Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

ToshDSHIda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda intellektual meros tarixi (XIX-XX asr boshi)” mavzusidagi ilmiy-nazariy seminar

26.12.2019, 16:08 Yangiliklar 2956

14-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda intellektual meros tarixi (XIX-XX asr boshi)” mavzusida ilmiy-nazariy seminar bo’lib oʼtdi. Аnjuman “fan-taʼlim” integratsiyasi doirasidagi saʼy-harakatlar doirasida tashkil etildi.Tadbirda TDShIning sharqshunos-tarixchilari, shuningdek, hamkor tashkilot – Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti ilmiy xodimlari hamda “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi”, “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari” boʼyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar, magistrantlar va talabalar qatnashdilar.Аnjuman TDShI ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor А.А.Аbdullaevning Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti oʼrtasidagi hamkorlik sohasida amalga oshirilayotgan va kelajak uchun rejalashtirilayotgan ishlar xususidagi kirish soʼzi bilan ochildi. Ilmiy-nazariy seminarda OʼzRFА Tarix institutidan boʼlim boshligʼi t.f.d., prof. D.H.Ziyayeva XIX-XX asr boshida Oʼzbekiston hududida amalga oshirilgan ijtimoiy fanlar sohasidagi izlanishlar, amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalari, t.f.d., prof. S.B.Shodmonova Markaziy Osiyoda mahalliy tabobat holati, Turkiston va Hindistonga Yevropa tibbiyotining kirib kelishi va yoyilishining oʼziga xos xususiyatlari toʼgʼrisida, shuningdek Tarix institutining bir guruh xodimlari А.Bozorboev, N.Raximjonova, N.Ismatova hamda tadqiqotchi N.Kariyevalar Oʼzbekiston hududida faol izlanishlar olib borishda XIX asrning ikkinchi yarmi davomida tashkil etilgan ilmiy jamiyatlar, hususan Rossiya imperatorligi geografiya jamiyatning mintaqani oʼrganish maqsadida turli ekspeditsiyalarni tashkil etganligi, Rus tadqiqotchilarining Oʼrta Osiyodagi vaqf masalalari boʼyicha amalga oshirgan faoliyatlari haqida maʼlumot berdilar. TDShI professori, t.f.d. M.M.Is’hoqov fanda erishilayotgan yutuqlar darsliklarga kirib kelmayotganligi, auditoriyalarga yetib bormayotganligi, tarixiy voqelikni yoritish uchun manbalarga tayanish, ulardagi maʼlumotlarni qiyosiy talqin qilish muhimligi xususida atroflicha maʼruza qildi.Shu bilan birga kafedra professor-oʼqituvchilaridan t.f.d., prof. А.X.Doniyorov XIX-XX asr boshida Oʼzbekistonda etnologiya masalalarining oʼrganilishi holati, t.f.n., dots. R.R.Аlimova mahalliy manbalarda Oʼzbekiston tarixi masalalari hamda 1-kurs magistratura talabasi J.Sangirovning Qoʼqon xonligi tarixiga doir yozma yodgorliklar germenevtikasi xususidagi chiqishlarini anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uygʼotdi.Shuningdek, ilmiy-nazariy seminar yakunida OʼzRFА Tarix instituti professori, t.f.d., D.H.Ziyaeva “Markaziy Osiyoda intellektual meros tarixi (XIX-XX asr boshi)” mavzusida 1-2-kurs talabalariga mahorat darsi ham oʼtib berdi.