Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Universitetda yangi «Kommunikatsiyalar va til markazi» ochildi

20.10.2026, 18:21 Yangiliklar 26

2026-yil 20-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Koreya Respublikasining Gyeongkuk milliy universiteti (sobiq Andong milliy universiteti) bilan hamkorlikda Koreya gumanitar va til markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur markaz O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, koreys tili va madaniyatini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ochilish marosimida Gyeongkuk milliy universiteti vitse-prezidenti Lee Hyuk Jae, Glocal University Initiative direktori Lim Jae Hwan, K-Humanities Division rahbari Tae Ji Ho hamda K-Humanities Center rahbari Sung Jong Hyun boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor S.A.Nasirova, universitetimiz prorektor va ilmiy markaz rahbarlari qatnashdi.

Marosim doirasida ramziy lenta kesilib, markaz faoliyatiga rasman start berildi. Shundan so‘ng tomonlar vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekistondagi qator maktablar va xalqaro ta’lim muassasalari vakillari ham ishtirok etdi. Bu esa markaz faoliyatining nafaqat oliy ta’lim, balki maktab ta’limi doirasida ham xalqaro aloqalarni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘lishiga zamin yaratadi.

Koreya gumanitar va til markazi koreys tilini o‘rganish, til bilimlarini baholash, Koreya madaniyati va gumanitar merosini targ‘ib etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Markazning tashkil etilishi TDSHU talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun yangi akademik imkoniyatlar yaratish, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish hamda koreyashunoslik yo‘nalishidagi ilmiy va ta’limiy tashabbuslarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Koreya gumanitar va til markazining ochilishi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Gyeongkuk milliy universiteti o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni ta’lim va madaniyat orqali yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.