Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHU va Qohira universiteti o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi

07.02.2023, 13:45 Yangiliklar 1176

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva boshchiligidagi delegatsiya Qohira universiteti rektorining birinchi o‘rinbosari Muhammad al-Attor bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kadrlar tayyorlashning yangi tizimi to‘g‘risida maʼlumot taqdim etildi.

Qohira universiteti rektorining birinchi o‘rinbosari imom Buxoriy, Ibn Sino, Zamaxshariy, Xorazmiy va boshqa ko‘plab buyuk siymolar yurtidagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini izhor etdi.

Uchrashuvda Qohira universitetida o‘zbek tilini o‘qitish uchun adabiyotlar bilan taʼminlash, o‘zaro talabalar va o‘qituvchilar almashish bo‘yicha hamkorlik qilishga eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar uchun manfaatli bo‘lgan hamkorlik yo‘nalishlarini qamrab oluvchi hujjat loyihasini tayyorlash va imzolashga kelishib olindi.

Qohira universiteti Misrdagi Yevropa uslubidagi ilk universitet bo‘lib, u 1908 yilda tashkil etilgan. Oliy bilim yurti tarkibida 25 ta fakultet, 2 ta ilmiy markaz va 1 ta institut mavjud. 270 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy talabalarga 14 mingdan ortiq o‘qituvchilar tomonidan bilim berilmoqda. Talabalar soniga ko‘ra dunyodagi eng yirik 50 ta universitet safidan joy olgan.

Universitet bitiruvchilaridan 3 nafari Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

Qohira universitetining Til va adabiyot fakulteti Sharq tillari kafedrasida 4-kurs talabalari uchun o‘zbek tili ham o‘qitiladi.