CHINAKAM XUSHXABAR!
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti sharq mamlakatlarning tillari, tarixi, madaniyati, iqtisodiyoti, siyosati va tarjimashunoslik sohalarida malakali kadrlarni tayyorlab kelayotgan, mamlakatimizning nufuzli ta’lim dargohlaridan biri hisoblanadi. Institutda olib borilayotgan o‘quv jarayonlari va ilmiy-tadqiqot ishlarini yuqori saviyada olib borish uchun barcha sharoitlar mavjud. Oliygohda malakali pedagoglar sharq tillarini o‘rganishga doir bilimlarini talabalarga berib kelmoqdalar. Oliygohning xalqaro tashkilotlar va xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi va ular bilan amalga oshirilayotgan loyihalarining ko‘lami yildan-yilga ortib bormoqda.
Yurtboshimiz tomonidan 2020 yil 16 aprel’ kuni imzolangan “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 4680- son Qarori barcha uchun chinakkam xushxabar bo‘ldi. Ushbu qaror bilan sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etilishi, biz ilmi toliblarning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib yubordi.
Sharqshunoslik sohasida jahon standartlariga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim jarayonining tubdan takomillashtirish, talabalarni sharqona qadriyatlar asosida tarbiyalash masalasi qarorning bosh maqsadi hisoblanadi. Bundan tashqari, qaror xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda mamlakatimiz uchun istiqbolli bo‘lgan yangi yo‘nalishlar va mutaxasisliklar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirish masalalarini xam ko‘zda tutadi. Bu esa kelgusida talaba-yoshlarning yaxshi mutaxassis bo‘lishi uchun dasturil-amal bo‘la oladi.
Bundan keyin universitetni o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotganini hisobga olib pedagoglar o‘quv yuklamalarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqish, ilmiy loyihalarga iqtidorli talabalar, magistrantlar va doktorantlarni jalb etish, ta’lim mazmunini kreativ materiallar bilan boyitish, innovasion g‘oya va ishlanmalar bilan rivojlantirishga xizmat qiluvchi ta’lim texnologiyalarni joriy etish universitetning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini ta’minlaydi.
Davlatimizning sharqshunoslik sohasiga qaratayotgan bunday e’tibori, albatta, kelgusida sharqshunoslikni rivojlantirish va sharq madaniy merosining asrab-avaylashga xizmat qilibgina qolmay, pedagog va talaba-yoshlarning Vatanga muhabbat, Vatan taqdiriga daxldorlik hissini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.
Zuxra Yo‘lchieva, Koreyashunoslik fakul’teti
1-bosqich talabasi,
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori
Oliy o‘quv yurtimizga “Universitet” maqomini berilishi yolg‘iz ustozlarni emas, ilmi toliblarning ham ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib yubordi.
Hozirgina Koreyashunoslik fakul’teti, 1-bosqich talabasi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Zuxra Yo‘lchievadan ko‘ngil so‘zlari bitilgan maqolani oldik. Shuni Siz azizlarga ham ilindik.