Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasiga Ramazon hayiti munosabati bilan qutlov!

24.05.2020, 08:29 Yangiliklar 1571

Assalomu alaykum, universitetimizning ahil va inoq jamoasi, muhtaram professor-o‘qituvchilar va ko‘ngilga yaqin qadrdon ilmi toliblar! Sizlarni mehru oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Hammamizni sog‘-omon shunday qutlug‘ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytaman.

Muhtaram ustozlar! Koronavirus pandemiyasi bo‘lishiga qaramasdan, talabalarimiz taqdiriga befarq va bee’tibor bo‘lmasdan ularga masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yib berganingiz uchun Sizlarga tashakkurimni aytaman.

Qadrdon talabalar! Karantin sharoitida uyda qolib bo‘lsa-da, masofaviy ta’lim orqali fanlarni chuqur o‘zlashtiriganligingizni ko‘rsatmoqdasiz! Buning uchun Siz aziz ilmi toliblarga ham rahmatlarimni yo‘llayman!

Xabaringiz bor, 2020 yil 16 aprel’ kuni “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori e’lon qilindi. Qaror asosida Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga “Universitet” maqomi berilib, uning yangi XXI asrdagi taraqqiyot bosqichi belgilab berildi. Yurtboshimiz bu Qaror bilan ilg‘or dunyo talablariga javob bera oladigan yangi avlod sharqshunos-kadrlarni tayyorlash masalasini kun tartibiga qo‘ydilar. Ushbu Qaror dunyo sharqshunoslik markazlari ichida Toshkent sharqshunoslik maktabining o‘rni va nufuzini yangi bosqichga olib chiqishga katta imkoniyat eshiklarini ochadi.

Bundan tashqari, kuni kecha 20 may kuni yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboni majmuasining ziyorati chog‘ida millat adabiyoti tarixida munosib o‘rin tutgan adiblar asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish vazifasini oliy o‘quv yurtlariga topshirish g‘oyasini ilgari surdilar. Bizning qadrdon Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi oldiga mumtoz adabiyotimizning eng ko‘lamdor va sermahsul ijodkori, shoir, tarixchi, tarjimon, davlat arbobi, arab, fors, turkiy tillar bilimdoni Ogahiy hazratlarini hayot va ijod yo‘llarini o‘rganish, u zotning qo‘lyozma asarlarini tadqiq etish hamda o‘lmas g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish vazifasi qo‘yildi.

Qadrli ustozlar va talabalar! Universitet jamoasi bildirilgan ushbu ulkan ishonch va mas’uliyatni chuqur his qilgan holda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib, katta ichki fidoyilik bilan o‘z mehnatlari orqali oqlashlariga ishonaman!

Barcha-barchangizni yana bir bora Ramazon Hayiti bayrami bilan tabriklayman. Sizlarga tani sog‘liq, farovonlik tilayman. Xayrli ishlaringiz ijobatini ko‘rib yurishni, uzoq yillar davomida birgalikda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining nufuzi va mavqeini yuksaltirish yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib ishlani Yaratgandan so‘rab qolaman!

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori
Gulchehra Rixsiyeva