiladigan mutaxassislar sonini oshirish, hamkorlikda ilmiy va startap loyihalarini amalga oshirish takliflarini ilgari surdi. Shu jumladan, universitetda Koreyashunoslik markazi faoliyatini yanada jonlantirish buyicha tegishli fikrlar bildirildi.
Shu bilan birga G.Rixsiyeva Hankuk chet tillari universiteti bilan hamkorlikda Koreya fondi ko‘magida koreyashunoslik bo‘yicha xalqaro konferensiyani tashkil etish, xamkorlikda “O‘zbek tili” darsligini nashr etish takliflari ham bildirildi.

IMG_7325

Koreya fondi ijrochi vitse-prezidenti Rhee Jong Kook TDSHU rahbariyatiga universitetda koreyashunoslik sohasini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ulkan ishlar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, universitet rektori tomonidan bildirilgan takliflarni maʼqulladi hamda yaqin kelajakda ularning hamkorlikda amalga oshirilishini taʼkidladi. Shu o‘rinda mehmon tomonidan Koreya fondining Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘plab loyihalari mavjudligi, lekin ular ichida O‘zbekiston Koreya fondining asosiy diqqat eʼtiborida bo‘lganligi, unda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti alohida o‘ringa ega ekanligi zikr etildi.

IMG_7309

Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yangi bochqichga ko‘tarish borasida bildirilgan takliflarni maqsadga muvofiq ekanligini eʼtirof etib, ularni birgalikda amalga oshirilishiga ishonch bildirdilar.

Xalqaro hamkorlik bo‘limi