Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Markaziy Osiyoda davlatchilik va suverenitet tarixiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy workshop bo’lib o’tmoqda

03.08.2026, 12:02 Yangiliklar 42

2026-yil 3-avgust kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida «Muqaddas xondan so‘fiy sultongacha: Mo‘g‘ullardan keyingi Markaziy Osiyoda suverenitet» (From the Sacred Khan to Sufi Sultan: Sovereignty in Post-Mongol Central Asia) mavzusidagi xalqaro ilmiy amaliy seminar (workshop)ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro ilmiy workshop Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Prinston universiteti (AQSh) va Ostindagi Texas universiteti (AQSh) bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy hamkorligi doirasida tashkil etildi. Workshopda AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston va O‘zbekistonning nufuzli universitetlari hamda ilmiy markazlaridan tarixchilar, sharqshunoslar, qo‘lyozmashunoslar, dinshunoslar va siyosiy tafakkur tarixini tadqiq etayotgan olimlar ishtirok etmoqda.

Anjuman Markaziy Osiyo tarixshunosligida so‘nggi yillarda tobora dolzarblik kasb etayotgan masalalardan biri – mo‘g‘ullar istilosidan keyingi davrda siyosiy hokimiyat, suverenitet va legitimlikning shakllanish hamda transformatsiyasi muammolarini muhokama qilishga bag‘ishlangan. Workshop doirasida ushbu jarayonlar faqat siyosiy tarix nuqtayi nazaridan emas, balki diniy tafakkur, tasavvuf, qo‘lyozma merosi, tarixiy geografiya, me’morchilik, epigrafika va siyosiy madaniyat bilan o‘zaro bog‘liq holda tahlil qilinishi ko‘zda tutilgan. Bunday yondashuv bugungi tarixshunoslikda tobora keng qo‘llanilayotgan fanlararo metodologiyaning amaliy ifodasidir.

Workshopning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Shavkatovna Rixsiyeva Markaziy Osiyo qadimdan turli siyosiy, diniy va madaniy an’analar tutashgan makon bo‘lib kelganini ta’kidladi. Shu bois mintaqada shakllangan davlatchilik an’analari va hokimiyat legitimligi masalalarini faqat sulolalar yoki harbiy-siyosiy voqealar orqali emas, balki yozma manbalar, me’moriy meros, diniy tafakkur va intellektual jarayonlar bilan bog‘liq holda o‘rganish zarurligi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi tarixshunoslikda suverenitet tushunchasi tobora murakkab tarixiy hodisa sifatida talqin qilinmoqda. U siyosiy hokimiyatni tashkil etgan institutlargina emas, balki diniy legitimlik, genealogik an’analar, tasavvuf institutlari, huquqiy qarashlar va tarixiy xotira bilan uzviy bog‘liq holda shakllangan. Aynan shu jihatlar workshopning asosiy ilmiy yo‘nalishlarini belgilab bermoqda.

Ikki kunlik ilmiy dastur Markaziy Osiyo va keng Yevrosiyo hududida siyosiy tafakkurning evolyutsiyasiga bag‘ishlangan ma’ruzalarni qamrab oladi. Xususan, islom siyosiy ilohiyoti, Chingiziylar davlatchilik konsepsiyasi, fors siyosiy madaniyati, tasavvuf va hokimiyat munosabatlari, qo‘lyozmalar va diplomatik hujjatlar, tarixiy geografiya hamda hukmdorlikning nazariy asoslariga oid yangi tadqiqotlar muhokama qilinadi.

Workshopda Prinston universiteti (AQSh), Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya), Garvard universiteti (AQSh), Oksford universiteti (Buyuk Britaniya), Avstraliya Milliy universiteti (Avstraliya), Fudan universiteti (Xitoy), ShanxayTex universiteti (Xitoy), Lanchjou universiteti (Xitoy), Javoharlal Neru universiteti (Hindiston) va Nazarboyev universiteti (Qozog‘iston) hamda O‘zbekistonning yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari o‘z ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etmoqda. Mazkur xalqaro ilmiy muloqot turli akademik maktablar va metodologik yondashuvlarni bir maydonda jamlagani bilan ham ahamiyatlidir.

Workshop davomida siyosiy legitimlik nazariyalari, hukmdorlik ramzlari, diniy va dunyoviy hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlar, mo‘g‘ullar davri va undan keyingi siyosiy transformatsiyalar, shuningdek, yozma manbalar asosida davlat boshqaruvi tarixini qayta talqin qilish masalalari yuzasidan ilmiy munozaralar olib boriladi. Bu esa Markaziy Osiyo tarixini zamonaviy tarixshunoslikning yangi konseptual yondashuvlari asosida qayta ko‘rib chiqish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Workshop yakunlari xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish hamda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon ilmiy muomalasiga faolroq integratsiya etishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu jihatdan mazkur anjuman nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki Markaziy Osiyo davlatchiligi va siyosiy tafakkuri tarixini o‘rganishda yangi istiqbollarni belgilovchi muhim akademik platforma sifatida baholanmoqda.