Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Malaysia Sabah universiteti turizm sohasida strategik xalqaro hamkorlikning yangi bosqichida

28.07.2026, 17:19 Yangiliklar 67

2026-yil 28-iyul kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Malayziyaning Universiti Malaysia Sabah (UMS) universiteti vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm kafedrasi hamda Universiti Malaysia Sabah universitetining Turizm menejmenti, turizm va mehmondo‘stlik sohasi vakillari ishtirok etib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va turizm yo‘nalishlaridagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Muloqot davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ma’ruzalar, seminarlar, vebinarlar va master-klasslar tashkil etish, shuningdek, turizm va mehmondo‘stlik sohalari bo‘yicha zamonaviy xalqaro tajribalarga asoslangan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida Universiti Malaysia Sabah universitetining turizm va mehmondo‘stlik sohasida katta ilmiy va pedagogik tajribaga ega professor-o‘qituvchilarini Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga mehmon lektor (Visiting Professor) sifatida jalb etish masalasi muhokama qilindi. Ushbu tashabbus doirasida mehmon professorlar tomonidan talabalar uchun ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, ilmiy seminarlar va master-klasslar o‘tkazish, yosh tadqiqotchilarga ilmiy maslahatlar berish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro ilmiy nashrlarda hammualliflik qilish rejalashtirildi.

Tomonlar, shuningdek, bugungi kunda jahon turizm industriyasida ustuvor hisoblangan barqaror turizm, ekoturizm, etnoturizm, gastronomik turizm, raqamli turizm hamda MICE turizmi kabi yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, xalqaro ilmiy jurnallarda hammualliflikda maqolalar chop etish, xalqaro konferensiyalar, vebinarlar va davra suhbatlarini tashkil etish bo‘yicha aniq hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Shu bilan birga, talabalarning xalqaro kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida Malayziyaning yetakchi turizm va mehmondo‘stlik korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, «2+2», «3+1» va ikki diplomli (Double Degree) ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekiston va Malayziyaning boy turistik salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi. Tomonlar mazkur hamkorlik ikki universitetning ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar salohiyati hamda xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Uchrashuv yakunida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Universiti Malaysia Sabah rahbariyati vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, akademik mobillik dasturlarini kengaytirish hamda turizm sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.