Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHUda “Tarixiy manbashunoslik, tarixnavislik, tarix tadqiqotlari metodlari va metodologiyasining dolzarb masalalari” mavzusida XVI respublika konferensiyasi bo’lib o’tdi

25.04.2024, 14:51 Yangiliklar 129

2024- yilning 25- aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “TARIXIY MANBASHUNOSLIK, TARIXNAVISLIK, TARIX TADQIQOTLARI METODLARI VA METODOLOGIYASINING DOLZARB MASALALARI” Respublika XVI ilmiy – amaliy an’anaviy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

3 (3)

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va etnologiyasi” kafedrasi tomonidan 2009-yilda tashkil etilgan “Tarixiy manbashunoslik, tarixnavislik, tarix tad­qiqoti metodi va metodologiyasining dolzarb masalalari” mavzuidagi konferensiyasi an’anaviy yillik konferensiyaga aylangan. Ushbu konferensiya har yili tariximizning turli muammoli masalalarini, ayniqsa manbashunoslik va tarixshunoslik singari tarix fanining hal qiluvchi sohalari bo‘yicha  dolzarb masalalarni tadrijiy ravishda o‘rtaga qo‘yib, ularning yechimlari haqida  Respublikamiz ilmiy jamoatchiligi fikrlarini o‘z atrofiga to‘plab kelmoqda. Ushbu konferensiya materiallari yillik jildlariga Respublikamiz yetakchi tarixchilari, akademik olimlar­dan tortib talabalargacha, har yili yuzlab maqolalar kelib tushadi. Bu hol konferensiyaning Respublikamiz ilmiy hayotidagi yuksak o‘rni va nufuzidan darak beradi.

4 (2)

Bu yilgi konferensiya dasturida ham tariximizning manbashunoslikka oid 15 dan ortiq maqo­lalar o‘rin olgan. Tarix fanini manbalarsiz tasavvur etish mumkin emas­ligi hammamizga ma’lum. Respublikamiz qo‘lyozma fondlaridagi beqiyos boy meros ustida olib borilgan va bugun davom etayotgan tadqiqotlar qanchalik muvaffaqiyatga erishgan bo‘lmasin, hali bu sohada ulkan vazifa­lar oldinda. O‘z navbatida, bu yangi-yangi fidoyi manbashunos kadrlar avlodlari yetishib chiqishini talab etmoqda.

6 (2)

“Moziyga qaytib” ish ko‘rmoq borasida dasturdagi tarixshunoslik­ka oid 30 ga yaqin ma’ruzalar fan istiqboli va o‘tmish xatolarini takrorlamaslik uchun muhim. Ayniqsa, mintaqamizda tarix fanining xolisligi, haqqo­niyligi, manbalar asosida dalil va isbotliligini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turgan vaziyatda tarixshunoslikning roli katta.

1 (2)

Konferensiya dasturida umumiy tarixiy jarayonlar, etnologiya, tarix tadqiqoti, ta’limi metodi va metodologiyasiga oid o‘nlab ma’ruzalar ham o‘rin olgan. Bular tarixning turli amaliy va nazariy masalalari uchun muhim.

Bu yilgi konferensiya dasturidan tasavvuf tarixi, tasavvuf manbashunosligi, falsafasi, tasavvufshunoslik, tasavvuf tariqatlarining ayrim yirik vakillari merosi haqida bir qator maqolalar ham o‘rin olgan. O‘z navbatida manbashunoslikning bu sohasiga jiddiy e’tibor berilayotgani  alohida diqqatga sazovor.

Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Tarix instituti, San’at­shunoslik instituti, O‘zbekiston tarixi, Temuriylar tarixi muzeylari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qur­bonlari tarixi muzeyi kabilar bilan hamkorlik asosida uyushtirilmoqda. Bu hol ta’lim va fan integratsiyasining yorqin ifodasidir.