Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda O‘zbekiston–Xitoy ilmiy, madaniy va iqtisodiy hamkorligining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

07.11.2026, 15:51 Yangiliklar 34

2026-yil 7-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli-g‘arbiy pedagogika universiteti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – Xitoy: madaniy-tarixiy, ilmiy va iqtisodiy aloqalar rivoji” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Anjumanning asosiy maqsad va vazifalari fan va ta’lim sohalaridagi innovatsiyalar hamda ilmiy ishlanmalar bo‘yicha tajriba almashish, xitoy filologiyasi, tarixi, falsafasi va iqtisodiyotiga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, sinologiya (xitoyshunoslik) sohasidagi sinxron tarjimachilik faoliyatining nazariy va amaliy jihatlarini tahlil etishdan iborat bo‘ldi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yangi ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari hamda istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning ijrosi va ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Forum xitoyshunoslik sohasidagi fanlararo tadqiqotlar uchun muhim institutsional platforma vazifasini o‘tadi. Unda tilshunoslik va metodologik jihatlar, tarixiy-falsafiy tahlil, tarjimashunoslikning nazariy va amaliy masalalari, adabiyotshunoslik, manbashunoslik, shuningdek, zamonaviy “Bir makon, bir yo‘l” tashabbuslari doirasidagi iqtisodiy masalalar qamrab olindi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti O‘zbekistondagi eng yirik xitoyshunoslik markazlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda universitetda 1300 nafarga yaqin talaba xitoy tilini turli yo‘nalishlarda – filologiya, tarix, xalqaro munosabatlar, siyosatshunoslik, turizm, iqtisodiyot, jurnalistika va falsafa sohalarida o‘rganmoqda.

Anjumanda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Qingdao universiteti, Liaoning pedagogika universiteti, Janubi-sharqiy universitet (Xitoy Xalq Respublikasi) huzuridagi Ozarbayjon tadqiqot markazi, Qozon federal universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya Federatsiyasi), Qirg‘iz-Xitoy tadqiqot instituti, J. Balasag‘in nomidagi Qirg‘iz milliy universitetining yetakchi olimlari hamda yosh xitoyshunos olimlar ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.

Qiziqarli mavzulardagi ma’ruzalarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi fan, ta’lim va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikning hozirgi holati tahlil qilindi. Ayniqsa, O‘zbekistonda sinologiya tadqiqotlarining rivojlanish tendensiyalari, xitoy tilini o‘qitishning institutsional va metodologik jihatlari, shuningdek, yetakchi Xitoy universitetlari bilan ilmiy hamkorlikni kuchaytirish va sinolog mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yalpi majlisdan so‘ng anjuman ishi sho‘balarda davom etdi. “Tilshunoslik va innovatsion o‘qitish usullari”, “Tarix, falsafa va madaniyat”, “Tarjimashunoslik, adabiyotshunoslik va manbashunoslik”, “Savdo va iqtisodiy munosabatlarning rivoji va istiqbollari (SDG 8)” deb nomlangan to‘rtta sho‘bada soha mutaxassislari va tadqiqotchilari dolzarb mavzularda ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Ularning chiqishlari anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Forum yakunida fan va ta’lim sohasidagi o‘zbek-xitoy hamkorligini yanada mustahkamlash, O‘zbekistonda sinologiyani rivojlantirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Anjuman ishtirokchilarining ilmiy maqolalari alohida to‘plam sifatida nashr etilishi hamda Google Scholar kabi ilmiy ma’lumotlar bazalarida indekslanishi rejalashtirildi. Har bir ilmiy ishga DOI raqami berilishi belgilandi.