Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“SINOVLI KUNLAR HAM ORTDA QOLAJAK…”

06.07.2022, 16:02 Yangiliklar 1547

Biz davlatning bosh maqsadi inson huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘lgan mamlakatda yashayapmiz. Huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat qurish yo‘lidan borayapmiz.
Mana shu murakkab yo‘lga otlangan vaqtimizda O‘zbekiston Respublikasining ajralmas bir qismi bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Avtonom Respublikasida bir necha kun avval bo‘lib o‘tgan mudhish voqealar qo‘plab vatandoshlarim kabi meni ham chuqur qayg‘uga soldi.
To‘g‘ri, biz jahonda nihoyatda murakkab geosiyosiy vaziyat hukm surayotgan bir vaqtda yashayapmiz. Turli xil kuchlarning g‘arazli niyatlari borgan sayin kunday ayon bo‘lib borayotgan bir zamonda Mustaqil O‘zbekiston hech kimning ichki ishlariga aralashib, o‘z manfaatlarini ko‘zlab ish qilayotgani yo‘qku! Nima uchun bizning ichki ishlarimizga aralashish istagida bo‘lgan kuchlar borgan sayin ko‘payib borayotganining sababini bilolmay qoldim.
Nukusda bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar zamirida “Rangli inqiloblar” stsenariysi yotgani odamni xayron qoldiradi. Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatdiki, o‘sha mash’um voqealar arafasida Nukus shahrida xorijiy fuqarolarning sezilarli darajada ko‘paygan. Ularning asl maqsadi ommaviy tartibsizliklar ishtirokchilarini moddiy jihatdan ta’minlash, ularni boshqarish va xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiborini “inson huquqlari” masalasiga qaratishdan iborat bo‘ldi.
Shu bilan birga, Internet makonida joylashgan turli xil ijtimoiy sahifalarda Qoraqalpog‘istondagi vaziyat, xalqning turmush darajasi, odamlarning kayfiyati haqida vahimali xabarlar tarqaldi. Bu esa, o‘z navbatida, keng jamoatchilik fikrini shakllantirishga qaratilgan edi. Natijada, bir qator xalqaro tashkilotlar bir vaqtning o‘zida turli xil “murojaatlar” bilan chiqishi ham “rangli inqiloblar” stsenariysidan foydalanganilganining bir belgisi bo‘ldi. Maqsad tushunarli – shu orqali O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish.
Tarixdan bizga yaxshi ma’lumki, har qanday ko‘rinishga ega bo‘lgan nifoq hech vaqt yaxshilikka olib kelgan emas. Xalqimiz aytganidek, “Bir kun gap qochgan yerdan yuz kun baraka ketadi”. Haq gap. Qoraqalpoq va o‘zbek xalqlari tarixan chambarchas bog‘liqligi hech kimga sir emas. Asrlar davomida biri biriga qiz berib, qiz olgan qudag‘ay xalqlar aslo ayri va nifoqda yashashi mumkin emasligi kundek ravshanku.
Mana shunday murakkab vaziyatda Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Miziyoyevning oqilona harakatlarini alohida ta’kidlash lozim. U kishining Nukus shahriga uchib kelib, Bosh Qomusimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgan loyihada Qoraqalpog‘iston Respublikasi suvereniteti bilan bog‘liq bo‘lgan moddalarni o‘zgarishsiz qoldirilishi haqidagi bayonotlari ko‘plab xorijiy mamlakatlar rahbarlari tomonidan ijobiy baholandi va qo‘llab-quvvatlandi. Bu bilan siyosat va diplomatiyaning insoniylik qiyofasi ko‘rsatilganini alohida e’tirof etish lozim.
Fursatdan foydalanib, men barcha vatandoshlarni geosiyosiy jarayonlarning provokatsion to‘lqinlaridan ogoh bo‘lishga, ularning nishoniga aylanib qolmaslikka chaqiraman va bu sinovli kunlardan hammamiz yorug‘ yuz bilan chiqishimizni so‘rab qolaman.

Rustam Sharipov
Adabiyotshunos va huquqshunos
olim, filologiya fanlari nomzodi,
TDSHU dotsenti