Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU va Kyung Hee universiteti o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

28.10.2026, 15:36 Yangiliklar 50

2026-yil 28-oktabr kuni Kyung Hee universiteti Xalqaro ta’lim instituti direktori-prorektor bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida TDSHU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor D.Sayfullayev universitet faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlik aloqalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik hamkorlik munosabatlari, xususan, oliy ta’lim va ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

TDSHU tomonidan Kyung Hee universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish yuzasidan quyidagi takliflar ilgari surildi:

1. Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum (MoU) imzolash. Memorandumni dastlabki bosqichda onlayn shaklda imzolash imkoniyati taklif etildi.
2. Ikki tomonlama diplom (Double Degree) dasturlarini yo‘lga qo‘yish. Tegishli ta’lim yo‘nalishlarini o‘zaro muvofiqlashtirish asosida qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish taklif qilindi.
3. Professor-o‘qituvchilar tarkibi uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish. Kurslarni qisqa yoki uzoq muddatli shaklda tashkil etish bo‘yicha TDSHU hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
4. Koreyashunoslik yo‘nalishida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etish. Kyung Hee universiteti mazkur tadbirni tashkil etishda hamkor sifatida ishtirok etishga taklif qilindi.
5. Hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish. Memorandum doirasidagi kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish, aniq vazifalar va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash maqsadida qo‘shma yo‘l xaritasini ishlab chiqish taklif etildi.

Kyung Hee universiteti vakillari universitetning xalqaro reytinglardagi o‘rni, ta’lim yo‘nalishlari va talabalar soni bo‘yicha salohiyatini qayd etib, Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, TDSHU bilan ta’lim va ilmiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni TDSHU tomonidan tasdiqlash va imzolash masalasida ijobiy munosabat bildirildi. Shu bilan birga, ikki tomonlama diplom dasturlarini amalga oshirish har bir ta’lim yo‘nalishining xususiyatlaridan kelib chiqib, tegishli o‘rganish va muvofiqlashtirish ishlarini talab etishi ta’kidlandi. Kyung Hee universiteti vakillari mazkur yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar. Shuningdek, universitetning Yaponiya bilan koreyashunoslikka yaqin sohada 3+1 ta’lim dasturi bo‘yicha tajribasi mavjudligi qayd etildi.

Professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish taklifi ham ijobiy qabul qilindi. Gumanitar fanlar, turizm va til ta’limi yo‘nalishlarida xalqaro konferensiyalar o‘tkazish yuzasidan esa tadbirlarning aniq mavzularini belgilash va tegishli mutaxassislar bilan maslahatlashish zarurligi bildirildi. Kyung Hee universiteti vakillari xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish masalasi soha mutaxassislari bilan muhokama qilinganidan so‘ng aniqlashtirilishini ma’lum qildilar.

Tomonlar yangi memorandumni aniq amaliy tadbirlar bilan to‘ldirish muhimligini ta’kidladilar. TDSHU tomonidan taklif etilgan yo‘l xaritasi ushbu maqsadga xizmat qilishi, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va amalga oshiriladigan ishlarni belgilab berishi qayd etildi.

TDSHU tomoni 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiyalar ro‘yxatini Kyung Hee universitetiga yuborish va universitet vakillarini ushbu tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilish niyatini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Kyung Hee universitetida yaratilgan koreys tili bo‘yicha videodarsliklarni TDSHUga taqdim etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mazkur kelishuv ta’lim jarayonida zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish va koreys tilini o‘qitish sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.