TDSHUda “Barqaror taraqqiyotda ayollar: ilm-fan va sifatli ta’lim” mavzusidagi xalqaro konferensiya
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2013 yil 20-dekabrdagi “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to‘g‘risidagi rezolyusiyasida ushbu sohada gender tenglikni ta’minlash kafolati sifatida istalgan yoshdagi ayollar va qizlarning fan, texnika va innovatsiyalar yutuqlari rivojidan teng va to‘laqonli foydalanish imkoniyati e’tirof etilgan.
2015 yil 22-dekabrdagi BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida 11 fevralni Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni sifatida e’lon qiluvchi rezolyusiya qabul qilingan. Rezolyusiyaning asosiy maqsadi ayollar va qizlarning ilmiy faoliyatga jalb etish jarayonida sifat o‘zgarishlariga erishish hisoblanadi. Ushbu xalqaro kunga bag‘ishlab ikki yildan beri 11 fevralda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida anjuman o‘tkazilmoqda.
Bu yilgi III xalqaro ilmiy konferensiya mavzusi “Barqaror taraqqiyotda ayollar: ilm-fan va sifatli ta’lim” bo‘lib, unda mamlakatimiz yoshlari, jumladan, qizlar uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va tavsiyalar berish bilan bir qatorda xorijiy tajribani o‘rganish ham nazarda tutilgan. Anjuman Respublika va xorijdagi olima ayollarning ta’lim va ilm-fan sohalaridagi tajriba va yutuqlari bilan tanishish, ilmiy an’analari borasida fikr almashish, ayollar va yosh qizlarning salohiyatini ilmiy-innovasion faoliyatga keng jalb qilish va rag‘batlantirishni maqsad qilib belgilagan.
Tadbirni universitet rektori G.Rixsiyeva kirish so‘zi bilan ochib, tabrik uchun so‘zni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Xotin-qizlar va gender tengligi” qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonovaga berdi.
Shuningdek, anjumanning ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” instituti direktori o‘rinbosari, Respublika “Oqila ayollar” harakati yetakchisi Oynisa Musurmonovalar so‘zga chiqib, konferensiya ishtirokchilarini qutladilar. Ochilish marosimi Yalpi majlisga ulanib, tushdan anjuman o‘z ishini sho‘balarda davom ettirdi.
Konferensiyaga 300ga yaqin maqolalar kelib tushgan bo‘lib, anjuman materiallari to‘plam sifatida nashr ettirildi. Har bir maqolaga DOI raqam berilib, maqolalar Google Scholar, Cyberleninka, archive.org kabi bazalarda indekslandi.
Anjumanda, shuningdek, Yaponiya, Koreya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Eron, Misr, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya kabi TDSHUning xorijiy hamkor OTM va ilmiy tadqiqot instiutlari vakillari ham o‘z ma’ruzalara bilan ishtirok etdilar.
Anjuman so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Shuningdek, Malika Qodirxonova ishtirokchilarni qutlab, mazkur anjumanning bugungi barqaror taraqqiyot jarayonidagi dolzarbligini ta’kidlab o‘tdi hamda konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.