AQL-IDROK BILAN ISH YURITAYLIK
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, ulug‘ inson Ibroyim Yusupov va boshqa ko‘pgina qoraqalpoq ijodkorlari bilan qadrdon bo‘lganligimdan juda faxrlanaman.
Xali sobiq sho‘ro mafkurasining kuchli iskanjasida yurgan zamonlarda biz ustoz shoir bilan goh Nukusda, Aqchako‘l bo‘ylarida goh Toshkentda, Do‘rmon bog‘larida ko‘p marta uchrashardik, adabiyotimiz, xalqimiz, kelajagi xaqida yorug‘ hayollarga berilardik.
Suhbatlarimizda O‘zbekiston Qahramoni O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ham ishtirok etardi.
Shoirlarning, ijod ahlining o‘z Vatani, adabiyoti, xalqi va uning kelajagi borasida ko‘p yorug‘ orzulari bo‘ladi. Bizlar suhbatlarimizda hali kelajakda O‘zbekiston albatta mustaqillikka erishadi va o‘zining baxtini topadi deb ishonardik.
Men Ibroyim og‘aning Zulfiya opa, Shuhrat aka, Asqad aka bilan Ayniqsa Mirtemir domla bilan qadrdon ekanligini yaxshi bilardim.
Ibroyim Yusupov haqiqiy do‘stlikining kuychisi, o‘z yurtini, o‘z xalqini o‘zbek xaqidan ayro ko‘rmaydigan, O‘zbekistonni ona Vatan deb bilgan, og‘ir-engil kunlarda ham birga bo‘lishni orzu qilgan buyuk ijodkor edi.
Men shaxsan uning taklifi va yordami bilan “Shahriyor” va “Masposhsho” qoraqalpoq eposlarini o‘zbek tiliga o‘girdim. Va ular xalqimiz orasida mashhur bo‘lib ketdi. Men Berdaq mukofoti bilan ham taqdirlandim.
Ibroyim og‘aning xalqlarimiz do‘stligi, uning kelajagi haqidagi orzulari, tilaklari hali-hamon esimda. U bir she’rini “Ko‘ngil – ko‘ngildan suv ichar” deb nomlagan edi. Ibroyim Yusupov nafaqat u, balki To‘lapbergen Qayipbergenov, Kenesboy Karimov, Muratboy Nizanov, Abulqosim O‘tepbergenov, O‘razboy Abdurahmonov, Baxtiyor Genjamurod va boshqa qoraqalpoq yozuvchi va shoirlarining asarlari o‘zbek adabyoti xazinasiga qo‘shilgani va uni boyitgani butun olamga ma’lumdir.
Kutilmaganda, Nukusda bo‘lgan nohush voqealar meni hayratga soldi, dastavval ishonmadim. O‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining azaliy do‘stligiga, qadr-qimmatiga shubha bilan qaraguvchilar kimlar ekan, degan savol tug‘ildi. To‘g‘ri, odamlar bir xil emas, hammaning niyati xam to‘g‘ri emas. Endi uzr so‘rayman, buzg‘unchi kishilar ham bo‘ladi. Ular vaziyatning nozikligidan foydalanib, odamlarning ko‘ngliga g‘uluv solish, ular to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatish, yo‘ldan chalg‘itish singari nojo‘ya ishlar bilan shug‘ullanadilar. Biz bunday nizo solguvchi odamlarga aslo ishonmasligimiz kerak.
Qoraqalpog‘iston hamisha davlatimiz rahbari e’tiborida. Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Orol dengizi masalasi va boshqa ekologik muammolar, Qoraqalpog‘iston qishloqlaridagi hayot tarzini yanada yaxshilash haqidagi g‘amxo‘rliklarini el-xalq ko‘rib turibdi, bundan dunyo ham boxabar. Biz buning qadriga yetishimiz kerak, albatta.
Bir necha kun avval Toshkentda Qoraqalpog‘iston adabiyoti kunlari bo‘lib o‘tdi. Men bu bayramda ishtirok etdim, chunki qoraalpoqlar menga juda yaqin. Ularning ichida do‘stlarim ko‘p. Ularni men hamisha qadrlayman. Ularni hisobini sanasam, ancha sahifani to‘ldiradi.
Men qoraqalpoq do‘stlarimga jonajon va mehnatkash qoraqalpoq xalqiga murojaat qilmoqchiman:
Do‘stlar, ayrim g‘arazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarimizga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘rovonlik qilib, jonajon Vatanimizda vaziyatni beqoror qilishga urinayotgan hozirgi murakkab pallada aql-idrok bilan ish yuritaylik. Keyingi pushaymon – o‘zinga dushman, deganlar. Men qoraqalpoq xalqiga huddi o‘zbek xalqiga ishonganimday qattiq ishonaman. Oldimizda bizlarni nurafshon kunlar kutib turibdi, aziz do‘stlar!
Hozirgi tarixiy o‘zgarish pallasida yurtimizda bunday noxush voqealarning yuz berishi albatta bizlarga yarashmaydi.
Muhammad Ali,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi,
Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat mukofoti sohibi