Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Kasbiy qayta tayyorlash kursini bitirgan pedagog xodimlarga diplom topshirildi

30.01.2024, 16:29 Yangiliklar 814

2024-yil 30-yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Kasbiy qayta tayyorlash kursini bitirgan pedagog xodimlarga Koreys tili fanini o‘qitish huquqini beruvchi diplomlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi”.

IMG_0629

Pedagoglarga diplomlarni universitet rektori G.Sh. Rixsiyeva, Koreya elchixonasi huzuridagi Koreya ta’lim markazi direktori Pang Dju Man janoblari topshirdilar. Tadbirda Koreyashunoslik fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari faol ishtirok etdilar.

IMG_0649

Joriy o‘quv yilida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil 16-apreldagi PQ-4680-son qarori, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-fevraldagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 25-son va 2022-yil 17-yanvardagi “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 25-son qarorlari, Koreya Respublikasi elchixonasi huzuridagi Koreya ta’lim markazi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida 2023-yil 3-iyulda imzolangan shartnomada  hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektorining 2023-yil 3-iyuldagi 146-UM-son buyrug‘ida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi pedagoglarni Koreys tilidan dars berishga qayta tayyorlash kursi tashkil etildi va respublikamizning turli viloyat va shaharlaridan 59 nafar pedogog jalb etildi.

IMG_0700

Tinglovchilarga qulaylik yaratish maqsadida qayta tayyorlash kursi 2023-yil 5-iyulidan 2024-yil 15-yanvarigacha olti oy davomida gibrid, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda masofaviy o‘qitish ta’lim usullari orqali o‘tkazildi va tinglovchilar 972 soatlik hajmdagi mutaxassislik fanlarini to‘liq o‘zlashtirdilar. Tinglovchilarning bunday muvaffaqiyatiga mutaxassislik fanlaridan dars bergan universitet professorlari f.f.d. Sh.R. Usmanova, U.T. Saydazimova, O‘zbekiston Respublikasi A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti xodimi N. Mamanazarova, xorijlik mutaxassis PhD Jo Min Yong, Koreys filologiyasi kafedrasi dotsenti v.b., PhD D.R. Ashirbayeva, Koreya Respublikasining Kemyung universitetida ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullangan PhD D.K. Abbasova, koreys tili bo‘yicha S1 darajaga ega mutaxassislar G.A. Yusupova, D.B. Murodova, L.D.Say, A.T. Hidoyatova, N.M. Mirxamidovalar o‘zlarining ma’ruza va amaliy darslari bilan katta hissa qo‘shdilar.

IMG_0663

Qayta tayyorlash kursida tinglovchilar amaliy mashg‘ulotlarda koreys tilini o‘rganish bilan birga “Umumiy tilshunoslik”, “Koreya tarixi”, “Koreys adabiyoti tarixi”, “Koreys tilini o‘qitish metodikasi”, “Boshlang‘ich sinflarda koreys tilini o‘qitish metodikasi” “Koreys tilini o‘qitish va loyihalashtirish”, ”Koreys tilini o‘qitishda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish” kabi fanlarni o‘zlashtirdilar. Koreys tili darslarini loyihalashtirish, me’yoriy xuquqiy hujjatlarni tayyorlash va pedagogik mahorat bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalar hosil qildilar. Ayniqsa, “Xalqaro baholash dasturlarida o‘qish savodxonligi” fani doirasida PIRLS xalqaro tadqiqot dasturi, tizimdagi muammolar, ta’lim va fan integratsiyasi, yangi ma’lumotni egallashga yo‘naltirilgan o‘qish usullari kabi yangi ma’lumotlarni kasb etdilar.

IMG_0708

O‘quv mashg‘ulotlarida Koreya elchixonasi huzuridagi Koreya ta’lim markazi direktori Pang Dju Man “Maktabgacha va maktablarda koreys tilini o‘qitishning yangi metodlari”,  Respublika ta’lim markazi Filologiya bo‘limi boshlig‘i V.U. Tursunaliyeva “PIRLS xalqaro tadqiqoti”,  Respublika ta’lim markazi xodimi Sh. Sattarov “XX asr va XXI asr ta’limi farqlari” mavzularda maxsus ma’ruzalarni tinglovchilarga taqdim etishdi.

IMG_0761

Tinglovchilarning kurs yakunida o‘quv rejasida ko‘zda tutilgan bitiruv ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Bu bitiruv ishlarini bajarishda tinglovchilarga universitet Axborot resurs markazi resurslaridan foydalanish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi hamda ularga Koreys filologiyasi kafedrasi ustozlari rahbarlik qilib, zarur maslahatlar, ko‘rsatmalar va uslubiy yordamlar berib bordilar.

IMG_0731

2024-yil yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining har bir tuman/shahrida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish boshlandi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida g‘arb tillari bilan birga sharq tillari, xususan, koreys tilini  ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur Qayta tayyorlash kursini tugatgan pedagoglar ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi 52ta maktabda ikkinchi xorijiy til – koreys tilini o‘qitishga tayyor bo‘ldilar.

IMG_0777

Bu loyiha davom etadi va yaqin kelajakda Koreys tilidan dars berishga qayta tayyorlash kursining navbatdagi tinglovchilari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ta’lim oladilar.

IMG_0805

 

IMG_0829