Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda “Sport — salomatlik garovi” musobaqalari o‘tkazildi

10.10.2026, 13:17 Yangiliklar 32

Joriy yilning 10-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi, “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” hamda “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” bayramlariga bag‘ishlangan “Sport — salomatlik garovi” sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Musobaqalar “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh ezgu g‘oyasi ostida universitet professor-o‘qituvchilari hamda ishchi-xodimlari o‘rtasida tashkil etildi.

Konfutsiy instituti sport zalida o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirokchilar sportning mini-futbol, shaxmat, stol tennisi, shashka, badminton va darts turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar.

Tadbirning asosiy maqsadi universitet jamoasi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish, sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashdan iborat.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, g‘oliblar Toshkent shahar bosqichidagi musobaqalarda ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.

Bunday sport tadbirlari universitet jamoasida sog‘lom muhitni mustahkamlash, hamkasblar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va sportni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirishga xizmat qiladi.