Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Turfa madaniyatlar, millat, tillarni qiyosiy-tipologik tadqiqotlar orqali anglash

06.11.2020, 20:49 Yangiliklar 1798

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-fevraldagi 56-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan rejaga muvofiq 2020-yil
6- noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Turfa madaniyatlar, millat, tillarni qiyosiy-tipologik tadqiqotlar orqali anglash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, turfa madaniyatlar, mentalitetlar va tillarning o‘rganilishi hamda o‘zaro anglash, filologiya, qiyosiy-tipologik tadqiqotlar, tarjimashunoslik masalalari borasidagi ilmiy izlanishlar natijalari bilan tanishishga qaratilgan.

Zoom platformasida Yaponiyaning Sukuba universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan onlayn tashkil etilgan ushbu konferensiyada respublikamizning sharqshunos olimlari bilan bir qatorda Yaponiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkiya, Eron universitetlari vakillari ham ishtirok etdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Sh.Begimkulov hozirgi koronovirus pandemiyasi sharoitidagi murakkabliklarga qaramasdan, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu xalqaro ilmiy anjuman har qanday holatda ham ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish va olimlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish uchun imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda keng miqyosda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasida katta o‘zgarishlarga olib kelganini, jumladan, inson kapitalini investitsyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Sh.Rixsiyeva ilmiy tadbir ishtirokchilarini samimiy qutlar ekan, anjuman ko‘plab olimlarini bir joyda jamlab, turfa madaniyatlar, mentalitetlar va tillarning o‘rganilishi, filologiya, qiyosiy-tipologik tadqiqotlar, tarjimashunoslik, siyosat, falsafa, tarix, madaniyat borasidagi ilmiy ma’ruzalar orqali atroflicha fikr almashish imkonini yaratganligini zikr etdi. Uning fikricha, anjumanda Yaponiya, Turkiya, Misr, Xitoy, Koreya, Eron universitetlari vakillari o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etgani Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining ilmiy tadqiqotlar sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari ko‘lami tobora kengayib borayotganligidan dalolat beradi.

Konferensiya ishtirokchilarining chet ellik talabalarga o‘zbek tilini o‘qitishdagi tipologik yondashuvlar, Yaponiya ijtimoiy hayotidagi multikulturalizm, sharq davlatlari tillaridagi lingvokulturologik va lingvopoetik mushtarakliklar, Markaziy Osiyo hududidagi madaniy rivojlanish borasidagi, jumladan, Yaponiyaning Ayichi universiteti rektori Kufukixara Reyning “Qadimiy Yaponiyadagi plyuralizm: afsonalar va monogatarilar”, Sukuba universiteti professori Ono Masakining “Pragmatikada til va fiziologiya munosabati” mavzularidagi ma’ruzalari ishtirokchilarning alohida e’tiborini o‘ziga jalb etdi.